Bugun qaysi shifokorga bormang, turnaqator navbatlarga duch kelasiz. Hamma shu kasalga yo'liqqanmi, degan fikr o'tadi xayolingizdan. Yon-atrofga nazar tashlasak, keyingi yillarda kasalliklar turi va unga chalinayotgan insonlar ham ko'payib borayotganiga guvoh bo'lamiz.
Yoshi ulug'lar bilan suhbatlashsangiz ular, oldin “davleniye”, “saxar”, “grija”, “rak” kabi xastalik bo'lmaganini, faqat tish, bosh, qorin og'rig'i engil shamollashlar bo'lgani va oddiy dori yoki biror tabiiy yo'l bilan tezda shifo topganini aytishadi. Afsuski, bugun kasalliklar ham uning bedavolari ham bisyor. Ularga qo'llaniluvchi dori-darmonni-ku qo'yavering.
Ko'pchilik oldinlari eguliklar tabiiy, ekologiya ham toza bo'lgan, deyishadi. Bu gaplarda jon bor. Lekin bu omillarning o'zi etarlimikin?! Insonlarning ma'naviy jihatiga, ya'ni botiniga bog'liq jihatlari ham bo'lishi mumkinmi?
Agar ota-bobolarimiz yashagan davrlarga nazar tashlasak, ular hozirgidek farovon yashashmagan. Biroq jamiyatda birovning haqidan qo'rqish, harom-halol, insoniylik, mehr-oqibat ustun bo'lgan. Fahsh, yolg'on, ikkiyuzlamachilik kabi illatlar bugungidek keng ildiz otmagan.
Bugun-chi? Dunyoda xiyonat, sudxo'rlik, harom eyish, ichish va haromdan rizq topish, qo'shniga ozor berish, dayuslik, ota-onaga oq bo'lish, qarindoshlar bilan aloqani uzish, odam o'ldirish, o'z joniga qasd qilish, folbin va munajjimni tasdiqlash, zulm, bachchabozlik, o'g'rilik, yolg'on qasam ichish, nohaq hukm qilish, poraxo'rlik, yolg'on gapirish kabi ulkan gunohlar tobora ko'payib bormayaptimi? Shuncha gunohu ma'siyatlarni ko'rib, gohida er ko'tarib turganiga shukr deb qo'yamiz.
Shu o'rinda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislari yodga keladi. Nabiiy sollallohu alayhi vasallam: “Besh ish besh ishga bog'liqdir”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, biri ikkinchisiga bog'liq bo'lgan besh ish qaysi?” deb so'rashdi. “Qaysi qavm ahdini buzsa, Alloh ularga dushmanlarini hukmron qilib qo'yadi. Alloh nozil etgan narsadan boshqasi bilan hukm qilsa, ularda faqirlik yoyiladi. Fahsh ishlari avj olsa, Alloh ularga o'lat yuboradi, ya'ni o'lim ko'payadi. O'lchov va tarozidan urib qolsa, nabototlar o'smay, bir necha yil qurg'oqchilikka duchor bo'ladilar. Zakot bermasalar, yomg'ir yog'may qo'yadi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bu hadis kasalliklarning ham, pandemiya sabab nima uchun o'limlarning ham ko'payib borayotganini anglatgandek, go'yo.
Ulamolarimiz insoniyat boshiga tushayotgan bu balolarga ularning gunohu ma'siyati sababchidir, deyishadi. Bunga Alloh taoloning: «Sizlarga neki musibat etgan bo'lsa, u ham bo'lsa, o'z qo'llaringiz qilgan narsa (gunohlaringiz) tufaylidir. Yana U ko'p (gunohlaringiz)ni kechib yuboradi» (Sho'ro surasi, 30) oyatini misol keltiradilar.
Shunisi e'tiborliki, inson qilgan gunohlari uchun nafaqat o'ziga, balki yaqinlariga, yashab turgan jamiyatiga ham katta zarar berishi mumkin. Hayotda bunga ko'p guvoh bo'lganmiz. Biror nojo'ya ish qilsak, biror zarar etsa “kasri urdi” deymiz. Yoki boshqalarning “gunohi bolasiga urdi” degan so'zlarini ham eshitib qolamiz.
Lekin tarixda butun bir jamiyatlar katta gunohu ma'siyatlarda bardavom bo'lganki, oxir-oqibat Allohning g'azabiga duchor bo'lishgan. Nuh alayhissalom qavmining to'fonga yo'liqishi, Samud qavmini dahshatli qichqiriq tutishi, Lut alayhissalom qavmini er yutishi, Fir'avn va ahlining suvga g'arq bo'lishi, Shuayb alayhissalom qavmining qattiq chinqiriqdan to'kilishi, Ashobul Aykatni qattiq shamol sovurib, titilib ketishi kabi halokatli voqealar Qur'oni karimda zikr qilingan.
E'tibor bersak, kishi ko'pincha o'z nafsiga ergashib, gunoh ishlarga qo'l uradi. Dastlab, kichik gunohlardan boshlaydi va oxiri ko'nikmaga aylanib, tubanlikka olib boradi. Ulamolarimiz esa har qanday mayda gunohlardan ham yiroq bo'lishni tayinlab, nafsni qattiq jilovlashga buyuradilar. Aks holda, “Nafsim mening balodur, o'qqa – cho'qqa soladur” deganlaridek, turli balolalarga yo'liqishimiz hech gap emas.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bunday deganlar:“Iblis oldingda, nafs o'ng tomoningda, havoyi nafs chap tomoningda, dunyo ortingda, a'zolar atrofingda, Alloh ustingda (qudrati bilan, makonda emas) turadi. Bas, Alloh la'natlagan iblis dinni tark qilishga, nafs gunoh havoyi nafs shahvatga, dunyo oxirat o'rniga o'zini tanlashga, a'zolar gunohlarga chaqiradi, Jabbor sifatli Zot – Alloh jannatga va mag'firatga chorlaydi. Alloh taolo: «Alloh jannatga va mag'firatga chaqiradi», dedi. Kim iblisga itoat qilsa, undan din ketadi, kim nafsga itoat qilsa, undan ruhoniyat ketadi, kim havoyi nafsga itoat qilsa, undan aql ketadi, kim dunyoga itoat qilsa, undan oxirat ketadi, kim a'zolarga itoat qilsa, undan jannat ketadi, kim Alloh taologa itoat qilsa, undan yomonliklar ketadi va barcha yaxshiliklarga erishadi”.
Qisqasi, bizga bugun biror zarar etib qayg'uga botgan bo'lsak, ortimizga bir qaraylik. Nimani noto'g'ri qildigu qayerlarda adashdik. Yoki nafsimizga ergashib, gunohu ma'siyatlarda davom etyapmizmi?! Buning javobi tez kunlarda bo'lishini unutmaylik. Yoxud bemorlik bo'lgan bo'lsa, Alloh shifosidan umid qilib, tavba eshiklarini ochib, gunohlarimiz o'chirilishidan umid qilaylik. Zero, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Musulmonga biror horg'inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, qayg'umi, ozormi, g'ammi etsa, hatto tikan kirsa ham, albatta Alloh bular tufayli uning xatolarini o'chiradi», dedilar.
Bobur MUHAMMAD
Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati).
Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati