Fitr sadaqasi ro'zadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqadir. U ro'zador uchun Ramazon oyi davomida aytgan behuda gap-so'zlari, qilgan xato va kamchiliklarini yuvish hamda kambag'al-miskinlarga taomlanish imkonini berish maqsadida joriy qilingan.
Hanafiy mazhabida fitr sadaqasi vojib amal hisoblanadi.
QAChON BYeRILIShI KYeRAK?
Fitr sadaqasini Ramazon hayiti kuni tong otgandan boshlab hayit namoziga chiqishdan oldingi vaqtga qadar berish vojib hisoblanadi. Ramazonning avvalidan berilsa ham bo'ladi.
Ammo Hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak. Agarda kishi fitr sadaqasini iyd namozigacha bera olmasa, namozdan keyin beradi, lekin savobi Ramazon vaqtida berganchalik bo'lmaydi, ammo berishi shart. Ya'ni uni berolmay qolgan kishi zimmasida fitr sadaqasini berish vojib bo'lib qolaveradi.
KIMLAR BYeRIShI KYeRAK?
Musulmon erkagu ayol, balog'atga etgan-etmagan, xoh oqil, xoh majnun bo'lsin, nisob egasi bo'lsalar zimmalariga fitr sadaqasini berish vojib bo'ladi. O'zida pul yo'qlarning nomidan ularga nafaqa berish lozim bo'lgan shaxslar beradi.
Shunga ham diqqat qilish kerakki, kishi balog'atga etgan farzandlari va xotini uchun fitr sadaqa berishi vojib emas. Agar balog'atga etgan farzandlari va ayoli uchun, ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo'ladi.
Hayit kechasi tug'ilgan chaqaloq uchun ham otasi fitr sadaqa berishi vojib bo'ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun esa vojib bo'lmaydi.
KIMLARGA BYeRILADI?
Fitr sadaqasi musulmon kambag'al-miskinlarga beriladi. "Fatavoi Hindiya" kitobida keltirilishicha, fitrni berishda eng afzali, avvalo, aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So'ngra ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so'ngra ularning farzandlari. Tog'a-xolalar va ularning farzandlari so'ng yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo'shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqli hisoblanadi.
KIMLARGA BYeRILMAYDI?
Fitr sadaqasi nisob miqdoricha moli bo'lgan boy kishiga, o'zining ota-onasi, bobo-momosiga, o'zining o'g'il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berish mumkin emas.
Shuningdek, g'ayridinlarga, fisq ishlarini ochiq-oydin qilib yuruvchi fosiqqa, boyga, sog'-salomat va ishlashga qodir bo'laturib ishlamay yurganga berib bo'lmaydi. Bundan tashqari, gunoh va ma'siyatga, shuningdek musulmonlarga zarar keltiradigan har qanday ishlarga sarflaydigan kimsalarga berilmaydi.
Fitr sadaqasi muhtojlarning qo'llariga mol sifatida berilishi lozim. Bu pullar masjid qurilishi, umumiy xayriya ishlari uchun berilishi joiz emas.
RO'ZA TUTMAGANLAR HAM FITR SADAQASINI BYeRADIMI?
Biror uzr sababli ro'za tuta olmaganlar ham o'zlari yoki ular nomidan nafaqa berishi kerak bo'lgan odam fitr sadaqasini berishi kerak.
QANChA MIQDORDA BYeRILADI?
2022 yil uchun har bir jon boshiga fitr sadaqasining miqdori:
2 kilogramm bug'doy 10 000 (o'n ming) so'm;
4 kilogramm arpa 16 000 (o'n olti ming) so'm;
2 kilogramm mayiz 100 000 (yuz ming) so'm;
4 kilogramm xurmo 160 000 (bir yuz oltish ming) so'm deb belgilandi.
Har kim o'z imkoniyatiga qarab ushbu to'rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Eslatma! Fitr sadaqasi qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilangan bo'lib, har bir viloyat o'z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#fitr
Muslim.uz
@muslimuzportal | @mp3muslim | @diniysavollar
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ka’ba xizmati va qorovulligi deganda ulug‘ Ka’baga xizmat qilib, uni qulflab ochish tushuniladi. Bu arab tilida «Sidana val xijaba» deyiladi. Birinchi bu narsa Ismoil alayhissalom qo‘llarida bo‘lgan. Keyin o‘g‘illari Sobit va uning bolalariga o‘tgan. So‘ngra tog‘alari qo‘lida, ya’ni Jurhumda bo‘lgan. So‘ngra Kusay ibn Qilob qo‘liga yetib kelgunicha Xuzo’ada bo‘lgan. Qusay ibn Qilob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘rtinchi bobolaridir. Hijriy sakkizinchi yili Makka fath bo‘lganidan keyin Payg‘ambar alayhissalom Usmon ibn Talhadan Ka’baning kalitini so‘radilar-da, Ka’bani ochib, unga kirib chiqdilar, so‘ng: «Ogoh bo‘ling! Har bir johiliyatdagi qon yoki mol, yo obro‘-e’tibor mana bu ikki oyog‘im ostidadir. Lekin hojilarning xizmati va Ka’ba qorovulligi unday emas. Men uni johiliyatda kim boshqargan bo‘lsa, o‘sha kishida qoldirdim», deb quyidagi oyatni o‘qidilar:
«Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» (Niso surasi, 58-oyat).
Keyin Usmon ibn Talxani chaqirib, kalitni unga topshirdilar-da: «Ey Talha farzandlari, mana buni olinglar, u avloddan-avlodga o‘tib, abadiy sizlarda qoladi. Sizlardan uni faqatgina zolimlargina tortib oladi», dedilar («Majma’uz-zavoid»).
Ibn Kasirning ifoda etishlaricha, ko‘pgina mufassirlar quyidagi: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» oyati Usmon ibn Talha haqlarida nozil bo‘lgan, deyishadi. Shu oyatga binoan kalit ularga topshirildi. Usmon vafot etganlarida amakilarining o‘g‘li Shayba oldi, keyin Shaybaning bolalari egalik qilishdi. Mana shu alfozda kattalardan meros bo‘lib qolaverdi. Ular Shaybiylar deb ataladi. Hadisdagi: «Abadiy sizlar u kalitni qo‘lga kiritinglar...» degan gapda Abu Talha bolalarining nasli va Ka’ba qorovulligi qiyomatgacha davom etishiga ishora bordir.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boqiy qoluvchi mo‘jizalaridan edi. Chunki Ka’ba qorovulligi eng buyuk va ulug‘ hamda raqobatchilar raqobat qiladigan vazifalardandir. Ayniqsa, hokim va nufuzli kishilar bu narsaga ko‘proq qiziqishadi. Ushbu vazifaning Shayba oilasiga topshirilishi esa qo‘lida yeru osmon mulki bo‘lgan Zot ularni (har xil yomonliklardan) himoya etishiga dalildir.
Hozirgi kunga qadar ham ushbu kalit ana shu axd vakillari bo‘lmish Banu Shayba qo‘lidadir. U kalitning uzunligi 40 sm sof oltin bilan ishlangan, ipakli qutida saqlanadi. U quti har yili kisva fabrikasida tayyorlanadi. Ustiga: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» deb yozib qo‘yilgan. Boshqa tomoniga: «Buni yasashga ikki sharafli haram xodimi Fahd ibn Abdulaziz tomonidan amr etilgan», deb yozib qo‘yilgan.
Ka’ba eshigining qulfi sulton Abdulhamid Usmoniy tomonidan hijriy 1309, milodiy 1891 yili yasalgan eski qulf asosida hijriy 1399, milodiy 1979 yili yangi qulf qayta ishlandi. Bu o‘zgartirish yangi eshikka munosib bo‘ldi. Uni qayta ta’mirlashga ehtiyoj qolmadi. Bu qulfning uzunligi 34 sm Har tomonining eni 6 sm dan. Har bir tomonida sariq misdan bir bo‘lak bor. U tomonlarning uzunligi 8 sm, eni 2 sm Qulfga quyidagi ibora o‘yib yozilgan: «Xolid ibn Abdulaziz oli Saud tomonidan hijriy 1399 yili yasalgan».
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi,
haj va umra manosiklari" kitobidan.