Yurtimizda inson qadri ulug', hurmat va e'tibori qutlug'. 9 may – Hotira va qadrlash kuni arafasida bu an'ananing ahamiyati yana ham oshadi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Oqqo'rg'on tumani Hamid Olimjon nomidagi mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi 102 yoshni qarshi olgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Fayzulla bobo Nurmatovning xonadoniga tashrif buyurib, faxriy otaxonning holidan xabar oldi.
Nomi o'chgur urushning ne-ne mashaqqatlarini boshidan kechirgan otaxonning nurli chehrasi, mungli ko'zlari olis o'tmishdan so'zlaydi, go'yo. Yuz bilan yuzlashgan otaxon halol mehnat qilgani bois hali-hamon tetik, bardam.
Bugungi saodatli va dorilamon kunlarga etib kelishimizda bunday fidoyi otaxonlarning xizmati katta, albatta. Zero, hadisi sharifda: “Ikki ko'zga do'zax o'ti tegmaydi. Bular: Allohdan qo'rqib yig'lagan va Alloh yo'lida qo'riqchilik qilib, bedor holda tong ottirgan ko'z” (Imom Termiziy rivoyati), deyilgan.
Alloh taolo faxriylarimiz va duogo'ylarimizning umrlarini uzoq qilsin.
@FITRATUZ