#duo
❓913-CAVOL: Tushkunlikdan qanday qutilish mumkin?
? JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Tushkunlikdan qutilish boshiga kelgan musibatni qanday kutib olishga bog'liq. Agar kishi o'ziga etgan musibat va shu kabi ko'ngilsizliklarga bu ham Allohning qazo va qadari, menga yuborgan bir imtixoni, deb qarasa. Musibatlarni engish va tushkinliklardan chiqib ketishi oson bo'ladi.
Allohning taqdiriga ko'nib, xohish irodasiga taslim bo'lganlarning hamma ishi yaxshi bo'ladi. Ular o'zlariga sog'lik va xotirjamlik kabi chiroyli narsalar kelganida, bu ne'matlarni Allohdan bilib shukr qiladilar. Boshlariga xastalik va falokat kabi nafsiga yoqmagan yomonliklar kelganida, ularni Allohdan kelgan sinov sifatida qabul qiladilar va sabr qiladilar. Oqibatda har ikkisi ham ular uchun xayrlidir. Chunki shukr qilganlari uchun shukr savobi, sabr qilganlari uchun sabr savobini oladilar va har ikki holatda ham foyda ko'radilar.
Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Mo'minning har qanday holi yaxshi. Uning har qanday holi (sog'lik yo bemorlik bo'lsin) o'zi uchun xayrlidir. Va bu faqat mo'minlarga xosdir. Unga yaxshilik kelsa shukr qiladi; Bu uning uchun xayrli bo'ladi. Agar unga yomonlik (xastalik, musibat) kelsa, sabr qiladi; Bu ham uning uchun xayrli bo'ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz hayotda qandaydir muammo va to'siqlarga duch kelib qolgan insonlarga hadislar kelgan: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym”, duosini o'qib so'ng Allohdan astoydil va chin ixlos bilan hojatlarini so'rasa, inshaalloh U Zotning yordami bilan muammolardan xalos bo'ladi, degan. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati.
Telegram (https://t.me/diniysavollar) | Instagram (https://www.instagram.com/fatvouz/) | Facebook (https://www.facebook.com/diniysavollar) | Tiktok (https://www.tiktok.com/@fatvouz)
Kecha, 14 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Finlandiya musulmonlari jamiyati imomi Ramil hazrat Belyayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Fin yurtining din peshvolari ayni kunlarda mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 16 noyabr – "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqdalar.
Muloqotda O‘zbekiston va Finlandiya o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani, o‘tgan oyda Finlyandiya Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yangi bosqichga ko‘targani, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim, ilm-fan, madaniyat, turizm sohalarida hamkorlik rivojlanib borayotgani, xususan, o‘tgan yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyacining Finlandiyaga safari juda ham samarali kechganiga urg‘u berildi.
Finlandiya delegatsiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik borasidagi ishlarni yuqori baholab, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuv samimiy ruhda o‘tib, tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati