O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ko'p yillar diniy-ma'rifiy sohada xizmat qilib kelgan Toshkent viloyati, Bekobod tumani bosh imom-xatibi hamda "Dalvarzin" jome masjidi imom-xatibi Anvarjon domla Risboyevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum domlamizni O'z mag'firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o'zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhum domlamizning barcha solih amallarini, dinimizga qilgan xizmatlarini, ilm-ma'rifat, ziyo taratish yo'lidagi sa'y-harakatlarini husni qabul aylab, O'z mag'firatiga olsin, chekkan dardlarini barcha sahvu xatolariga kafforat qilib, rahmatiga chulg'asin, qabrlarini jannat bog'chalaridan qilib, oxiratlarini obod aylasin!
Alloh taolo marhum domlamizning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Joriy yilning 21-22 oktyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar diniy soha xodimlari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha «Muftiy sovrini – 2025» musobaqasi bo‘lib o‘tgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar bergan edik.
Bugun, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi markaziy «Imom Eshon Muhammad» jome masjidida ushbu musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Ye.Qutiboyev, Vazirlar Kengashi kotibiyat mudiri J.Yusupov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, «Muhammad ibn Ahmad al Beruniy» madrasasi direktori J.Abdirazzaqov, qoziyat, madrasa xodimlari va imom-xatiblar ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Ye.Qutibayev, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov musobaqa ishtirokchilarini g‘alaba bilan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tomonidan g‘oliblarga esdalik sovg‘alar berildi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti.