Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Aprel, 2026   |   18 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:35
Quyosh
05:57
Peshin
12:30
Asr
17:00
Shom
18:58
Xufton
20:13
Bismillah
07 Aprel, 2026, 18 Shavvol, 1447

Ramazon hayitingiz muborak bo'lsin!

30.04.2022   9262   14 min.
Ramazon hayitingiz muborak bo'lsin!

بسم الله الرحمن الرحيم

RAMAZON HAYITINGIZ MUBORAK BO'LSIN!

Muhtaram jamoat! Alloh taoloning tavfiqi bilan muborak Ramazon oyini kunduzlarini ro'zador, kechalarini xatmi Qur'onlarda qoim bo'lib o'tkazdik. Ibodatlarni oson qilgani, zavqu shavq bergani uchun Rabbimiz Alloh subhanahu taologa beadad hamdu sanolarimiz bo'lsin!

Barchamiz behad xursandchilik bilan dinimizdagi katta bayramlardan biri – Iydul-fitr kunida hozir bo'lib turibmiz. Bu vaqt – ibodatlarga savob olinadigan, Alloh taoloning fazli-marhamati bilan gunohlar kechiriladigan fursatdir.

Dinimizda Ramazon hayiti va Qurbon hayiti kunlarini mo'min-musulmonlar uchun bayram kuni etib belgilangan. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida madinaliklarning ko'ngilochar ikki kunlari bor edi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Bu qanday kunlar?”, deb so'radilar. Ular: “Johiliyatda bu kunlari ko'ngillarimizni xush qilardik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bu ikki kunni ulardan ham yaxshi qurbonlik va fitr kunlariga almashtirdi”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ushbu hadisdagi “fitr kuni”dan murod – Ramazon hayiti kunidir. Qurbon hayiti va Ramazon hayiti kunlarida har bir musulmon o'z xursandchiligi, saxovati va yuksak odob-axloqini har qachongidan ko'ra ko'proq izhor qilishi kerak.

Bir oy davomida mo'min-musulmonlar ko'tarinki kayfiyatda tarovehlar, xatmi Qur'onlarda ishtirok etdilar. Qur'oni karimni boshidan-oxirigacha to'liq tinglash baxtiga muyassar bo'ldilar. Bu oyda tajribali, xalqqa manzur ulamolarimiz va imom-xatiblarimiz bel bog'lab xalq xizmatida bo'lib, yurtdoshlarimizga ma'naviy ozuqa bo'ladigan mavzularda pand-nasihatlar qildilar.

Ramazon oyi davomida masjidda ibodat uchun ishtirok etish, ro'za tutib nafsidan ustun bo'lish, xayr-u sadaqotlar qilish, chiroyli xulqlar bilan sifatlanish kabi ishlar yil bo'yi davom etishi lozim bo'ladi. Bu oyda hosil bo'lgan taqvo va chiroyli xulq kelgusi Ramazon oyiga qadar ham davomiy bo'lishi kerak. Zero, Ramazonda g'ayrat qilib qolgan oylarda g'aflatda qolmaylik. Chunonchi, Alloh taoloning rahmat eshiklari doim ochiqdir.

Islomdagi besh farzdan boshqa farzlar ham borki ular jamiyatdagi o'zaro do'stlik aloqalari, halollik va bag'rikenglik ruhi tarqalishiga sabab bo'ladi. Jumladan:

  1. Ota-onaga yaxshilik qilish ularning roziligini olish; Qur'oni karimning bir nechta o'rinlarida Alloh taolo o'ziga ibodat qilishga buyurgan o'rinlarda ota-onaga yaxshilik qilishga buyuradi:

 وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا

 (سورة النساء / الآية 36)

ya'ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz!” (Niso surasi, 36-oyat).

  1. Silai rahm aloqalarini bog'lash; Qarindoshlik aloqalarini uzmaslik, aksincha muntazam munosabatlarni mustahkamlash zarur. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday dedi:

 وَالَّذِينَ يَصِلُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ وَيَخَافُونَ سُوءَ الْحِسَابِ   

ya'ni: “Ular Alloh bog'lanishga buyurgan narsalarni (ya'ni qarindoshlar bilan aloqani) bog'laydilar, Parvardigorlaridan qo'rqadilar va (oxiratda) hisob-kitobning noxush kechishidan cho'chiydilar” (Ra'd surasi 21-oyat).

  1. Qo'ni-qo'shnichilik aloqalarini yaxshilash; Payg'ambarmiz sallalohu alayhi vasallam qo'shniga yaxshilik qilish va uni ikrom qilish haqida bunday deganlar:

مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيُكْرِمْ جَارَهُ

(رواه الإمام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)

ya'ni:“Kimning Allohga va oxirat kuniga imoni bo'lsa, qo'shnisini izzat-ikrom qilsin”  (Imom Buxoriy rivoyati).

  1. Halol kasb-kor qilish, haromdan chetlanish; Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

لَأَنْ يَأخُذَ أحَدُكُمْ أحبُلَهُ ثُمَّ يَأتِيَ الجَبَلَ ، فَيَأْتِيَ بحُزمَةٍ مِنْ حَطَب عَلَى ظَهْرِهِ فَيَبِيعَهَا ، فَيكُفّ اللهُ بِهَا وَجْهَهُ ، خَيْرٌ لَهُ مِنْ أنْ يَسْألَ النَّاسَ ، أعْطَوْهُ أَوْ مَنَعُوهُ 

(رواه الامام البخاري عن الزبير بن العَوَّام رضي الله عنه)

ya'ni:Birortangiz arqonini olib toqqa borishi, u erdan bir bog' o'tinni orqalab kelib, (odamlarga) sotishi va Alloh shu (kasb) sababli uni tilanchilikdan asrashi, uning odamlardan tilanishi ular yo berib, yo bermasliklaridan yaxshiroqdir(Imom Buxoriy rivoyati).

  1. Muhtojlarga yordam qo'lini cho'zish; Alloh taolo bu haqda shunday degan:

إِنْ تُبْدُوا الصَّدَقَاتِ فَنِعِمَّا هِيَ وَإِنْ تُخْفُوهَا وَتُؤْتُوهَا الْفُقَرَاءَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ

وَيُكَفِّرُ عَنْكُمْ مِنْ سَيِّئَاتِكُمْ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

ya'ni: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag'allarga pinhona bersangiz – o'zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o'tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara surasi, 271-oyat).

  1. Chiroyli xulqlarga amal qilish; Go'zal xulq – jannatga kirishga sababdir. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

أناَ زَعِيْمٌ بِبَيْتٍ فِي رَبَضِ الْجَنَّةِ لمَن تَرَكَ الْمِرَاءَ وَإِنْ كَانَ مُحِقًّا ، وَبِبَيْتٍ فِي وَسَطِ الْجَنَّةِ لِمَنْ تَرَكَ الكَذِبَ وَإِنْ كَانَ مَازِحًا ، وَبِبَيْتٍ فِي أَعْلَى الْجَنَّةِ لِمَنْ حَسُنَ خُلُقُهُ 

(رواه الإمام أبو داود عن أبي أمامة الباهلي رضي الله عنه)

ya'ni: “Garchi haq bo'lsa ham tortishmagan kishiga jannatning chetidan uy berilishiga kafilman. Garchi hazillashib bo'lsa ham yolg'on gapirmagan kimsaga jannatning o'rtasidan uy berilishiga kafilman. Hulqi chiroyli bo'lgan kishiga esa jannatning eng oliy joyidan uy berilishiga kafildirman” (Imom Abu Dovud rivoyati).

  1. Ilm o'rganib, unga amal qilish; Dunyoda ilmdan ko'ra yuksak daraja va martaba yo'qdir! Alloh taolo aytadi:

 يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

 ( سورة المجادلة/11)

ya'ni: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).

  1. Er-xotinlik burchlariga amal qilish; Alloh taolo O'z kitobida shunday marhamat qilgan:

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا

ya'ni: Ular (ayollar) bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko'rsalaringiz, (bilib qo'yingki,) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin (Niso surasi, 19-oyat).

  1. Farzand tarbiyasiga e'tiborli bo'lish; Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarining birida shunday marhamat qildilar:

مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ

(رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Ota o'z bolasiga chiroyli odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Ota-ona va farzand tarbiyasiga mas'ul bo'lgan shaxslar yosh avlodni rostgo'ylik, va'daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o'zgalarga mehr-oqibatli bo'lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga etkazishga katta ahamiyat qaratishlari – dinimiz talabidir!

Demak, yuqorida zikr qilingan dinimiz ko'rsatmalariga barchamiz doimo amal qilib yashasak, ikki dunyoda ham saodatli bandalar qatorida bo'lamiz, inshaalloh.

Muhtaram jamoat! Kuni kecha Prezidentimizning Ramazon hayitini nishonlash to'g'risidagi qarori chiqdi. Keyingi paytlarda guvohi bo'lib turganimiz, diniy sohada jadal islohotlar davom etmoqda. Yangi masjidlar ochilishi, eskilarini qayta ta'mirlanishi, Umra ziyoratining qayta yo'lga qo'yilgani, haj ziyoratining qayta yo'lga qo'yilish arafasida turilgani, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiya markazi qurilishi qizg'in davom etayotgani va boshqa shu kabi ishlar xalqimiz ma'naviy hayotiga ko'tarinki kayfiyat olib keldi. Bunday islohotlar hur, istiqboli porloq vatanimizga yarashadi, albatta. Yana shuni unutmasligimiz lozim, bunday islohot-u yutuqlar odilona olib borilayotgan siyosat, xalqni rozi qilish uchun qattiq harakat va tinchlik xotirjamlikning natijasidir. Mana shu tinchlik farovonlikni saqlab qolish har bir katta-kichik vatandoshning burchidir.   

    Azizlar! Endi hayit namozi qanday o'qilishi haqida suhbatlashamiz. Birinchi, niyat qilib namozga kirishiladi. Ya'ni, “Ramazon hayiti namozini   imomga iqtido qilgan holda o'qishni niyat qildim” deb, “Allohu akbar”ni aytib quloq qoqiladi. Keyin qo'lni qovushtirib, har kim ichida sano (Subhanakallohumma...) duosini o'qiydi. So'ngra imom qo'llarini quloqlariga ko'tarib, uch marta takbir aytadi. Jamoat ham qo'llarini quloqlariga ko'tarib uch marta takbir aytadi. Takbirlar orasida qo'llar bog'lanmaydi, yonga tashlanadi. To'rtinchi takbir aytilgach, qo'llar bog'lanadi, qiyom holida turiladi.

Keyin imom ichida “A'uzu”ni va “Bismillah”ni aytib, ovoz chiqarib “Fotiha” surasini va zam surani o'qiydi. Qavm jim eshitadi. Qiroatdan so'ng takbir aytib, ruku va sajdalar qilinib, ikkinchi rakatga turiladi.

Ikkinchi rakatda imom “Fotiha” surasi bilan zam sura o'qiydi. Qiroatdan so'ng rukuga bormay turib, xuddi birinchi rakatdagi kabi, imom va jamoat birgalikda uch marta ikki qo'lni ko'tarib, takbir aytadilar. Takbirlar orasida qo'llarini bog'lamay, yonga tashlaydilar. Va to'rtinchi takbirni aytib, rukuga boradilar va sajda qiladilar. Sajdadan so'ng o'tirib, tashahhud, salovat va duo o'qib, salom berib, namozni tugatadilar.

Yana bir-bor barcha mo'min-musulmonlarni Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz! Alloh taolodan yurtimiz hamisha obod, halqimiz tinch va ittifoqlikda yashashini, farovon bo'lishini so'rab duoi xayrlar qilamiz! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mir Arabda tahsil olayotgan talabalar holidan xabar olindi

06.04.2026   3231   1 min.
Mir Arabda tahsil olayotgan talabalar holidan xabar olindi

Buxoro viloyatida joylashgan Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurtida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Alisher domla Naimov va talabalar bilan uchrashuvi tashkil etildi.


Muloqotda yurtimizda Davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohadagi yangilanishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda diniy ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilib, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, talabalar uchun yanada qulay va zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa kelajakda yuksak bilimli, keng dunyoqarashga ega mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
 

Shuningdek, uchrashuvda ta’lim dargohida tahsil olayotgan farg‘onalik talabalarning o‘qish jarayoni, yashash sharoiti va kelgusi rejalari bilan qiziqilib, ularga ilmiy izlanishlarda yanada faol bo‘lish, vaqtdan unumli foydalanish hamda yuksak odob-axloq sohibi bo‘lib yetishish borasida tavsiyalar berildi. 
 

Tadbir doirasida talabalar uchun dasturxon yozilib, samimiy suhbatlar davom etdi. Bunday e’tibor talabalarning ko‘nglini ko‘tarib, ularni yanada ilhomlantirdi.

Shu bilan birga, ta’lim muassasasiga zamonaviy o‘quv jarayonini qo‘llab-quvvatlash maqsadida smart doska sovg‘a qilindi.

Ushbu jihoz ta’lim sifatini yanada oshirish, darslarni zamonaviy usullarda tashkil etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Farg‘ona viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Mir Arabda tahsil olayotgan talabalar holidan xabar olindi Mir Arabda tahsil olayotgan talabalar holidan xabar olindi Mir Arabda tahsil olayotgan talabalar holidan xabar olindi
O'zbekiston yangiliklari