frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Hotira – tabarruk, qadr – abadiy

08.05.2022   2696   4 min.
Hotira – tabarruk, qadr – abadiy

Yurtimizda o'tgan aziz insonlarning xotirasini e'zozlash, bugungi tinch, osoyishta, dorilomon  kunlarga etishimizda fidoyilik ko'rsatgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida mehnat qilgan faxriylar, nuroniy otaxonu onaxonlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma'naviy ko'mak berish ezgu an'anaga aylangan.

Har yili 9 may – Hotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida ko'tarinki ruhda o'tkazib kelinayotir.

Muhtaram Prezidentimizning 2021 yil 29 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida ushbu shodiyona uyushqoqlik bilan yurtimizning har bir go'shasida nishonlashyapti.

Hotira va qadrlash tushunchalari zamirida insonga, uning hayoti,  sha'ni va qadr-qimmatiga cheksiz ehtirom tuyg'usi mujassam. Hotira va qadrlash kunlari arafasida bugungi tinch-osoyishta hayot, to'kinlik va farovonlikka qanday og'ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o'tadi. Shu yo'lda qurbon bo'lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta'zim qilamiz. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini yanada teranroq anglaymiz. 

Bu yil g'alabaning 77 yilligini keng nishonlaymiz. Ana shu buyuk g'alabani qo'lga kiritishda mardlik va jasorat ko'rsatgan faxriylarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni tabriklab, ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tilash barchamiz uchun katta sharafdir. Shu bilan birga, urush maydonlaridan qaytmagan, mana shunday musaffo osmon, tinch va osoyishta hayot uchun jon berib, qurbon bo'lgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egamiz.

Urush boshlanganda O'zbekiston aholisi 6,5 million kishiga yaqin bo'lgan. Shundan 1,5 million kishi, ya'ni qurol ko'tarishga qurbi etgan (!) odamlar olovli janggohlarda jon olib-jon berishgan. Ulardan 500 mingdan ko'prog'i jang maydonlarida shahid bo'lgan, ko'plari mayib-majruh bo'lib qaytgan, bedarak yo'qolganlari qancha.

Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Bu raqamlar ortida fidoyilik, hurlik, istiqlol, erkinlik orzulari mujassam bo'lgan. Shularni o'ylasak, o'z-o'zidan bugungi saodatli kunlarga osonlikcha erishilmaganini anglaymiz. Demak, barchamiz shu aziz Vatanni ko'z qorachig'imizdek asrashga burchlimiz.

Ikkinchi jahon urushida qatnashgan yurtdoshlarimiz safi tobora torayib boryapti. Ayni paytda yurtimizda bor-yo'g'i 236 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi umrguzaronlik qilmoqda. Shu bois ularning qadriga etib, duolarini olib qolishga harakat qilishimiz kerak. Keksalarni e'zozlashni o'zini musulmon sanagan kishi borki, sharaf bilan ado etadi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Yosh yigit keksa kishini yoshi ulug'ligi uchun hurmat qilsa, Alloh taolo uni ham keksayganida hurmat qilinadigan insonlar qatoriga qo'yadi”,(Imom Termiziy rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: “Kichiklarga rahm-shafqatda, kattalarga hurmat-izzatda bo'lmagan kishi bizdan emasdir”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).

Front ortida mehnat qilganlar ham urushda qatnashganlarchalik mashaqqatlarga duchor bo'lishgani tarixiy haqiqatdir. Yurtdoshlarimiz front hududlaridan ko'chirib keltirilgan bir millionga yaqin bolalar, ayollar va qariyalarni qabul qilgani, ularga boshpana bergani, hatto oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko'rgani, “Sen etim emassan” deb, ularni o'z bag'riga olib, mehr-muruvvat ko'rsatgani xalqimizning odamiylik fazilatlari, olijanobligining amaldagi yorqin ifodasidir. Zero, hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: “Men va etimni kafillikka olgan kishi jannatda mana shunday bo'ladi(deb shahodat va o'rta barmoqlarini bir-biriga yaqinlashtirib ko'rsatganlar)(Imom Buxoriy rivoyati).

Insoniyat tarixidagi eng mudhish va beshafqat urushni boshidan kechirgan xalqimiz doimo bunday yovuz ofat hech qachon qaytmasligini, ostonamizga yaqin yo'lamasligini so'raydi. Shu bois doimo duoga qo'l ochganimizda, avvalo, tinchlik-xotirjamlikni, salomatlikni Yaratgandan so'raymiz. Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'lsin!

 

Jasurbek domla RAUPOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi

07.08.2026   15677   1 min.
To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligidagi “Ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida To‘rtko‘l tumanida amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi. Jarayonlarni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramatdin Razov boshqarib bordi.
 

Tumandagi “Mulla Jumaboy” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda qoziyot mas’ullari, bosh imom-xatiblar, hojilar va mahalla raislari jam bo‘ldi.


Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iyul oyining “Obodonlashtirish va mehr-saxovat oyligi” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, imom-xatiblar va masjid qavmi boshchiligida ko‘chalar, masjid atroflari tozalandi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning hovli-joylarida hashar yo‘li bilan obodonlashtirish ishlari olib borildi.


Ishchi guruh a’zolari To‘rtko‘l tumanidagi 10 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, quyidagi xayrli amallar bajarildi:

  • Hojilarni jalb etgan holda mahallalardagi muammoli oilalar holidan xabar olindi;

  • Homiylar ko‘magida 120 ta ehtiyojmand xonadonga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi;

  • Ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlariga yangi o‘quv yili uchun maktab formalari tarqatildi;

  • Imom-xatiblarning faoliyati o‘rganilib, masjid boshqaruvi va ma’rifiy ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.


Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, hududda diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati

To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi To‘rtko‘lda obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari