Qur'oni karim va hadisi shariflarda tush va unga tegishli masalalar bayon qilingan. Shariatimizda yaxshi tushlar mo'minga bashorat sifatida qabul qilinadi, lekin tush dalil-hujjat bo'la olmaydi. Faqat payg'ambarlarning tushlarigina vahiy sifatida e'tiborga olinadi. Ulardan boshqa odamlarning rost tushlari amal qilinishi shart bo'lgan ish emas, balki kelajakdagi biror yaxshilikdan bashorat bo'ladi, xolos. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, zid kelsa, qat'iy amal qilinmaydigan ishdir.
Payg'ambarimiz alayhissalomni ko'rish ham rost tushlardan hisoblanadi. Hayotda shayton u zotning suratiga kira olmagani kabi, tushda ham suratlariga kira olmaydi. Hadisi sharifda Nabiy sollallohu alahi vasallam:
"مَنْ رَآنِي فِي المَنَامِ فَقَدْ رَآنِي فَإِنَّ الشَّيْطَانَ لاَ يَتَمَثَّلُ بِي"
(أخرجه البخاري)
ya'ni: “Kim meni tushida ko'rsa, haqiqatda o'zimni ko'ribdi. Chunki shayton mening suratimga kira olmaydi”,deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Lekin Payg'ambarimiz alayhissalomni tushda ko'rish fazilat va odamlar tomonidan ulug'lanadigan ish bo'lganidan U Zot alayhissalomni tushda ko'rganini aytuvchilar uchrab turadi. Tobe'inlar davrida ham bu narsa tez-tez uchrab turganidan, o'sha zamonda tushlarni ta'bir qilish bilan mashhur bo'lgan Ibn Sirin kim Payg'ambarimiz alayhissalomni tushda ko'rganini aytsa: “Qani menga ko'rganingni sifatlab berchi”, der ekanlar. Agar so'zlovchi Payg'ambarimiz alayhissalomni Ibn Sirin bilganidek (ya'ni, siyrat kitoblarida ta'riflanganidek) sifatlamasa: “U Zotni ko'rmabsan”, der edilar (Isnodi sahih).
Alloh taolo Payg'ambari vositasida shariatni komil, dinini to'liq qildi. Payg'ambarimiz alayhissalom bu dunyodan o'tganlaridan keyin U Zotni tushida ko'rgan odamga bir narsani buyursalar yoki qaytarsalar, bu narsa hujjat bo'lishiga birorta dalil kelmagan. Balki Alloh taolo din komil bo'lgandan keyingina Payg'ambarini ruhini qabz qildi. Buning ustiga Payg'ambarimiz alayhissalom o'zlari keltirgan Islom shariatini mahkam tutish, boshqasiga ergashmaslik, dinga kiritiladigan yangiliklardan uzoq bo'lishni buyurib ketgan edilar.
Hozirgi kunda kuzatiladigan ajib holat shuki, ba'zi kishilar tushida Payg'ambarimiz alayhissalomni ko'rgani va U Zot alayhissalom ba'zi bir savobli ishlar: etimni boshini silash, ko'proq istig'for aytish va hakazolarga buyurganlarini aytadilar. Atrofdagilar esa bu amallarni qilishimiz kerak ekan, deb shov-shuv ko'tarib o'sha amallarga urg'u bera boshlaydilar. Vaholanki o'sha amallar Qur'oni karim oyatlari va sahih hadisi shariflarda buyurilgan, turibdi. Bu ishlarni Payg'ambarimiz alayhissalom hayotlik chog'larida aytganlar va u ko'pchilik tomonidan o'yg'oqlikda eshitilib yodlab olingan. Qur'oni karim va hadisi sharifning martabasi tushning martabasidan chandon marta ortiq. O'zini bilgan ummatlar tushda buyurilmasdan avval ham bularga amal qilib yurishibdi, albatta. Nega ba'zi birlarimiz shar'iy hukmlarni o'qib amal qilmaymizu, bir kishi tush ko'rib aytsa, amal qilamiz?! Bu nimaga dalolat qiladi?! Soxtakorlik va riyokorlikka berilib ketishgami?! Bu savobli ishlarga amal qilmoqchi bo'lgan kishiga kimdir Payg'ambarimiz alayhissalomni tushida ko'rishi shart emas.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, ko'rmagan tushini ko'rdim deb, to'qima tush aytish shariatimizda eng katta bo'hton-yolg'onchilik sanaladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu mavzuda yo'l qo'yiladigan xatolar shuki, ba'zilar tushimda xudo bilan gaplashdim, deb payg'ambarlikni da'vo qiladi. Ba'zilar tonggacha tush ko'rib, kechgacha uni odamlarga aytish, yo ta'birini izlash, yo so'rash bilan kunni kech qiladi. Aslida inson tush ko'rgani uchun savob olmaydi va gunohkor ham bo'lmaydi, lekin, shariat buyurgan burch va vazifalarini bajarmasa, gunohkor bo'ladi, so'raladi. Zero, ulug'larimizning bir gapi bor: “O'ngingda Allohdan qo'rq, tushingdagi narsadan qo'rqma!”. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay'ati.
Joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent islom instituti talabasining “Mus'haf harflari jilosi” deb nomlangan shaxsiy xattotlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Diniy idora mas’ul xodimlari, institut rahbariyati va ustozlari, soha mutaxassislari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur ko‘rgazma islom madaniyati va ma’naviy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan xattotlik san’atini keng jamoatchilikka taqdim etish, uning nafosati va chuqur ma’no-mazmunini namoyon qilishga qaratilgan muhim ma’rifiy tadbir bo‘ldi.
Ko‘rgazma doirasida muallif iste’dodli yosh xattot Azizbek Hamdamovning alohida mahorat bilan bitilgan Qur’oni karim oyatlari, hadislar va hikmatli iboralardan iborat noyob asarlar to‘plami namoyish etildi.
Mazkur asarlarda xattotlikning klassik nasx, nasta’liq, suls, riq’a va boshqa uslublari yuqori did hamda zamonaviy badiiy yechimlar bilan mahoratli tarzda ifoda etilgan. Ayniqsa, nafis xat turlari orqali bitilgan muqaddas kalom – Qur’oni karim oyatlari aks etgan namunalar o‘zining estetik va ma’naviy mazmuni bilan ko‘rgazma ishtirokchilari qalbida chuqur iz qoldirdi.
Tadbir davomida xattotning ijodiy faoliyati taqdimoti bilan bir qatorda, ishtirokchilar bilan ochiq muloqotlar, qiziqarli savol-javoblar va xattotlik san’ati bo‘yicha mahoratli ustozlarning tavsiyalari berildi. Bu jarayon yosh ijodkorlar uchun o‘zaro ilhom va tajriba almashish maydoniga aylandi.
Toshkent islom instituti mezbonlik qilgan ushbu ko‘rgazma yurtimizda islom san’ati va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga hamda xattotlik san’atining nozik qirralarini keng ommaga yetkazishga xizmat qilishi, shubhasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati