— Er harom yo'l bilan uyga narsa olib kirib, bolalari va xotiniga edirsa, buning gunohi erning bo'ynidami? Yoki iste'mol qilmaslik kerakmi? Ikkilanib qoldik.
— Er halol yo'ldan rizq topishga harakat qilishi shart. Ahliga harom luqma edirishdan uzoq va ehtiyot bo'lishi lozim. Agar erkak kishi oilasiga harom luqma edirsa, gunohkor bo'ladi. Ahliga esa hech qanday chorasi bo'lmasa, o'lmay qoladigan darajada eyishga ruxsat bor.
Qolaversa, harom taom egan odamning necha kunlab duosi qabul bo'lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey, Anas! Luqmangizni halol qiling, kishi harom luqma esa, qirq kun duosi ijobat bo'lmaydi”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, har bir imonli kishi tanovul qilayotgan luqmasiga qattiq e'tibor qilishi va uni faqat halol yo'l bilan topishi lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim mol-dunyoni qayerdan topayotganiga parvo qilmasa, Alloh taolo ham u kishini do'zaxning qaysi eshigidan kiritishiga parvo qilmaydi” (Imom Daylamiy rivoyati).
Shu bois, ilgari onalarimiz otalarimizni ishga kuzatayotib: “Biz bu dunyoning ochligiga sabr qila olamiz, lekin do'zaxning o'tiga sabr qilolmaymiz. Allohdan qo'rqing, rizqimizni haloldan toping”, deb eslatib turishardi.
Muhammad Ayyub domla Homidov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.