Habaringiz bor, avvalroq O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi bo'limi mudiri Kamoliddin Mahkamov, ushbu bo'lim etakchi mutaxassisi-restavrator Saidrahmat Ikromov hamda Diniy idora Ziyorat turizmini ilmiy rivojlantirish sektori mudiri Jahongir Salomov va sharq qo'lyozmalari mutaxassisi Abdulhamid Djumanov xorij mamlakatlaridagi yirik kutubxonalar, ilmiy tadqiqot markazlari va muzeylarning tajribalarini o'rganish maqsadida xizmat safariga jo'nab ketganlari haqida xabar bergan edik.
Ushbu ilmiy safarning ilk kunlari davomida Diniy idora mutaxassislari Turkiya davlatida bo'lib, Topkapi Saroyiga, Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasiga, shu shahardagi Sulaymoniya kitob shifoxonasiga, Ankaradagi Turkiya diyonat ishlari kutubxonasi konservatsiya va restavratsiya bo'limi va Milliy kutubxonasiga hamda Millat kutubxonasiga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida kutubxonalardagi qo'lyozmalar fondi, kitoblarning saqlanish holati va ba'zi qadimiy mushaflarning nusxalari bilan tanishdilar. Kutubxonada kitoblarni saqlash, raqamlashtirish va ulardan foydalanishga oid davra suxbatlari ham bo'lib o'tdi. Suxbat jarayonida O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxona xodimlari o'zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.
Istanbul. To'p-Qopi saroyi
Shu yil 14 aprel' kuni Diniy idora mutaxassislari Topkapi Saroyiga O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko'magida tashrif buyurdilar. U erda To'p-qopi saroyi raxbari Ilhan Kochaman va To'p-qopi saroyi kutubxonasi muhofizi O'g'uleke Seyxan xonimlar bilan uchrashuv o'tkazildi.
Saroy kutubxona raxbari va muxofizi hamrohligida kutubxonadagi qo'lyozmalar fondi, kitoblarning saqlanish holati va ba'zi qadimiy mushaflarning nusxalari bilan tanishildi. Uchrashuvda mezbonlar O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi bilan yaqindan hamkorlik qilishga va kutubxona xodimlari bilan tajriba almashishga, shuningdek, ular uchun mahorat darslarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Istanbul. Sulaymoniya kutubxonasi
Shu yil 15 aprel' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari Sulaymoniya kutubxonasiga tashrif buyurdi. Sulaymoniya kutubxonasida 8–19 asrlarda yozilgan 80 ming jildga yaqin qo'lyozmalar bor. Mazkur kutubxona qo'lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish bo'yicha katta tajribaga ega.
Tashrif davomida Sulaymoniya kutubxonasida kitoblarni saqlash, raqamlashtirish va ulardan foydalanishga oid davra suxbati bo'lib o'tdi. Suxbat jarayonida O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxona xodimlari o'zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi. Shuningdek, kutubxona xodimlari Sulaymoniya kutubxonasi fondida kitoblarning saqlanishi, joylashtirilishi va yong'in xavfsizligiga oid ko'rilgan choralar bilan yaqindan tanishdi.
Istanbul. Sulaymoniya kitob shifoxonasi
Shu yil 16 aprel' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari Sulaymoniya kitob shifoxonasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida o'zbekiston mutaxassislari Turkiya qo'lyozma asarlar kengashi boshqarmasi, Kitob shifoxonasi va arxivi departamenti rahbari Nil Baydar xonim bilan uchrashuv o'tkazdi.
Nil Baydar xonim uchrashuv davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlik qilish va o'z tajribalarini bo'lishishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuvdan so'ng shifoxona rahbari Diniy idora xodimlarini u erda olib borilayotgan konservatsiya va restavratsiya tadbirlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Ma'lumot uchun, Sulaymoniya kitob shifoxonasi qo'lyozma kitoblarni restavratsiya qilish ishlarini amalga oshiruvchi va Turkiya qo'lyozma fondlariga restavrator mutaxassislarni tayyorlab beruvchi Turkiyadagi eng yirik muassasa hisoblanadi.
Ankara. Turkiya diyonat ishlari kutubxona bo'limi va Milliy kutubxonasi
Shu yil 18 aprel' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari Turkiya poytaxti Anqara shahridagi Turkiya diyonat ishlari kutubxonasi konservatsiya va restavratsiya bo'limi va Milliy kutubxonaga tashrif buyurdi. U erda idora xodimlari konservatsiya va restavratsiya bo'limida kitob va gazetalarni restavratsiya qilish bo'limi bilan tanishishdi.
Ankara. Millat kutubxonasi.
Joriy yil 19 aprel' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari Turkiya poytaxti Anqara shahridagi davlat rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan Millat kutubxonaga tashrif buyurdi. Mehmonlarni kutubxona rahbari Ayxan Tuglu kutub oldi. Kutubxonada 4 million ziyod kitoblar bor bo'lib ish zamon talablariga mos ravishda yo'lga qo'yilgan. O'MI xodimlari kutubxonada ish yuritish va qo'lyozmalarni saqlash bilan bog'liq jarayonlar bilan yaqindan tanishishdi.
Shuningdek, uchrashuvlar yakunida mezbonlar O'zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi bilan yaqindan hamkorlik qilishga va kutubxona xodimlari bilan tajriba almashishga, ular uchun maxorat darslarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

























O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati