— Janoza o'qilgandan keyin hamma ham mozorga bormaydi, yarmi uyda qoladi. Shunda uyda qolganlar mayyit hali mozorga etib bormasidan Fotiha surasini, umuman Qur'on suralaridan o'qishlari mumkinmi?
— Mayyitning haqiga dafndan keyin Qur'on tilovat qilish afzaldir. Hanafiy olimlari keltirishlaricha, “Fatavoi hindiyya” kitobida: “Mayyit dafn etilgach, qabr oldida bir hayvonni so'yib, go'shtini taqsimlab bo'lguncha miqdorda tilovat qilib, mayyitga duo qilish mustahabdir”, – deyilgan.
Imom Navaviyning “Al-Azkor” kitobida keltiriladi: “Mayyitni dafn qilib bo'lingach, bir hayvonni so'yib, taqsimlangunicha qabr boshida o'tirish mustahab amaldir. O'tirganlar Qur'on tilovati, mayyitga duo, va'z, xayr ahlining hikoyalari va solihlarning suhbatlariga mashg'ul bo'lishadi. Imom Shofe'iy va u zotning ashoblari Qur'ondan ba'zi qismlari o'qiladi. Bordiyu Qur'onning barchasi xatm qilinsa, yanada yaxshiroq bo'ladi”, – deyishgan.
Muhammad Ayyub domla Homidov
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.