Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Noyabr, 2026   |   15 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:59
Quyosh
07:18
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:17
Bismillah
25 Noyabr, 2026, 15 Jumadul soni, 1448

Qiz uzatishga shoshilmang!

19.12.2023   1969   4 min.
Qiz uzatishga shoshilmang!

#Maqola

Hazrat Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi
va sallam aytganlar: “Ey Ali, uch narsani kechiktirma: (vaqti) kelganida namozni (ado etishni), hozir bo'lganida janozani (dafn etishni) va tengini topganingda ersiz ayol-qizni (turmushga berishni)” (Imom Termiziy, Imom Ahmad va Imom Hokim rivoyati).

Hikmatda shoshilish shaytondandir, lekin mehmon kelsa, dasturxon yozib, taom berish, mayyitni tezroq kafanlab ko'mish, balog'atga
etgan qizni uzatish, bo'ynidagi qarzni uzish, gunoh qilib qo'ysa, tavba qilishda unday emas, deyiladi.

Ushbu hadisu hikmatda qiz-ayollarga munosib joydan kuyov chiqsa, tezroq uzatishga targ'ib bor. Lekin kuyov odobli, yaqinlari salohiyatli bo'lmasa, aslo shoshilish kerak emas.
Albatta, ne-ne orzu-umidlar bilan go'zal tarbiya berib o'stirgan qizingiz yaxshi joyga tushsa-ku, joningiz orom topadi. Ammo nobop xonadonga tushib qolgudek bo'lsa, Alloh asrasin, halovatdan ayrilasiz.

Binobarin, oilaviy mojarolarda ko'proq qaynonalarning zug'umi asosiy sabab bo'lyapti. Chunki ular kelinni o'z qizidek qabul qilmayapti. Ular kelinni boshidan egib olish kerak, deb noto'g'ri o'ylayapti va buning oqibatida aksariyat qaynonalar yosh kelinchakka qulday munosabatda bo'lmoqdalar.

Abu Zar roziyallohu anhu Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: “Birodaring yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqadir”(Imom Termiziy rivoyati). Ushbu hadisga amal qilgan holda, Allohga shukr qilib, o'g'lim borki, xonadonimga kelin keldi, deb unga ochiq yuzli, mehr-muhabbatli bo'ling. Qancha mehr bersangiz, qalbingiz shuncha nurga to'ladi. Ota-onasi ardog'ida voyaga etgan zaifa butunlay boshqa oilaga, o'zgacha muhitga tushib qolsa, uning ruhiyatida nimalar yuz berishini tasavvur qilish qiyin ish.

Ibratli oilada tarbiya topib, nobop oilaga kelin bo'lib qolgan qizning so'zlariga quloq soling:

“Mening qizlik uyimdagilar kattayu kichikni izzat-hurmat qilib, sizlab gapiradi. Kelin bo'lgan xonadonimda esa muhit boshqacha ekan. Ertalab nonushtami yo kechki ovqatmi, qachon yig'ilib o'tirsak, gaplari faqat g'iybat bo'ladi, hammaning ustidan kulib o'tirishadi, har bir odamga laqab qo'yib olishgan. Mening laqabim “Nozanin” emish. O'tirsam – o'poq, tursam – so'poqman. Bu orada ikkita bolali bo'ldim. Bunday muhit farzandlarim tarbiyasiga salbiy ta'sir ko'rsatishidan xavotirdaman”.

Kelinning xavotiri chindan ham o'rinli. Ayrim oilalarda tarbiyaning sustligi achinarli hol, albatta. Qaynona-qaynota yoshlarga pand-nasihat qilish o'rniga birovlarning aybini topib o'tirishi yaxshi emas. Ikki farzandning onasi bo'lgan bu kelinimiz sabr bilan bolalarini to'g'ri tarbiyalashga jiddu jahd qilaveradi, albatta. Alloh xohlasa, ajrini qo'lga kiritib, kelajakda mehnatlarining mevasini ko'rajak.

Hulosa shuki, biz kattalar qizlarimizni turmushga berishdan avval kuyov tarafni yaxshilab so'rab-surishtiraylik, aslo shoshilmaylik. Axir, ota-bobolarimiz kuyov yo kelin
tanlashda etti pushtini obdon surishtirib, so'ng qudalik rishtasini bog'lashgan. Zero, avlodning kim bo'lishida ajdodlarning ahamiyati kattadir. Shuni unutmaylik, azizlar!

Hosiyat HUDOYBYeRDIYeVA,
Kosonsoy tumani “Rovot” mahallasi otinoyisi

"Mo'minalar", 4-son, 2013 yil

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qardosh muftiylar hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildilar

25.11.2026   3554   1 min.
Qardosh muftiylar hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qildilar

Turkiya safar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, professor, doktor Safiy Arpagush o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot avvalida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mezbonni Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishi yuksak saviyada va muvaffaqiyatli o‘tgani bilan muborakbod etdilar.

Muftiy hazratlari ikki qardosh mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro hamkorlik munosabatlari tobora kengayib, ayniqsa, ulamolar o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shuningdek, mazkur nufuzli anjuman musulmon ummati oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lgani, unda qabul qilingan bayonot va tavsiyalar barcha musulmon xalqlari uchun manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, professor, doktor Safiy Arpagush O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun katta minnatdorlik izhor etdi.

Ushbu maslahat yig‘ilishi ummat birligini mustahkamlash va zamonaviy muammolarga jamoaviy ijtihod asosida mo‘tadil yechim topishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlar ekan, hamkorlikda fatvolar ishlab chiqishni rivojlantirish, ularda ijtimoiy voqelikni hisobga olish, axborot asridagi fatvo tarqoqligining oldini olish maqsadida raqamli maydonda rasmiy fatvolarni keng yoyish hamda sun’iy intellektdan faqat tadqiqot vositasi sifatida foydalanib, uni fatvo berish manbaiga aylantirmaslik zarurligini alohida bayon etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari