Ayni kunlarda inson omiliga bo'lgan e'tibor va g'amxo'rlik yangi bosqichga ko'tarildi. Hurmat-e'tibor, mehr-muruvvat, ikrom-e'zoz borasida esa asrlarga teng o'zgarishlarga ega bo'linmoqda.
Darhaqiqat, inson manfaati yo'lida fidokorlik ko'rsatib, bugun qarilik pallasida turgan ota-bobolarimiz mehnati va jonbozligini qadrlash, ularga hurmat va ehtirom ko'rsatish kenja avlodlarning sharafli burchidir.
Qadimdan yurtimizda kattalarga irqi, millati, dinidan qat'iy nazar hamisha izzat ko'rsatish, ular holidan xabardor bo'lish, mehr-oqibat ko'rsatishga sidqidildan yondoshib kelinadi. Shu ma'noda hurmat evaziga inson o'zi ham kelajak hayotida e'zoz-ehtiromga ega bo'lishi muqarrarligi ta'kidlangan. Zero, hadisi sharifda “Hurmat qilgan kishiga hurmat nasib bo'ladi” deyilgan.
Bu mazmunni quvvatlab dono xalqimiz “Oltin olma duo ol” deya insonparvarlik ruhiyatiga chaqiradi. Ayni paytda hadisi shariflar talabi, dono xalqimizning hikmatli so'zining ijrosi xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yurtimizda amalga oshmoqda. Hususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini Vatan uchun qilgan fidoiyliklariga ta'zim etish, ularning barcha hayotiy yumushlariga malham bo'lishdek xayrli xususiyatlar ota-bobolarimizdan bizlarga meros bo'lib qolgan qadriyatlarimizning namunasi sanaladi.
Ayni paytda nuroniy otaxon va onaxonlarga chuqur hurmat-ehtirom, xotira va qadrlash tushunchalari bilan o'zaro uyg'unlik kasb etadi. Yoshlarimiz ushbu ayyom timsolida yoshi ulug'larni qadrlash, saxovatga muhtoj kishilarga ko'maklashish kabi oliyjanob fazilatlarni o'z qalbiga singdirib borishining asoslaridan biri bo'lib shakllanadi. Qarang, bunday oliyjanob axloqiy insonparvarlik, odamiylik to'g'risida dinimizda: “Har bir yaxshilik ehsondir. Hayrli ishga dalolat qilishlik, go'yo uni qilgandek bo'lishlikdir...”, ¬deyilgan.
Hotira va qadrlash kunini nishonlash boy an'analarimiz bo'lmish milliy urf-odat va qadriyatlarimizni ijro etish demakdir. Ularning sarasidan bo'lgan kattalarga ehtirom, piru badavlat yoshiga etganlarni e'zozlash to'g'risida muborak o'gitlarda “Kichiklarimizga rahm-shafqat qilmagan va kattalarimiz qadrini bilmaganlar bizlardan emasdir”. deyilgan insonparvarlik tamoilini ta'kidlangan.
Taraqqiyotimizning yangi bosqichida inson har doim o'tmish ajdodlarini, muhtaram ustozlarini, aziz avliyolarni xotiralar ekan, xalq va jamiyat oldidagi burch va vazifalarini yana bir bor mas'uliyat bilan xis etadi, o'zidan yaxshi nom qoldirish va ezgu ishlarni qilishga shoshiladi, o'zgalarni ham shunga chorlaydi.
Darhaqiqat, inson – hayot gultoji. Demak, ayni haqiqat, Yaratganning in'omi – ongu tafakkurning faqatgina odamzodga berilgani haqiqatga molikdir. Albatta, biz hamisha marhumlarimizni yodga olib, ularning ruhlarini shod qilish uchun savobli amallarni ijro etamiz. Zero, o'tganlarni eslash va ular uchun rahmatlar aytish, qabrlarini ziyorat qilish barchamizning diniy va insoniy burchimizdir.
Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Atrof-muhitni muhofaza qilish – bu inson salomatligi va tabiatning barqarorligini ta’minlash maqsadida atrof-muhitni asrashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasidir. Bu sohadagi faoliyat tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish, havo va suv sifatini nazorat qilish, bioxilma-xillikni saqlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Alloh bizlarni yashab turgan zaminimizni ozoda saqlagan holda obod qilishga, Uning bergan ne’matlarini asrab-avaylashga buyurib, buzg‘unchilik qilishdan, atrof-muhitga zarar yetkazishdan qaytarib, Qur’oni karimda: «...yer yuzida buzg‘unchilik qilish hamda ekin va naslni halok etish uchun harakat qiladi. Alloh esa buzg‘unchilikni suymas», – degan (Baqara surasi, 205-oyat).
Shariatimizda tuproq, suv, havo va tabiatni toza saqlash, ularning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish singari hukmlar keltiriladiki, bu bizlarga ibrat namunasi bo‘lishi lozim. Xususan, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar», – deganlar (Abu Dovud rivoyati). Aytish joizki, hech bir oriyatli, iymon-e’tiqodli inson ushbu muborak hadisda zikr etilgan nomaqbul ishlarni qilishga botinmaydi. Aksincha, shunday ishni qilayotgan kishini ko‘rgan vaqtda darhol unga tanbeh berib, bunday qilish nomaqbul ekanligini tushuntiradi.
Dinimizda buyurilgan ishlarga qonunlarimiz ham mos keladi. Konstitutsiyamizga ko‘ra yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.
Atrof-muhitdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy qoidalarni belgilaydigan va umumiy tartibga soluvchi normalar tizimida Konstitutsiya normalari alohida o‘ringa ega. Unda mamlakatning ekologik strategiyasining asosiy yo‘nalishlari, ekologik talablarni ta’minlash kafolatlari va aholining ekologik xavfsizligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ekologik normalar tizimi o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga fuqarolarning ekologik huquqlari (49-modda), fuqarolar atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatini (62-modda) kiritish mumkin.
49-moddaga muvofiq, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga fuqarolarda o‘z salomatligi va kelajak avlodning salomatligi uchun qulay tabiiy muhitda yashash, salomatligini atrof muhitning zararli ta’siridan muhofaza qilish huquqi mavjud. Ayni paytda fuqarolar tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlariga birlashish, atrof tabiiy muhitning ahvoli hamda uni muhofaza qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga doir axborotlarni talab qilish va olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 62-moddasida fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, fuqarolar tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi, tabiat boyliklariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi, ekologiya talablariga rioya etishi shart.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi. 2023 yil 31 mayda “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarning inson salomatligiga zarari oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
2024 yil 26 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon ekologik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, chiqindilar bilan ishlashda jamoatchilik ishtirokini oshirish va ekologik nazoratni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Muhtaram yurtboshimiz ta’kidlaganidek, 2025 yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bu sohadagi konstitutsiyaviy normalar va tamoyillarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlar O‘zbekistonda barqaror rivojlanishini ta’minlash fuqarolarning salomatligi va farovonligini oshirishga qaratilgan. Davlat organlari, jamoatchilik va har bir fuqaroning bu jarayondagi faol ishtiroki esa ekologik muammolarni samarali hal etishga xizmat qiladi.
Jahongir Xatamov,
O‘MI Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i