Salim ibn Jobir Hujaymiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib dedi:
– Ey Allohning Rasuli! Menga vasiyat qiling!
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam unga dedilar:
– Allohga taqvo qilgin! Idishingdagi suvni boshqaning idishiga bo'shatib berish, birodaringga ochiq yuz bilan gapirish kabi bo'lsada, yaxshiliklardan biror-bir ishni kichik sanama. Izoringni osiltirib yurishdan saqlan. U kibrdandir. Uni Alloh yaxshi ko'rmaydi. Agar bir kishi seni sendagi biladigan narsasi ila ayblasa, sen uni undagi biladigan narsang bilan ayblama. Uni o'z holiga qo'y. Gunohi o'ziga, ajri senga bo'ladi. Hech kimni so'kib haqoratlama!
Yaxshilikni kichik hisoblamang. Sizni qaysi amalingiz jannatga olib kirishini bilmaysiz!
Oddiygina mushuk o'tib ketishi uchun mashinangizni to'xtatib turishingiz ham yaxshilikdir. Bir qariyani qo'lidan tutib yo'ldan o'tkazib qo'yishingiz ham yaxshilikdir. Nogiron insonning nogironlik aravachasini etaklashingiz ham yaxshilikdir. Ko'chada ishlab yurgan ishchiga bir idishchada suv berishingiz ham yaxshilikdir. Bir qariyaga og'irlik qilib turgan yukini uning qo'lidan olishingiz ham yaxshilikdir. Bir er-xotinning o'rtasini yarashtirib qo'yishingiz ham yaxshilikdir. Hotiningizning ayblarini ko'rmaslikka olishingiz ham yaxshilikdir. Farzandlaringizni kechirishingiz ham yaxshilikdir. Qo'shningizga biror narsa hadya qilishingiz ham yaxshilikdir. Bir bemorning davolanishi uchun yordam berishingiz ham yaxshilikdir!
Yaxshilikning nihoyasi yo'q. Holiqqa olib boradigan yo'lning soni xaloyiqning nafasi miqdorichadir. Oldida shuncha ko'p yo'l bo'laturib undan yurmaganlar naqadar baxtsizdir!
Axloqingiz uchun insonlarni mezon qilib olmang. Menga yaxshilik qilsa men ham unga yaxshilik qilaman, demang. Agar yomonlikka yomonlik bilan javob beraversak yomonlik qachon tugaydi?!
Dunyoda bir ajib xulq bor. Uning nomi “o'zni baland tutish”dir. Hech kimga sizni o'zining axloqi darajasiga tushirishiga ruxsat bermang. Har qanday janjalga aralashavermang. Oldingizda paydo bo'lib qolgan har-bir urushga qatnashavermang. Kundalik hayotimizdagi ko'p janjallar arzimas maqsadlar uchun bo'ladi. Unda g'alaba qozonsangizda, g'olib bo'la olmaysiz. Ammo mag'lub bo'lsangiz mag'lubiyat alamini tortasiz. O'z axloqidan voz kechgan kishi bilan tenglashish uchun biz ham axloqimizdan voz kechsak undan nima farqimiz qoladi?!
Aqlli inson o'zi uchun baho deb faqatgina jannatni biladi. Jannatga olib bormaydigan har qanday muammoni qo'ying. Ana shunda natija qanday bo'lmasin, siz g'olib bo'lasiz. Banda birodarini avf qilsa, Alloh uning izzati va qudratini ziyoda qiladi!
Kunlar aylanaveradi. Oxirida baribir haq sohiblari g'olib bo'lishadi. Botil egalari mag'lub bo'lishadi. Bu narsa zamindagi Allohning qonunidir. Yusuf alayhissalomni quduqqa tashlagan qo'llar kuni kelib u kishidan egulik so'rab cho'zilgan edi!
Rasululloh sallollohu alayhi va sallamni jinni, yolg'onchi deganlar Fath kunida rahm qilishlarini so'rab “Sen oliyjanob kishining o'g'li oliyjanob kishisan!”, deyishgan edi!
Abdulqodir Polvonov
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.