Surxondaryo viloyati Termiz tumani Do'stlik mahallasidagi xonadonlardan biridan Qoraxoniylar va Saljuqiylar davriga oid kulolchilik buyumlari parchalari va oltin dinor topildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Turizm va madaniy meros vazirligi ma'lumotiga ko'ra, xonadon egasi Ulkan Eraliyev Termiz arxeologiya muzeyiga ushbu topilma haqida xabar bergan. Muzey va viloyat madaniy meros boshqarmasi xodimlaridan iborat guruh topilma aniqlangan joyga borib, qazilma maydonida dastlabki ish jarayonini olib bordi. Unga ko'ra, ushbu qimmatbaho ashyolar Qoraxoniylar va Saljuqiylar davriga oid ekanligi aniqlandi.
Ulkan Eraliyev qimmatbaho topilmani belgilangan tartibda Termiz arxeologiya muzeyiga topshirdi, shundan so'ng unga amaldagi qoidalarda belgilangan haq to'lab berildi.
Muzey direktori boshchiligidagi muzey mutaxassislari va numizmatlari tomonidan qimmatbaho topilma dastlabki ekspertizadan o'tkazildi.
– Oltin dinorning old tomonida muzey numizmati doktoranti Mansur Normo'minov «Alloh» va «Muhammad» so'zlarini, shuningdek, arab alifbosining ayrim harflarini o'qishga muvaffaq bo'ldi. Tanganing orqa tomonidagi matn deyarli o'chib ketgan. Shikastlangan, lekin yaxshi saqlanib qolgan tanga – oltin dinorning og'irligi 1,92 grammni tashkil qilgan. Ma'lumki, musulmon mamlakatlarida tilla tangalar «dinor», kumush tangalar «dirham» deb atalar edi, – deydi Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Tursunali Qo'ziyev.
Ma'lumot uchun, bu yil Termiz arxeologiya muzeyi ochilganiga 20 yil to'ladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbuslari bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati va qoziyotga qarashli barcha masjid imom-xatiblari tomonidan nuroniy keksalar, mehnat faxriylari hamda yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olindi. Tadbir doirasida muhtoj oilalarning turmushini yengillashtirish maqsadida bir oilaga zamonaviy quyosh paneli o‘rnatib berilib, qo‘shimcha bayram sovg‘alari topshirildi. Bunday xayriya tashabbuslari jamiyatda o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti