— Tahorat ustiga tahorat olsa, 10 ta savob yoziladimi?
— Tahorati yo'q kishi namoz o'qishdan oldin tahorat olishi farz. Agar tahorati bo'lsa, tahoratini yangilashi mustahabdir.
Abu G'utayf al-Huzaliy rivoyat qiladi: “Men Abdulloh ibn Umarning oldida edim. Peshinga azon aytilganda, tahorat qilib namoz o'qidi. Asrga azon aytilganda ham tahorat qildi. Men undan buning sababini so'raganimda, u: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahorat ustiga tahorat qilsa, Alloh unga o'nta hasana (savob, yaxshilik) yozadi”, deganlar”, deb javob berdi” (Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyati. Rivoyat sanadi zaif).
Kimning tahorati bo'la turib, yana tahorat qilsa, Alloh taolo unga o'nta yaxshilik yozadi. Buni ulamolar turlicha talqin qilishgan. Ba'zilar: “Unga o'n marta tahorat qilganlik savobi yoziladi”, desa, boshqalar bu ishni qilganlarga o'nta savob yozilishini aytishgan. Nima bo'lganda ham, tahorat ustiga tahorat qilish bilan banda maqomi ko'tarilishi va ajr-savobi ko'payishi shubhasiz.
Muhammad Ayyub domla Homidov
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).