O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov va Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Makka shahridagi safarlari davomida yurtimiz ziyoratchilariga xizmat qilishi mumkin bo'lgan 5 yulduzli eng zamonaviy mehmonxonlarni ko'zdan kechirdilar.
Muftiy hazratlari mehmonxonalarning har tomonlaman qulay, shinam bo'lishi va mana shunday sharoitlarni hozirlash orqali ziyoratchilarimizning muborak safar davomida faqat rohat bilan ibodat va duo-yu iltijolar qilishlariga katta e'tibor qaratmoqdalar.
Joriy yilda Madinai munavvara va Makkai mukarramada besh yulduzli, barcha qulayliklarga ega bo'lgan zamonaviy mehmonxonalar o'zbekistonlik ziyoratchilar uchun xizmat ko'rsatadi, insho Alloh.
Tashrif asnosida Haj delegatsiyasi yurtimiz hojilariga taom va ichimliklar taqdim etish borasida xizmat ko'rsatishi mumkin bo'lgan mutasaddi vakillar bilan uchrashib, oshxonalarni saralash maqsadida ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Hususan, ulardagi shart-sharoit, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, pokizaligi, taom pishiradigan zamonaviy qozon va oshxona anjomlari ko'zdan kechirildi.
Safar jarayonlari va erishilgan natijalarini sayt va ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring.















O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. 24 may – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 25 may – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va Podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish, begona shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati