#duo
❓913-CAVOL: Tushkunlikdan qanday qutilish mumkin?
? JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Tushkunlikdan qutilish boshiga kelgan musibatni qanday kutib olishga bog'liq. Agar kishi o'ziga etgan musibat va shu kabi ko'ngilsizliklarga bu ham Allohning qazo va qadari, menga yuborgan bir imtixoni, deb qarasa. Musibatlarni engish va tushkinliklardan chiqib ketishi oson bo'ladi.
Allohning taqdiriga ko'nib, xohish irodasiga taslim bo'lganlarning hamma ishi yaxshi bo'ladi. Ular o'zlariga sog'lik va xotirjamlik kabi chiroyli narsalar kelganida, bu ne'matlarni Allohdan bilib shukr qiladilar. Boshlariga xastalik va falokat kabi nafsiga yoqmagan yomonliklar kelganida, ularni Allohdan kelgan sinov sifatida qabul qiladilar va sabr qiladilar. Oqibatda har ikkisi ham ular uchun xayrlidir. Chunki shukr qilganlari uchun shukr savobi, sabr qilganlari uchun sabr savobini oladilar va har ikki holatda ham foyda ko'radilar.
Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Mo'minning har qanday holi yaxshi. Uning har qanday holi (sog'lik yo bemorlik bo'lsin) o'zi uchun xayrlidir. Va bu faqat mo'minlarga xosdir. Unga yaxshilik kelsa shukr qiladi; Bu uning uchun xayrli bo'ladi. Agar unga yomonlik (xastalik, musibat) kelsa, sabr qiladi; Bu ham uning uchun xayrli bo'ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz hayotda qandaydir muammo va to'siqlarga duch kelib qolgan insonlarga hadislar kelgan: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym”, duosini o'qib so'ng Allohdan astoydil va chin ixlos bilan hojatlarini so'rasa, inshaalloh U Zotning yordami bilan muammolardan xalos bo'ladi, degan. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati.
Telegram (https://t.me/diniysavollar) | Instagram (https://www.instagram.com/fatvouz/) | Facebook (https://www.facebook.com/diniysavollar) | Tiktok (https://www.tiktok.com/@fatvouz)
Otamning qo‘lidagi ushbu uzukni – Alloh u kishini rahmatiga olsin —60 yil davomida taqib yurdilar. Unda bir oyat yozilgan edi, qaysi oyat ekanini maqolaning davomida bilib olasiz.
Avvalo, otam hayotida amal qilgan bir tamoyil haqida sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Men otamni doimo qanoat tamoyiliga amal qilgan inson deb bilaman. U hayotining barcha sohalarida mana shu yo‘lni tutar edi.
Masalan, u Jidda shahrida o‘z kompaniyasiga asos solganida, uni yirik kompaniyaga aylantirishga shoshilmadi. Oddiy va barqaror faoliyat bilan kifoyalandi.
30 yildan keyin kompaniyani o‘z zimmamga olganimda, bor-yo‘g‘i to‘qqiz nafar xodim va bitta filialga ega edi. U biznesini boshqa hududlarga kengaytirmagan edi.
Men otamdan so‘radim:
— Nega boshqa savdogarlar kabi 30 yil davomida filiallar ochmadingiz? Axir Saudiya bozorida rivojlanish uchun katta imkoniyatlar bor edi-ku?
U menga shunday javob berdi:
— Men bor narsamdan mamnun edim. Allohga hamd bo‘lsin, U bizga yetarlicha rizq berdi.
Keyin u qo‘shib qo‘ydi:
— Endi kengaytirish navbati seniki.
Darhaqiqat, kompaniyani qabul qilganimdan so‘ng birinchi qilgan ishlarimdan biri – mamlakatning turli hududlarida filiallar ochish va xodimlar sonini to‘qqiz nafardan 130 nafarga yetkazish bo‘ldi.
Ammo shunga qaramay, otamning kichik kompaniya bilan ham qanoat qilishi haqidagi fikri meni doimo o‘ylantirar edi.
Shunda men kengaytirish bilan birga uning hayot tarzidagi asosiy ma’noni tushundim: qanoat.
Men bu ma’noni aynan shu uzuk bilan bog‘ladim.
Bu uzuk otamga yoshligida hadya qilingan edi va uni 60 yil davomida taqib yurdi. Unda:
أَلَيْسَ اللَّهُ بِكَافٍ عَبْدَهُ
“Alloh O‘z bandasiga yetarli emasmi?!” (Zumar surasi, 36-oyat) degan oyat yozilgandi.
Yillar o‘tishi bilan uzukdagi yozuv o‘chib ketdi. Ammo uning ma’nosi otamning qalbiga va hayot tarziga singib ketgan edi.
Men “yetarli” so‘zining ma’nosini izladim. Uning ma’nolaridan biri – himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash ekan.
Men otamning hayotida bu haqiqatni ko‘rdim. Alloh unga yetarli edi — U uning homiysi va tayanchi bo‘ldi.
Alloh unga boylik bergan bo‘lsa ham, u isrofni tanlamadi. U har yili yangi mashina sotib olishga qiziqmas, qimmatbaho brendlar, dabdabali uylar yoki boyligini ko‘z-ko‘z qilishga oshiqmas edi. Ammo otam xohlasa bularning barchasini qila olardi. Lekin u dunyo ne’matlaridan foydalandi, shu bilan birga qanoat va xotirjamlikni ustun qo‘ydi.
Darhaqiqat, “Agar Alloh bandasi uchun yetarli bo‘lmasa, kim yetarli bo‘la oladi?”.
Davron NURMUHAMMAD