18 aprel' kuni bo'lib o'tgan Halqaro yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash kunini nishonlash uchun qirol Abdulaziz jamoat kutubxonasi payshanba kuni Ar-Riyodda islom va arab madaniyatining boy tarixini namoyish etadigan noyob muqaddas Qur'onlar ko'rgazmasini o'tkazdi.
Islam.ru xabariga ko'ra, kollektsiya 267 ta Qur'on va 20 ta qimmatli muzey nusxasidan iborat bo'lib, ularning aksariyati hijriy 10-13 asrlar oralig'ida, ya'ni eramizning 15-19 asrlari oralig'ida yozilgan.
Kutubxonada noyob tangalar va xattotlik san'atini qo'shganda arab va islom merosi tasvirlangan boshqa kollektsiyalar ham mavjud.
Ko'rgazmada taqdim etilgan noyob Qur'on 30 varaqdan iborat. Birinchi foliant yorqin ranglar va oltin suvdan foydalangan holda gul naqshlari bilan bezatilgan.
Qolgan sahifalar butunlay zarhal qilingan va yon ramkalarda milodiy 1240 yoki milodiy 1824 yillarda yaratilgan nasx xati bilan rangli va zarhal gul naqshlari mavjud.
1025 hijriy yoki 1616 milodiy Ramazon oyida Ka'ba qarshisida Makkada yozilgan Al-Fotiha surasidan tortib to Nas surasigacha bo'lgan yana bir to'liq Qur'on kollektsiyaning bir qismi hisoblanadi.
Shuningdek, turli xil gulli bezaklar bilan hind Qur'onlari, shuningdek, xitoy, kashmir va mamluk ishlab chiqarishidagi ajoyib namunalar mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi