O'zbekiston Kinematografiya agentligi, O'zbekiston madaniy merosini asrash, o'rganish va targ'ib qilish bo'yicha butunjahon jamiyati, O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O'zEOAVMA) va Sevimli telekanali hamkorligida suratga olingan “Usmon Qur'onining qaytishi” hujjatli fil'mida Toshkentdagi qadim Usmon mushafining hayratlarga boy tarixi so'zlanadi.
– Har bir musulmon uchun ulug' bo'lgan Ramazon oyida bunday loyihaning yaratilishi ramziy ma'no kasb etadi. Bu fil'mni O'zbekiston miqyosida qanchalik ko'p odam ko'rsa, shunchalik ko'p xursand bo'lamiz, Bu albatta, siz bilan navbatdagi katta loyihalarga qo'l urishimizga asosiy omil bo'ladi, – dedi Bi-bi-si o'zbek xizmati bosh muharriri Hayrullo Fayz.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati bildirishicha, 2019 yil Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning Londondagi Bi-bi-si o'zbek xizmatiga tashrifi davomida Usmon Qur'oni haqida fil'm yaratish taklifi berilgan edi. Ammo pandemiya sabab suratga olish ishlari ma'lum vaqt to'xtab qolgan loyiha nihoyasiga etib, tez kunda tomoshabinlar e'tiboriga havola qilinishi belgilangan.
– 2017 yil sentyabrda N'yu-Yorkda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan «Ma'rifat va diniy bag'rikenglik» maxsus rezolyutsiyasi ilgari surilgan edi. Unda bag'rikenglik va o'zaro hurmatni o'rnatish, diniy erkinlikni ta'minlash eng muhim masalalardan biri sifatida e'tirof qilingan.
“Usmon Qur'onining qaytishi” fil'mida ham davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, diniy bag'rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga alohida urg'u berilgan. Fil'm nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun musulmon ahlini xursand qiladigan kinofil'm bo'ladi, desam adashmayman. “Usmon Qur'onining qaytishi” fil'mini Ramazon Hayiti arafasida yurtimiz telekanallarida namoyish etish rejalashtirilgan. Unda nafaqat fil'mning maxsus taqdimoti, balki fil'm bo'yicha ko'rsatuvlar, ijodiy suhbatlar tashkil etiladi. Ayniqsa, fil'mning muborak Ramazon oyida prem'era qilinishi xalqimiz uchun bayram tuhfasi bo'lishiga ishonaman, – dedi Kinematografiya agentligi “Hujjatli va xronikal fil'mlar kinostudiyasi” DUK direktori Furqat Usmonov.
G'oya muallifi va loyiha rahbari Firdavs Abduxoliqov, stsenariy muallifi va boshlovchisi Luiza Iskandariy, sahnalashtiruvchi rejissyor Mehrubon Alizoda, sahnalashtiruvchi operator Azizbek Normatov, rassom Alisher Umrzoqov. Tasvirga olish ishlari Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida olib borilgan.
Fil'mda ushbu nodir muqaddas qo'lyozmaning XIX asr oxirida Rossiyaga yuborilishi, Sankt-Peterburgdagi Imperator kutubxonasida saqlanishi va keyinchalik Ufa muftiyatiga topshirilishi bilan voqealar o'rganilgan. Arxiv hujjatlari asosida Usmon Qur'onining 1923 yilda O'zbekistonga qaytarilishi haqida hikoya qilingan. Fil'mda Usmon Qur'onining 1989 yilda O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari idorasiga topshirilishiga guvoh bo'lgan insonlarning hikoyalaridan ham foydalanilgan.
Ma'lumot uchun, YuNYeSKOning “Dunyo xotirasi” ro'yxatiga kiritilgan Qur'on kitobini ko'rgani Toshkentga har yili dunyoning ko'plab davlatlaridan yuz minglab musulmonlar va sayyohlar kelishadi. Usmon Qur'oni bu Qur'oni Karimning saqlanib qolgan eng qadimgi nusxasi hisoblanadi.
Jahon ekspertlarining fikricha, O'zbekiston o'ziga xos noyob mamlakat bo'lib, unda ikkita noyob Usmon Qur'oni saqlanmoqda. Birinchi Qur'on haqida ikki yil avval Bi-Bi-Si bilan hamkorlikda suratga olingan “Katta Langar qur'oni: sirlar va haqiqatlar” fil'mida hikoya qilingan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati