بسم الله الرحمن الرحيم
Farishtalar ham hayo qilgan zot
Muhtaram jamoat! Bugun siz azizlar bilan Islom tarixida to'g'ri yo'ldagi xalifalarning uchinchisi, tirikligida jannat bashorat berilgan buyuk sahoba – Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu haqlarida suhbatlashamiz.
Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mashhur “Fil hodisasi”dan olti yil keyin Toif shahrida tavallud topganlar. Demak, u kishi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan olti yosh kichik bo'ladilar.
Usmon raziyallohu anhuning nasablari Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning nasablari bilan ham ota tarafdan, ham ona tarafdan birlashadi.
Abu Bakr raziyallohu anhu musulmon bo'lgan kunlarining o'zidayoq jannatning bashoratiga sazovor bo'lgan zotlardan besh kishining Islomga kelishiga sababchi bo'lganlar. Ana o'sha besh kishining biri hazrati Usmon raziyallohu anhu edilar.
Ibn Asokirning rivoyat qilishicha, Usmon raziyallohu anhu o'rta bo'yli, chiroyli va oppoq yuzli, yanoqlari qizg'ish, yuzida chechakdan qolgan izlar bor, soqoli qalin, ikki elkasi keng, boldirlari kichkina, bilaklari uzun, jingalaksoch, eng go'zal odamlardan edilar. Rasuli akram alayhissalom qizlari Ummu Kulsumni Hazrati Usmon raziyallohu anhuga turmushga berayotganlarida:
إِنَّ بَعْلَكِ أَشْبَهُ النَّاسِ بِجَدِّكِ إبْرَاهِيمَ وَأَبِيكِ مُحَمَّدٍ
(رَوَاهُ الامَامُ الحَاكِمُ فِي المُسْتَدْرَكِ)
ya'ni: “Sizning bo'lajak eringiz insonlar ichida bobongiz – Ibrohimga va otangiz Muhammadga eng o'xshash kishidir”, – deganlar (Imom Hokim rivoyatlari).
Payg'ambarimiz alayhissalom Usmon raziyallohu anhuga avval Ruqayya ismli qizlarini, uning vafotidan keyin esa Ummu Kulsum ismli qizlarini nikohlab berganlar. Shuning uchun ham Hazrati Usmon raziyallohu anhuni “Zun-nurayn” – ikki nur egasi deb aytiladi. Ushbu fazilatga boshqa sahobalar etisha olishmagan. Rivoyat qilinishicha, Sarvari olamning Ummu Kulsum qizlari vafot etganinida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Agar yana bir qizim bo'lganida, uni ham, albatta, Usmonga jufti halollikka berardim”, – deganlar.
Hazrati Usmon raziyallohu anhu o'ta hayoli kishi edilar. Bunga Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilingan quyidagi voqea ham ochiq dalildir: “Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam mening uyimda yonboshlab yotgan edilar. Shu payt Abu Bakr raziyallohu anhu izn so'radilar. U zotga izn berildi. U zot alayhissalom esa, haligi holatda hazrati Abu Bakr siddiq bilan gaplashdilar. So'ngra Umar raziyallohu anhu izn so'radilar. U zotga ham izn berildi. U zot alayhissalom yana haligi holatda hazrati Umar bilan ham gaplashdilar. So'ngra Usmon raziyallohu anhu izn so'radilar. U zot alayhissalom yonboshlagan holatlaridan o'tirgan holatga o'zgarib, kiyimlarini to'g'rilab, keyin hazrati Usmonni qabul qildilar. So'ngra hazrati Usmon chiqib ketganlarida men: “Yo Rasululloh, hazrati Abu Bakr kirgan edi, holatingizni o'zgartirmadingiz. So'ngra hazrati Umar kirgan edi, holatingizni o'zgartirmadingiz. Hazrati Usmon kirganda esa, o'tirib, kiyimlaringizni to'g'riladingiz?!” dedim. Shunda Rasuli akram alayhissalom:
أَلاَ أَسْتَحِي مِنْ رَجُلٍ تَسْتَحْيِ مِنْهُ الْمَلاَئِكَةُ
(رواه الامام مسلم)
ya'ni: “Farishtalar hayo qiladigan odamdan men hayo qilmas ekanmanmi?!” dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).
Usmon raziyallohu anhuga Alloh taolo tomonidan berilgan nodir sifatlardan yana biri cheksiz saxovat edi. U zot Islomga kirganlaridan boshlab, umrlarining oxirigacha har juma kuni Alloh taoloning roziligi uchun bir dona qulni ozod qilar va buni o'zlariga vazifa qilib olgan edilar. Agar ozod qilgani qul topa olmasalar, keyin topib, bo'lsa ham ozod etar edilar.
Madinai munavvarada suv taqchilligi vujudga kelib, kishilar ichgani suv topa olmay qoldi. Bu holatdan bir g'ayridin kishi foydalanib qolmoqchi bo'ldi. Uning Ruma nomli bir qudug'i bor edi. O'sha quduqning suvini qimmat narxda sota boshladi. Boyroq kishilar uning suvidan sotib olib, ichdilar, lekin ko'pchilik suvsizlik mashaqqatini cheka boshladi. Ana shu chog'da Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
مَنْ يَشْتَرِي بِئْرَ رُومَةَ فَيَجْعَلَ دَلْوَهُ مَعَ دِلَاءِ المُسْلِمِينَ بِخَيْرٍ لَهُ مِنْهَا فِي الْجَنَّةِ
(رواه الإمام الترمذي)
ya'ni: “Kim “Ruma” qudug'ini sotib olib, o'z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari). Shunda hazrati Usmon raziyallohu anhu qariyb o'ttiz besh ming dirhamga sotib oldilar. (Bu hozirgi kunda taxminan 350 ta o'rtacha tuya qiymatiga teng bo'ladi).
Bugungi kunda ushbu quduq atrofida bog' bo'lib, undagi xurmolar soni 15500 tupdan ko'proq. Rasmiy ma'lumotga ko'ra, quduqning chuqurligi taxminan 37 metrni, kengligi taxminan 4 metrni, suvning balandligi taxminan 29 metrni tashkil etadi. Alloh taoloning fazli bilan ushbu vaqfning savobi 14 asrdan beri Usmon raziyallohu anhuga borib turibdi. Modomiki, ushbu quduq mavjud ekan, undan musulmonlar manfaat olishar ekan, Usmon raziyallohu anhuga savob borib turadi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hazrati Usmon raziyallohu anhuni maqtab shunday deganlar:
لِكُلِّ نَبِيٍّ رَفِيقٌ وَرَفِيقِي فِي الجَنَّةِ عُثْمَانُ بْنُ عَفَّانَ
(رواه الإمام الترمذي)
ya'ni: “Har bir nabiyning hamrohi bordir. Mening jannatdagi hamrohim Usmon ibn Affondir”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o'zlarining sahobai kiromlaridan o'n kishiga bir paytning o'zida jannatning bashoratini berganlar. Ana shu saodatmand zotlar ro'yxatida Abu Bakr raziyallohu anhu va Umar raziyallohu anhudan keyin, uchinchi sirada hazrati Usmon raziyallohu anhu turadilar.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hazrati Usmon raziyallohu anhudan rozi holda vafot etdilar. Sarvari olam alayhissalom Rafiqi A'loga intiqol qilishlaridan oldin quyidagilarni e'lon qilganlar: “Ey odamlar! Albatta, men Umardan, Usmondan, Alidan, Tolha ibn Ubaydullohdan, Zubayr ibn Avvomdan, Sa'd ibn Abu Vaqqosdan, Abdurrahmon ibn Avfdan va avvalgi muhojirlardan roziman. Bas, ularning qadrini bilinglar”, – dedilar.
Shunday qilib, Usmon raziyallohu anhu yana bir katta baxtga erishdilar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam rozi bo'lib o'tgan saodatmand kishilar ro'yxatining avvalgi qismidan o'rin oldilar.
Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu ibodatda va taqvoda ham peshqadam sahobalardan edilar. Rivoyat qilinishicha, u zot haj kunlari Ka'baning oldida bir rak'atda Qur'onni to'liq xatm qilar ekanlar. Boshqa kunlari har juma kuni Qur'onni xatmini boshlab, payshanba kuni tamomlar ekanlar. Hazrati Usmon raziyallohu anhu Qur'on tilovati haqida shunday der ekanlar:
إِنِّي لَأَكْرَهُ أَنْ يَأْتِيَ عَلَيَّ يَوْمٌ لَا أَنْظُرُ فِيهِ إِلَى عَهْدِ اللهِ يَعْنِي الْمُصْحَفَ
(رواه الامام البيهقي)
ya'ni: “Men biror kunimni Allohning bu ahdi (ya'ni, Qur'on)ga qaramasdan o'tkazishimni yoqtirmayman” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Boshqa rivoyatda:
حُبِّبَ إليَّ مِنَ الدُّنْيَا ثَلاثٌ: إِشْبَاعُ الجَوْعَانِ، وَكِسْوَةُ العُرْيَانِ، وَتِلاَوَةُ القُرْآنِ
ya'ni: “Menga dunyodagi uchta narsa yaxshi ko'rsatildi: Ochlarni to'ydirish, kiyimsizlarni kiyintirish va Qur'onni tilovat qilish”.
Darhaqiqat, hazrati Usmon raziyallohu anhu ushbu xayrli ishlarni kanda qilmas edilar. Tobeinlardan Shurahbil ibn Muslim u zotning taqvosi va saxovati haqida so'z ketganda shunday der edi: “Usmon raziyallohu anhu odamlarga amirlarning taomini edirar edi. O'zi esa uyiga kirib, sirka bilan zaytun er edi”.
Shuningdek, tahajjud namozi bilan tunlarini bedor o'tkazish, kunduzlari uzluksiz ro'za tutish u zotning odatlari hisoblangan edi. Ibodatga bo'lgan bu oliy himmatlarini ko'rgan kishilar bundan qattiq ta'sirlanishardi. Sahobalardan Ibn Umar raziyallohu anhu Alloh taoloning:
أَمَّنْ هُوَ قَانِتٌ آنَاء اللَّيْلِ سَاجِدًا وَقَائِمًا يَحْذَرُ الآَخِرَةَ وَيَرْجُو رَحْمَةَ رَبِّهِ
ya'ni: “Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxiratdan qo'rqadigan va Parvadigorining rahmatidan umid qiladigan kishi (bilan boshqalar barobarmi?!)” (Zumar surasi, 9-oyat) oyati haqida “Bu hazrati Usmon ibn Affon haqlaridadir”, – deganlar.
Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu xalifaliklari davrida o'zlaridan avvalgi xalifalarning ishlarini davom ettirib, musulmonlar ommasi uchun foydali bo'lgan katta ishlarni amalga oshirdilar. Jumladan, Qur'ondan nusxalar ko'chirtirib, barcha o'lkalarga tarqatish, Masjidi Nabaviyni kengaytirish, musulmonlar uchun dengiz flotini tashkil etilishi, Juma namozida birinchi azonning ziyoda qilinishi, qo'riqxonalar tashkil qilish, masjidlarni xushbo'y qilish va muazzinlarga maosh belgilash kabi islohatlarni joriy qildilar.
Muhtaram jamoat! Payg'ambarimiz alayhissalom hayotlik paytlarida hazrati Usmon raziyallohu anhu fitnachilar tomonidan shahid qilinishini aytgan edilar. Hazrati Usmon raziyallohu anhuning umrlarining oxirida ayrim munofiq kimsalar fitna qo'zg'ab, odamlarni xalifaga qarshi qayradilar. Ish kattalashib, fitnachi to'dalar Madinaga bostirib kelib, hazrati Usmon raziyallohu anhuning hovlilarini qamal qilishganida, Madinadagi nizom buzildi, Usmon raziyallohu anhu behuda qon to'kilmasligi uchun sahobalardan urush qilmaslikni talab qildilar. Boshqa viloyatlardan Usmon raziyallohu anhuning himoyasiga madadlar etib kelishiga oz qolganida qo'zg'olonchilar qo'rqib, devordan oshib tushib, hazrati Usmon raziyallohu anhuning hovlilariga kirishdi. Usha paytda u zot Alloh taoloning
الَّذِينَ قَالَ لَهُمُ النَّاسُ إِنَّ النَّاسَ قَدْ جَمَعُوا لَكُمْ فَاخْشَوْهُمْ فَزَادَهُمْ إِيمَانًا وَقَالُوا حَسْبُنَا اللَّهُ وَنِعْمَ الْوَكِيلُ
ya'ni: “Kishilar ularga: “Odamlar sizga qarshi kuch to'pladilar, ulardan qo'rqinglar”, deganda bu ularning iymonlarini ziyoda qildi va: “Bizga Allohning O'zi etarli, U qanday yaxshi vakil!” dedilar” oyatini qiroat qilib o'tirar edilar (Oli Imron surasi, 173-oyat).
U kishi ularga e'tibor ham bermasdan tilovat qilaverdilar. Fitnachilar o'zlarining jirkanch jinoyatlariga qo'l urishganida ham hech qarshilik qilmay, Allohning Kitobini o'qiyverdilar. Faqat xiyonat qilichining bir zarbasi qo'llarini kesganida: “Allohga qasamki, bu qo'l Qur'on oyatlarini birinchi bo'lib yozgan qo'l edi”, dedilar, xolos. Qon otilib, mushaf sahifalariga tushayotganini ko'rib, darhol qo'llarini o'zlariga tortib oldilar. Shunday qilib ikki nur sohibi – hazrati Usmon raziyallohu anhu hijriy 35 yil 18 zulhijja, juma kuni fitnachilar tomonidan shahid qilindilar.
Alloh taolo Usmon raziyallohu anhudan rozi bo'lsin. Bu zotni Islom ummati uchun qilgan ulkan xizmatlarini qabul aylab, O'zi mukofotlasin! Omin!
Munosabat
Alloh taologa beadad shukrki, yurtimizda yuzdan ziyod millat va elat vakillari o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik muhitida yashaydi. Albatta, bashariyat uchun xayrli bo‘lgan bu hodisa zamirida yangi O‘zbekistonning bag‘rikenglik va totuvlik g‘oyalariga xayrixohlik siyosati mujassam.
O‘zbek xalqi asrlar mobaynida e’tiqod qilib kelayotgan, inson qadrini, ilm-ma’rifatni, ezgulik va bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi islom dini va payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom biz — mo‘minlarni boshqa din vakillari bilan tinch-totuv hayot kechirish, ularning haqiga rioya etish va jamiyat ravnaqi yo‘lida hamkorlik qilishga chaqirganlar.
Unutmaslik kerakki, o‘zga din vakillari bilan muomalaga kirishgan kishi ular havas qiladigan darajada go‘zal axloqli bo‘lishi lozim. Qaysi jamiyatda bag‘rikenglik tamoyillari mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha yerda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanadi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradi. Tinchlik bo‘lmagan joyda taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi bag‘rikenglik bo‘lmagan jamiyatda osudalik hukm surmaydi. Shu bois, insoniyat yer yuzida hayot kechira boshlaganidan buyon bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilib yashashga katta ehtiyoj sezadi.
Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi jamiyatda ahillik, birodarlik, o‘zaro hamjihatlik mustahkam bo‘lsa, kuchli taraqqiyotga erishilganini ko‘ramiz. El osoyishta, xalq farovonlik yashagan. Aksincha, murosasizlik, o‘zaro xusumat kuchayib, urush va mojarolar avj olgan joyda yurt vayronaga, el parokandalikka yuz tutgan. Shuning uchun islom dini turli e’tiqoddagilarni diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik tamoyillari asosida yashashga da’vat etgan.
Bugunga kelib saodat sohiliga aylangan yangi O‘zbekistondagi tinchlik va osoyishtalik, turli e’tiqod egalari orasidagi totuvlik muhiti tahsinga sazovor. Vatanimizdagi bunday holatga xorijlik birodarlarimiz ham havas bilan qaraydi.
O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik borasida kuzatilayotgan barqarorlik va millatlararo totuvlikning qator sabablari bor. Avvalo, Haq taolo bir yurtda umrguzaronlik qilayotganlarni ahil yashash va yurtni obod etishga buyurgan. Islom dinimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri bag‘rikenglikka chorlagan. Diniy bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlik tamoyili Prezidentimiz boshlagan insonparvar islohotlarning eng muhim bo‘g‘iniga aylangan. Shu bois, Vatanimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lashga hamisha ulkan e’tibor qaratiladi. Har yili yurtimizda an’anaviy o‘tkaziladigan “Bag‘rikenglik haftaligi” ham ana shu yuksak e’tibor mevasidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik” (Hujurot surasi, 13-oyat). Bu oyati karima odam bolalari o‘rtasidagi tenglik va do‘stlikka dalolat qilguvchi, ma’rifatga chorlovchi ilohiy nido aslida.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi shariflarning birida “Odamlarga tashakkur aytmagan Allohga ham shukr qilmaydi”, deyiladi. Yurtimizdagi tinchlik, barqarorlik muhiti, diyorimizda yashayotgan turli din va millat vakillari orasidagi totuvlik mustahkamligi, qo‘shni davlatlar va u yerlarda yashayotgan xalqlar bilan yuzaga kelgan do‘stona aloqalar uchun Alloh taologa beadad shukr qilgan holda unga sababchi bo‘lgan davlatimiz rahbariga – yangi O‘zbekiston me’moriga, albatta, tashakkur izhor qilish lozim.
Atrofimizdagi qo‘shni xalqlar va millatlar bilan do‘stona aloqalarimiz yangi O‘zbekiston rahbarining insonparvar qarashlari va islohotlari tufayli mutlaqo samimiy, ishonch va birdamlik bosqichiga kirdi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida bunday yozadi: “Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga o‘tyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda”.
Vatanimizdagi keng ko‘lamli islohotlar aniq maqsadlarga xizmat qiladi. Bu maqsadlar zamirida esa, shubhasiz, inson qadri mujassam. Dinimiz ko‘rsatmalariga hamohang tarzda yangi O‘zbekistonda qabul qilinayotgan qonun-qoidalar va me’yoriy hujjatlar ham e’tiqod erkinligi, inson sha’nini hurmatlash va haq-huquqlarni himoya qilishni ko‘zlaydi. O‘zbek xalqining mutlaq xayrixohligi bilan qabul qilingan, ezgu niyatlar bilan yangilangan bosh qonun – O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakat fuqarolarining munosib hayot kechirishi, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, ko‘p millatli jonajon Vatanimizning farovonligini va gullab-yashnashini nazarda tutadi.
Bosh qonunning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb yozilgan. Shu yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ham davlatchiligimiz tarixi va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan. Mazkur konsepsiya fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, diniy konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida har yili 16 noyabr Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Mazkur sana munosabati bilan “Bag‘rikenglik haftaligi” tashkil etilishi hamda shu haftalik doirasida turli anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, taqdimotlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan.
Jamiyatimizda dinlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni keng targ‘ib etgan, o‘zaro hamkorlik rivojiga munosib hissa qo‘shganlarni taqdirlash uchun Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.
O‘zbekiston xalqi bu yorug‘ olamda yashayotgan bag‘rikeng va mehmondo‘st xalqlar qatorida zikr etiladi. Azaldan diyorimizda yashab kelayotgan turli millat va elat vakillari o‘zaro yelkadosh bo‘lib, bir-birining og‘irini yengil, mushkulini oson qilgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, to‘y va ma’rakada ham ko‘p millatli xalqimizning hamjihatligiga hamisha guvohmiz.
Parvardigorimiz barcha millat va e’tiqodlar orasida adolat bilan ish tutishga chaqiradi. Chunki bashariyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havvodan tarqalgan. Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘ygan. Insonlarning turfa xalq va qabilalarga bo‘linishining hikmati esa o‘zaro tanishish, hamkorlik va ma’rifatda bardavom bo‘lishdadir.
Muqaddas dinimiz o‘zidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish barobarida ularga va ularga e’tiqod qiluvchilarga muruvvat ko‘rsatishni buyuradi. Bu haqiqatni o‘ta ulkan zakovati bilan anglay olgan movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorik ut-tanzil” asarida “Mumtahana” surasining 8-oyatini bunday tafsir qilgan: “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating, ularga so‘z bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada bo‘ling!”
Ulug‘ allomaning tafsirda bunday xulosaga kelishiga hazrati payg‘ambar alayhissalomning Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni o‘z masjidlariga tushirganlari va: “Ular bizning sahobalarimizni hurmat qilgan edilar. Men ularni izzat-ikrom qilishni xush ko‘raman”, deb shaxsan o‘zlari ularga xizmat qilganlari haqidagi dalil sabab bo‘lgandir, ehtimol.
Islom tarixida bunday voqealar juda ko‘p...
Islom ta’limoti o‘zga din va millat vakillari bilan hamisha chiroyli va bag‘rikeng munosabatda bo‘lishga chorlaydi. Bu go‘zal chorlovdan hosil bo‘lgan ezgu an’analar bugun ham bardavom. Xususan, imomlar homiylar va hojilarni jalb qilgan holda o‘zi faoliyat yuritadigan masjid joylashgan mahalla hududidagi ehtiyojmand oilalar holidan muntazam xabar olib turadi. Bu holatda qaysi millat yo din vakili bo‘lishidan qat’i nazar, ehtiyojmandlarga ham moddiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. E’tibor va ardoqdan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan yurtdoshlarimiz esa el-yurtimiz tinchligi va farovonligini so‘rab duo qiladi.
“Yomg‘ir bilan yer ko‘karadi, duo bilan el ko‘karadi” deydi dono xalqimiz. Shu ma’noda aytish mumkinki, bugun xalqimizga yetayotgan jami yaxshiliklarga yurt egasining ezgu maqsadi, shu maqsadning amaliy qadamlari va bu qadamlardan manfaat ko‘rayotgan fuqarolarning chin dildan qilayotgan samimiy duolari sabab.
Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha mo‘min-musulmonlarning, millat va elatlar vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishida madadkor bo‘lsin. Yangi O‘zbekistonning, inson qadrining faol himoyachisi bo‘lgan muhtaram Prezidentimizning jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi ezgu ishlariga qut-baraka yog‘ilaversin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy,
“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi