Turkiy davlatlar din peshvolari ishtirokida bugun, 6 may kuni Qozog'istonning Turkiston viloyatida “Turkiy xalqlarning Islom tsivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o'tkazildi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham qatnashdi.
Halqaro anjuman Qur'on karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Nufuzli anjumanni Qozog'iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navro'zbay hoji Tag'anuli olib bordi.
Dastlab Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning xalqaro anjuman ishtirokchilariga tabrik maktubi o'qib eshittirildi. Unda mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirilib, bugungi uchrashuv tarixi mushtarak bo'lgan mamlakatlar ma'naviy-ma'rifiy ishlariga yangi surat bag'ishlab, ezgu tashabbuslar rivojiga xizmat qilishi kabi xayli tilaklar aks etgan.
Shundan so'ng Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag'dod Amreev so'zga chiqib, turkiy davlatlar hamkorligining tarixi va bugungi kuni, turkiy xalqlarning Islom dini rivojiga qo'shgan hissasi ulkanligi, qardosh va dindosh davlatlarning istiqboli porloq ekanligi haqida so'zladi. Shuningdek, Qozog'istondagi xalqaro tashkilot, hukumat va mahallik hokimiyat vakillari ham so'zlab, anjuman ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Shu bilan xalqaro anjumanga kelgan qardosh davlatlar din peshvolariga so'z berildi. Dastlab Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi rahbari, professor Ali Erbosh nutq so'zlab, Islom yoyilgan barcha erlarda misli ko'rilmagan taraqqiyot bo'lgani, O'rta Osiyo, xususan, Turkistonda ham yuksak madaniyat va rivojlanish bo'lgani, bu o'lkadan katta mutafakkir va allomalar etishib chiqqani, ular shu erga yig'ilgan qardosh ellarning yagona ajdodi ekanini ta'kidladi.
Halqaro anjuman davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov so'zga chiqib, ishtirokchilarga Muftiy Nuriddin domla hazratlarining duoyu salomlarini etkazdi, so'ngra anjuman mavzusida nutq so'zlab, jumladan, bunday dedilar:
“Sharqu G'arbni o'zaro bog'lagan, buyuk tsivilizatsiyalar tutashgan Turkiy xalqlar zaminidan etishib chiqqan minglab olimlar, mutafakkirlar Islom dini rivojiga juda katta hissa qo'shganlar.
Avvalo ta'kidlash kerakki, Markaziy Osiyo hududida birinchilardan bo'lib hadis markazlari shakllanib, ulardan ko'plab muhaddislar etishib chiqdi. Mashhur to'qqizta hadis to'plamidan ettitasining jamlovchisi ushbu o'lka muhaddislaridir. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasaiy, Imom Dorimiy va Imom Abu Dovuddek muhtaram zotlar islom olamida dong'i ketgan muhaddis peshvolar sifatida e'tirof etiladilar.
Turkiy xalqlar mintaqasida tafsir ilmi ham rivoj topdi. Uning vujudga kelishida muhaddislar maktabi asos bo'lib xizmat qildi. Hususan, muhaddislarning peshvosi bo'lgan Imom Buxoriyning “Tafsiri Kabir” nomli asari alohida kitob shaklida yozilgan ilk tafsir deb e'tibor qilinadi.
Imom Jorulloh Mahmud az-Zamahshariyning “Kashshof” nomli tafsiri esa Qur'oni karimning arab tili qoidasi va balog'ati jihatidan qilingan eng e'tiborli tafsir sifatida bugungi kunimizda ham ahamiyatlidir. Bu haqda ba'zi ulamolar: “Agar Kashshof bo'lmaganida, Qur'onning ma'nolari kashf bo'lmas edi”, — deganlar.
Hududlarimizda hanafiylik mazhabi asosiy fiqhiy mazhab sifatida tarqalgan. Bunda imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning shogirdlari Muhammad ibn Hasanda ta'lim olgan Abu Hafs Kabir Buxoriyning xizmatlari beqiyosdir. Bu zot Buxoro shahrini yirik hanafiy maktabi markazlaridan biriga aylantirdi. Uning o'g'li Abu Hafs Sag'ir Buxoriy ham etuk faqih bo'lib, qator fiqh namoyondalarni etishib chiqishida o'z hissasini qo'shgan.
Imom Burhoniddin Marg'inoniyning “al-Hidoya” asari hanafiy fiqhida asosiy manbalardan biridir. Musulmon bo'lmagan diyorlarda ham huquqshunoslik sohasida hozirgi kungacha undan keng foydalanib keladi.
Turkiy xalqlar erlarida tasavvuf ilmi ham yuksak darajada rivoj topib, ko'plab ulamolar tarbiya topgan. Hususan, Bahouddin Naqshband va Ahmad Yassaviy hazratlari tomonidan asos solingan tariqatlar hozirgacha musulmon olamining katta qismida amal qilib kelinmoqda
Bugungi tashkil etilgan anjumanimiz ahamiyati va dolzarbligi jihatidan juda ham muhim sanaladi. Boisi, hozirgi kunda dinimizga ichkari va tashqaridan din nomidan turli hujumlar bo'lmoqda. Bu esa ularga qarshi ilmiy-ma'rifiy yo'l bilan kurashishni taqazo etmoqda. Ayni damda bu holat din peshvolariga ham vazifasi yuklaydi.
Hozirgi zamonda dunyoda bo'lib turgan turli global muammolarning echimi biz so'z yuritayotgan mavzu bilan chambarchas bog'liqdir”.
Homidjon domla Ishmatbekov so'zlari davomida ushbu anjumanni yuqori saviyada uyushtirgan tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, anjuman ishiga va muhtaram muftiylarga Alloh taolodan ikki dunyo saodatini tiladilar.
Shuningdek, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda hamda Qirg'iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Zamir qori Rakiyevlar anjuman mavzusida chiqishlar qildi.
Nufuzli xalqaro anjuman oxirida Qozog'iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navro'zbay hoji Tag'anuli so'z olib, qardosh xalqlar din peshvolariga tashrif va bir-biridan ajoyib ilmiy-ma'rifiy chiqishlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Halqaro anjuman doirasida qardosh xalqlar din peshvolari, mahalliy va xorijiy diniy tashkilot vakillari turkiy tilli mamlakatlarning mushtarak merosini tadqiq etish, Imom Moturidiyning aqida maktabi va Imom A'zam Abu Hanifaning fiqhiy ta'limoti kabi yo'nalishlarda qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, global muammolarga qarshi musulmon ummati birdamligini ta'minlash, muborak sanalarni belgilashda kengashish, dolzarb masalalarda fatvolar ishlab chiqish va buzg'unchi oqimlar targ'ibotining oldini olish kabi masalalarida yaqin hamkorlik qilish yuzasidan kelib olinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Mazkur xalqaro anjuman doirasida Muftiylar kengashi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Safar tafsilotlarini sayt va ijtimoiy tarmoqlarimizda kuzatib boring.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.
Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?
Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?
Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.
So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.
Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?
Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing
Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.
- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.
Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.
“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak
Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.
Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.
Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.
Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.