Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2026   |   19 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2026, 19 Zulqa`da, 1447

Besh ish besh ishga bog'liqdir

12.05.2022   4517   6 min.
Besh ish besh ishga bog'liqdir



Bugun qaysi shifokorga bormang, turnaqator navbatlarga duch kelasiz. Hamma shu kasalga yo'liqqanmi, degan fikr o'tadi xayolingizdan. Yon-atrofga nazar tashlasak, keyingi yillarda kasalliklar turi va unga chalinayotgan insonlar ham ko'payib borayotganiga guvoh bo'lamiz.
Yoshi ulug'lar bilan suhbatlashsangiz ular, oldin “davleniye”, “saxar”, “grija”, “rak” kabi xastalik bo'lmaganini, faqat tish, bosh, qorin og'rig'i engil shamollashlar bo'lgani va oddiy dori yoki biror tabiiy yo'l bilan tezda shifo topganini aytishadi. Afsuski, bugun kasalliklar ham uning bedavolari ham bisyor. Ularga qo'llaniluvchi dori-darmonni-ku qo'yavering.
Ko'pchilik oldinlari eguliklar tabiiy, ekologiya ham toza bo'lgan, deyishadi. Bu gaplarda jon bor. Lekin bu omillarning o'zi etarlimikin?! Insonlarning ma'naviy jihatiga, ya'ni botiniga bog'liq jihatlari ham bo'lishi mumkinmi?
Agar ota-bobolarimiz yashagan davrlarga nazar tashlasak, ular hozirgidek farovon yashashmagan. Biroq jamiyatda birovning haqidan qo'rqish, harom-halol, insoniylik, mehr-oqibat ustun bo'lgan. Fahsh, yolg'on, ikkiyuzlamachilik kabi illatlar bugungidek keng ildiz otmagan.
Bugun-chi? Dunyoda xiyonat, sudxo'rlik, harom eyish, ichish va haromdan rizq topish, qo'shniga ozor berish, dayuslik, ota-onaga oq bo'lish, qarindoshlar bilan aloqani uzish, odam o'ldirish, o'z joniga qasd qilish, folbin va munajjimni tasdiqlash, zulm, bachchabozlik, o'g'rilik, yolg'on qasam ichish, nohaq hukm qilish, poraxo'rlik, yolg'on gapirish kabi ulkan gunohlar tobora ko'payib bormayaptimi? Shuncha gunohu ma'siyatlarni ko'rib, gohida er ko'tarib turganiga shukr deb qo'yamiz.
Shu o'rinda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislari yodga keladi. Nabiiy sollallohu alayhi vasallam: “Besh ish besh ishga bog'liqdir”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, biri ikkinchisiga bog'liq bo'lgan besh ish qaysi?” deb so'rashdi. “Qaysi qavm ahdini buzsa, Alloh ularga dushmanlarini hukmron qilib qo'yadi. Alloh nozil etgan narsadan boshqasi bilan hukm qilsa, ularda faqirlik yoyiladi. Fahsh ishlari avj olsa, Alloh ularga o'lat yuboradi, ya'ni o'lim ko'payadi. O'lchov va tarozidan urib qolsa, nabototlar o'smay, bir necha yil qurg'oqchilikka duchor bo'ladilar. Zakot bermasalar, yomg'ir yog'may qo'yadi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bu hadis kasalliklarning ham, pandemiya sabab nima uchun o'limlarning ham ko'payib borayotganini anglatgandek, go'yo.
Ulamolarimiz insoniyat boshiga tushayotgan bu balolarga ularning gunohu ma'siyati sababchidir, deyishadi. Bunga Alloh taoloning:  «Sizlarga neki musibat etgan bo'lsa, u ham bo'lsa, o'z qo'llaringiz qilgan narsa (gunohlaringiz) tufaylidir. Yana U ko'p (gunohlaringiz)ni kechib yuboradi» (Sho'ro surasi, 30) oyatini misol keltiradilar.
Shunisi e'tiborliki, inson qilgan gunohlari uchun nafaqat o'ziga, balki yaqinlariga, yashab turgan jamiyatiga ham katta zarar berishi mumkin. Hayotda bunga ko'p guvoh bo'lganmiz. Biror nojo'ya ish qilsak, biror zarar etsa “kasri urdi” deymiz. Yoki boshqalarning “gunohi bolasiga urdi” degan so'zlarini ham eshitib qolamiz.
Lekin tarixda butun bir jamiyatlar katta gunohu ma'siyatlarda bardavom bo'lganki, oxir-oqibat Allohning g'azabiga duchor bo'lishgan. Nuh alayhissalom qavmining  to'fonga yo'liqishi, Samud qavmini dahshatli qichqiriq tutishi, Lut alayhissalom qavmini er yutishi, Fir'avn va ahlining suvga g'arq bo'lishi, Shuayb alayhissalom qavmining qattiq chinqiriqdan to'kilishi, Ashobul Aykatni qattiq shamol sovurib, titilib ketishi kabi halokatli voqealar Qur'oni karimda zikr qilingan.
E'tibor bersak, kishi ko'pincha o'z nafsiga ergashib, gunoh ishlarga qo'l uradi. Dastlab, kichik gunohlardan boshlaydi va oxiri ko'nikmaga aylanib, tubanlikka olib boradi. Ulamolarimiz esa har qanday mayda gunohlardan ham yiroq bo'lishni tayinlab, nafsni qattiq jilovlashga buyuradilar. Aks holda, “Nafsim mening balodur, o'qqa – cho'qqa soladur” deganlaridek, turli balolalarga yo'liqishimiz hech gap emas.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bunday deganlar:“Iblis oldingda, nafs o'ng tomoningda, havoyi nafs chap tomoningda, dunyo ortingda, a'zolar atrofingda, Alloh ustingda (qudrati bilan, makonda emas) turadi. Bas, Alloh la'natlagan iblis dinni tark qilishga, nafs gunoh havoyi nafs shahvatga, dunyo oxirat o'rniga o'zini tanlashga, a'zolar gunohlarga chaqiradi, Jabbor sifatli Zot – Alloh jannatga va mag'firatga chorlaydi. Alloh taolo: «Alloh jannatga va mag'firatga chaqiradi», dedi. Kim iblisga itoat qilsa, undan din ketadi, kim nafsga itoat qilsa, undan ruhoniyat ketadi, kim havoyi nafsga itoat qilsa, undan aql ketadi, kim dunyoga itoat qilsa, undan oxirat ketadi, kim a'zolarga itoat qilsa, undan jannat ketadi, kim Alloh taologa itoat qilsa, undan yomonliklar ketadi va barcha yaxshiliklarga erishadi”.
Qisqasi, bizga bugun biror zarar etib qayg'uga botgan bo'lsak, ortimizga bir qaraylik. Nimani noto'g'ri qildigu qayerlarda adashdik. Yoki nafsimizga ergashib, gunohu ma'siyatlarda davom etyapmizmi?! Buning javobi tez kunlarda bo'lishini unutmaylik. Yoxud bemorlik bo'lgan bo'lsa, Alloh shifosidan umid qilib, tavba eshiklarini ochib, gunohlarimiz o'chirilishidan umid qilaylik. Zero, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Musulmonga biror horg'inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, qayg'umi, ozormi, g'ammi etsa, hatto tikan kirsa ham, albatta Alloh bular tufayli uning xatolarini o'chiradi», dedilar.
Bobur MUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Taniqli olim Muhiddin Mansurning yangi asari taqdimot qilindi

05.05.2026   6503   1 min.
Taniqli olim Muhiddin Mansurning yangi asari taqdimot qilindi

Hadis ilmi maktabida taniqli olim, ustoz Shayx Muhiddin Mansurning qalamiga mansub “Sof aqida — Imom Tahoviy aqidasiga hoshiya” nomli yangi kitobning taqdimoti o‘tkazildi. Imom G‘aznaviy sharhi asosida tayyorlangan ushbu qo‘llanma aqida ilmining murakkab masalalarini sodda va xalqchil tilda bayon etgani bilan ahamiyatlidir. 


Tadbirni Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov ochib berib, muallifning ko‘p yillik ilmiy-ma’rifiy xizmatlarini alohida e’tirof etdi. Rektor o‘z nutqida jamiyatda sog‘lom diniy tushunchani qaror toptirish hamda ahli sunna val jamoa manhajidan chetlashgan oqimlarga ilmiy asoslangan raddiyalar berishda bu kabi asarlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. 
 

Taqdimot davomida Shayx Muhiddin Mansur hazratlari so‘zga chiqib, aqida ilmining inson hayotidagi ahamiyatiga to‘xtaldilar:

“E’tiqod mustahkam bo‘lsa, hech qanday buzg‘unchi g‘oya yoki adashtiruvchi oqim inson qalbiga yo‘l topa olmaydi”, — dedi muallif.


Shuningdek, olim Abu Hanifa va Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhlarning aqidaviy qarashlari bevosita Qur’on va Sunnatga tayanishini hayotiy misollar bilan tushuntirib berdilar. Xususan, “Fiqhul akbar” asarining Abu Hanifaga nisbati mutavotir (inkor qilib bo‘lmas) yo‘l bilan sobit ekanini qayd etib, kelajak avlodni bu sof merosni asrab-avaylashga chaqirdilar.


Tadbir yakunida "Hadis ilmlari" kafedrasi mudiri Mahmudjon Abdurahmonov so‘zga chiqib, ustozning boy ilmiy tajribasi talabalar uchun katta maktab ekanini ta’kidladi va barcha ishtirokchilar nomidan minnatdorchilik bildirdi.


Yangi nashr etilgan ushbu kitob nafaqat soha mutaxassislari, balki keng kitobxonlar ommasi uchun ham ma’naviy xazina bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz. 

Muhaddis.uz

 

Taniqli olim Muhiddin Mansurning yangi asari taqdimot qilindi Taniqli olim Muhiddin Mansurning yangi asari taqdimot qilindi Taniqli olim Muhiddin Mansurning yangi asari taqdimot qilindi Taniqli olim Muhiddin Mansurning yangi asari taqdimot qilindi Taniqli olim Muhiddin Mansurning yangi asari taqdimot qilindi
O'zbekiston yangiliklari