Yurtimizda o'tgan aziz insonlarning xotirasini e'zozlash, bugungi tinch, osoyishta, dorilomon kunlarga etishimizda fidoyilik ko'rsatgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida mehnat qilgan faxriylar, nuroniy otaxonu onaxonlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma'naviy ko'mak berish ezgu an'anaga aylangan.
Har yili 9 may – Hotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida ko'tarinki ruhda o'tkazib kelinayotir.
Muhtaram Prezidentimizning 2021 yil 29 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida ushbu shodiyona uyushqoqlik bilan yurtimizning har bir go'shasida nishonlashyapti.
Hotira va qadrlash tushunchalari zamirida insonga, uning hayoti, sha'ni va qadr-qimmatiga cheksiz ehtirom tuyg'usi mujassam. Hotira va qadrlash kunlari arafasida bugungi tinch-osoyishta hayot, to'kinlik va farovonlikka qanday og'ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o'tadi. Shu yo'lda qurbon bo'lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta'zim qilamiz. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini yanada teranroq anglaymiz.
Bu yil g'alabaning 77 yilligini keng nishonlaymiz. Ana shu buyuk g'alabani qo'lga kiritishda mardlik va jasorat ko'rsatgan faxriylarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni tabriklab, ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tilash barchamiz uchun katta sharafdir. Shu bilan birga, urush maydonlaridan qaytmagan, mana shunday musaffo osmon, tinch va osoyishta hayot uchun jon berib, qurbon bo'lgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egamiz.
Urush boshlanganda O'zbekiston aholisi 6,5 million kishiga yaqin bo'lgan. Shundan 1,5 million kishi, ya'ni qurol ko'tarishga qurbi etgan (!) odamlar olovli janggohlarda jon olib-jon berishgan. Ulardan 500 mingdan ko'prog'i jang maydonlarida shahid bo'lgan, ko'plari mayib-majruh bo'lib qaytgan, bedarak yo'qolganlari qancha.
Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Bu raqamlar ortida fidoyilik, hurlik, istiqlol, erkinlik orzulari mujassam bo'lgan. Shularni o'ylasak, o'z-o'zidan bugungi saodatli kunlarga osonlikcha erishilmaganini anglaymiz. Demak, barchamiz shu aziz Vatanni ko'z qorachig'imizdek asrashga burchlimiz.
Ikkinchi jahon urushida qatnashgan yurtdoshlarimiz safi tobora torayib boryapti. Ayni paytda yurtimizda bor-yo'g'i 236 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi umrguzaronlik qilmoqda. Shu bois ularning qadriga etib, duolarini olib qolishga harakat qilishimiz kerak. Keksalarni e'zozlashni o'zini musulmon sanagan kishi borki, sharaf bilan ado etadi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Yosh yigit keksa kishini yoshi ulug'ligi uchun hurmat qilsa, Alloh taolo uni ham keksayganida hurmat qilinadigan insonlar qatoriga qo'yadi”,(Imom Termiziy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa: “Kichiklarga rahm-shafqatda, kattalarga hurmat-izzatda bo'lmagan kishi bizdan emasdir”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Front ortida mehnat qilganlar ham urushda qatnashganlarchalik mashaqqatlarga duchor bo'lishgani tarixiy haqiqatdir. Yurtdoshlarimiz front hududlaridan ko'chirib keltirilgan bir millionga yaqin bolalar, ayollar va qariyalarni qabul qilgani, ularga boshpana bergani, hatto oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko'rgani, “Sen etim emassan” deb, ularni o'z bag'riga olib, mehr-muruvvat ko'rsatgani xalqimizning odamiylik fazilatlari, olijanobligining amaldagi yorqin ifodasidir. Zero, hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: “Men va etimni kafillikka olgan kishi jannatda mana shunday bo'ladi(deb shahodat va o'rta barmoqlarini bir-biriga yaqinlashtirib ko'rsatganlar)” (Imom Buxoriy rivoyati).
Insoniyat tarixidagi eng mudhish va beshafqat urushni boshidan kechirgan xalqimiz doimo bunday yovuz ofat hech qachon qaytmasligini, ostonamizga yaqin yo'lamasligini so'raydi. Shu bois doimo duoga qo'l ochganimizda, avvalo, tinchlik-xotirjamlikni, salomatlikni Yaratgandan so'raymiz. Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'lsin!
Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati