Odatda tilanchi deganda ko'z oldimizga jismoniy jihatdan zaif, ko'rinishi abgor: yuz-qo'li kir, kiyimlari yirtiq-yamoq odam keladi. Ammo bugun tilanchilar ham, ularning qiyofasi ham o'zgarayotgandek, nazarimizda. Bu qadim “kasb” katta-kichik urushlar, parokandalik, qurg'oqchiliklardan qolgan asorat bo'lsa-da, hozirgi tinch, farovon zamonda ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan.
Odam gavjum joylar, jamoat transporti, masjidlar yonida tilanchilikni “kasb” qilgan to'rt muchasi sog'lom, ishlasa o'zi tugul katta ro'zg'orni tebratish qobiliyatiga ega erkaklar, oddiy tikish-bichish hunari orqali yoki biror joyda farroshlik qilib bo'lsa-da kundalik ehtiyojini qoplashi mumkin bo'lgan ayollarning borligi achinarli holat.
Ayniqsa, yosh bolasi bilan chiqqan ayollar nuri diydasining tarbiyasi buzulishiga, uning kelajak hayotini xavf-hatarda qolishiga sababchi ham bo'ladi. Natijada bolalarda yolg'onchilik, kishilar oldida o'zini nochor sezish, birovning hisobiga yashash kabi illatlar shakllanishiga, nosog'lom muhit ta'sirida ulg'ayib, eti qotadi.
– Tilanchilik qilish boquvchisi bo'lmagan, kishilardan biror narsa so'rashdan boshqa ish qo'lidan kelmaydigan kishilar uchun halol, ammo uning ham chegarasi bor, – deydi O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o'rinbosari Homidjon domla IShMATBYeKOV. – Ya'ni bu me'yor – bir kunlik eyish-ichish ehtiyojini topgunga qadar bo'lgan vaqt. Undan ortig'i harom sanaladi. Bunda hech qachon ertanikini ham birato'la bugun topib qo'yay, deyilmaydi. Keyingi kun Hudo kuch-quvvat bersa yoki biror yo'l ko'rsatsa, albatta, ishlashi, mabodo hech ishi o'xshamay, boshqa yo'li qolmasa – yana kundalik ehtiyoji uchun tilanchilikka chiqishi mumkin. Miskin bo'lib, tirikchiligim shundan, deya shu ishga mukkasidan ketish firibgarlikdir. Bundaylarning yuzi ikki dunyoda ham shuvut holatda bo'ladi. Buni bila turib qilish esa o'zini ochiq-oydin xorlikka mahkum etishdir. O'zini mayib-majruh holatda ko'rsatib, gadoy, tilanchi qiyofasiga solish ham ayni tovlamachilikning bir turi.
Dinimiz bundan qat'iy qaytaradi.
Qur'oni karimda Alloh taolo sadaqa olishga haqli bo'lgan kishilarni bayon qilgan: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshno qiluvchi (kofir)lar, (pul to'lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo'lida hamda yo'lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz etildi. Alloh ilmli va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 60-oyat).
Islom dini mehnatga yaramaydigan, ishi boru, undan oladigan daromadi ehtiyojini qoplashga etmaydigan, ish topolmagan kishilarga rahnomolik qilishga yo'llaydi.
Haq taolodan ajru savob talabida bo'lgan mo'min-musulmonlar, sahovatli insonlar tomonidan zakot, yaqin qarindoshlarga berilishi vojib bo'lgan nafaqa, nafl sadaqa, xayriya, vaqf ishlari, nazrlar, kafforatlar, qo'shnilar haqi, muhojirlar haqi, etimlarga g'amxo'rlik qilish, tilanchilik (soil) haqi, davlat tomonidan ijtimoiy ta'minot uchun ajratiladigan haqlar kabi xayrli amallar orqali qilinadi.
Shariatimizda tilanchi otda kelsa, xatto qo'lida tillasi bo'lsa ham sadaqa berishga targ'ib qilinadi. Buning uchun sahovatli inson savob olaveradi. Ammo sadaqa so'ragan kishining firibgarligi, aldab odamlarning pulini eyayotganini ayon bo'lsa, unga bermaslik kerak. Sababi bu orqali u tekinxo'rlik, dangasalikka o'rganib qoladi.
Dinimiz risq-nasibani mehnat qilib peshona teri bilan, harakat qilib topishga buyuradi. Payg'ambarlar Muhammad (alayhissalom) o'z mehnati orqali turmush kechirib, umatlariga o'rnak bo'lganlar.
Dangasalik, ishyoqmaslik, tekinxo'rlik bular – musulmon kishiga yot holat. Dinimiz yalqovlik, birovga qaram bo'lishdan butkul qaytaradi.
Inson uchun egan luqmasining ichida eng totlisi, o'z mehnati bilan topganini eyishdir. U garchi qattiq non va yavg'on sho'rva bo'lsa ham. Birovning hisobidan bo'lgan tansiq taom ham tamoqdan maza bo'lib o'tmaydi. Chunki uni eyayotgan kishi ich-ichidan men buni qayerdan topdim, ertaga nima bo'lar ekan, deya o'ylaydi.
Tilanchilik qilishga xojati bo'lmagan kishining to'g'ri yo'lga o'tishi, kasb-hunar o'rganib, ilm olishi, tadbirkorlik bilan shug'illanib, halol risq topishi nafaqat o'zi, balki oila a'zolarini ham ikki dunyo saodatiga eltadi.
Bahriddin HUShBOQOV
tayyorladi.
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati