O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov shu yilning 11 dekabr kuni Doha shahrida O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
“Bugun Dohada Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi va Qatarda Oʻzbekiston bayrogʻi hilpira boshladi”, - deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining Telegram-kanalida. – Ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan yuksak dinamika tufayli O‘zbekiston-Qatar munosabatlari misli ko‘rilmagan darajada rivojlanmoqda.
Shu yil may oyida Toshkentda Qatarning diplomatik vakolatxonasi ochildi. Shubhasiz, bu elchixonalar munosabatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi”.
Eslatib o‘tamiz, bu O‘zbekistonning xorijdagi 37-elchixonasidir.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi