Shu yil 17 apreldan 1 mayga qadar O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida Rossiya Federatsiyasida bo'lib qaytdi.
O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari mazkur mamlakat rasmiylari va ish beruvchi tashkilot rahbarlari bilan uchrashib, u erda vaqtincha mehnat qilayotgan, ta'lim olayotgan yurtdoshlarimizga munosib sharoitlar yaratish bo'yicha muloqotlar o'tkazib, mavjud muammolar hal qilindi.
Muloqotlarda Rossiya va O'zbekiston vakillari tomonlaridan bu yil “Ma'naviy ipak yo'li” V xalqaro ilmiy-diniy anjumani o'tkazilishi rejalashtirayotgani aytildi.
Shuningdek, mazkur mamlakat tadbirkorlari, o'zbekzabon ishbilarmon vakillari bilan iqtisodiy hamkorlik bo'yicha muzokaralar olib borishdi.
Tashrif davomida Ibrohimjon domla Inomov mazkur mamlakatning Moskva, Sankt-Peterburg, Tula, Voronej, Murmansk, Kaliningrad shaharlari va viloyatlarida oliy o'quv dargohlarida, turli tashkilot va korxonalarda musofir hamyurtlarimizga diniy-ma'rifiy mavzularda ma'ruzalar qilib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
Hususan, Ibrohimjon domla Inomov Rossiya Federatsiyasi musulmonlari idorasi raisi, Rossiya muftiylari kengashi raisi, muftiy Shayx Ravil' hazrat Gaynutdin bilan uchrashuv o'tkazdi.
Samimiy uchrashuv chog'ida Ibrohimjon domla Inomov muftiy Shayx Ravil' hazrat Gaynutdinga O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarovning duoi-salomlari, ramazon tabriklarini etkazdi. O'zbekistonlik migrantlarga Rossiyada o'qish va mehnat qilish uchun munosib sharoit yaratish muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri bo'ldi.
Do'stona muloqotlar davomida ikki davlat diniy soha vakillarining iliq munosabati, yaxshilik yo'lidagi hamkorligi yaxshi natijalar berishi qayd etildi.
Bir so'z bilan aytganda, O'zbekiston delegatsiyasining ikki haftalik safari davomida Rossiya Federatsiyasining ko'plab shahar va tumanlarida mamlakat rasmiy vakillari bilan yaxshi hamkorlik aloqalari o'rnatilib, tegishli kelishuvlarga erishildi, o'qish yo ish masalasida ushbu davlatga borgan vatandoshlarga munosib sharoitlar yaratishga kelishib olindi.
Ma'rifiy suhbatlarda musofir hamyurtlar diniy va ijtimoiy, huquqiy mavzularda ma'ruzalardan bahra olib, o'zlarini o'ylantirayotgan masala va savollarga javob olishdi.
Uchrashuvlar davomida O'zbekiston delegatsiyasi vakillariga Diniy soha rahbarlari, xususan, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev nomlariga tashakkurnoma va minnatdorchiliklar izhor etildi.








O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV