Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Hatmi Qur'on duosi

27.04.2022   12308   34 min.
Hatmi Qur'on duosi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Assalomu alaykum! Aziz Qur'oni Karim shaydolari! Ramazon oyi Qur'on oyi bo'lgani munosabati bilan hamma mo'min musulmonlar Qur'oni Karimni tilovat va xatm qilish bilan mashg'ul. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan asarda: «Qur'on xatm qilingan choq ijobat bo'ladigan duo bor», deyilgan. Keling azizlar qo'l ochib bir duo qilaylik!

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIM!

Buyuk Alloh rost so'ylaydi!
Allohim! Barcha hamd Senga xos, barcha shukr Sengadir, jumlai mulk Seningdir!
Ibodat qilinishga bir O'zing haqlidirsan, duo qilishga bir O'zing loyiqsan! Allohim! Senga Yuzing Vajhing ulug'ligi va saltanating buyukligiga yarasha hamdu sano bo'lsin!
Ey Alloh!
Ey ulug' ne'matlarni beruvchi Rahmon!
Ey latif ne'matlarni beruvchi Rahim!
Ey barcha narsaning egasi Malik!
Ey barcha ayblardan xoli, noloyiq sifatlardan pok Quddus!
Ey nuqsonlardan salomat, tinchlik-xotirjamlik va rohat beruvchi Salom!
Ey iymon va omonlik beruvchi Mo'min!
Ey hamma narsani qamrab oluvchi Muhaymin!
Ey barchaning ustidan g'olib Aziz!
Ey oliy qadar, ulug' Jabbor!
Ey kibriyosi va ulug'ligi benihoya Mutakabbir!
Ey asli va o'xshashi yo'q narsalarni aniq o'lchovlar ila yaratguvchi Holiq!
Ey yo'qdan paydo qiluvchi, vujudga keltiruvchi Bori'!
Ey maxluqotlarning suvratini shakllantiruvchi Musavvir!
Ey o'ta kechirimli G'affor!
Ey barcha maxluqotlarni qabzasida tutib, ularni bo'ysundirib turuvchi Qahhor!
Ey ko'plab ne'matlarni behisob beruvchi Vahhob!
Ey ko'plab rizq beruvchi Razzoq!
Ey O'z rahmat xaziynasini bandalariga ochguvchi Fattoh!
Ey hamma narsani bilguvchi Alim!
Ey ruhlarni, qalblarni qabz qiluvchi, - izmida tutguvchi! Hohlaganining rizqini tor etguvchi, ey Qobiz!
Ey Ruhlarni kenglikka qo'yib yuboruvchi! Hohlaganining rizqini keng qilib qo'yuvchi! Ey Qalblarni keng qiluvchi Bosit!
Ey pastlatguvchi Hofiz!
Ey baland darajalarga ko'taruvchi Rofi'!
Ey aziz qiluvchi Mu'izz!
Ey zalil qiluvchi Muzill!
Ey barcha narsani eshitguvchi Sami'!
Ey barcha narsani ko'rguvchi Basir!
Ey hukm sohibi Hakam!
Ey adolat sohibi Adl!
Ey lutf sohibi Latif!
Ey hamma narsadan xabardor Habir!
Ey hilm sohibi Halim!
Ey aql tasavvur qila olmaydigan darajada buyuk Azim!
Ey sermag'firat G'afur!
Ey oz amalga ko'p savob beruvchi Shakur!
Ey benihoya oliymaqom Aliy!
Ey hamma narsadan buyuk Kabir!
Ey har bir narsani komil muhofaza qiluvchi Hafiz!
Ey barcha moddiy va ruhiy ozuqalarni yaratuvchi Muqit!
Ey kifoya qiluvchi, Qiyomat kuni bandalarning hisobini qiluvchi Hasib!
Ey sifatlarida ulug'likka ega bo'lgan Jalil!
Ey so'ralmas turib, hech bir evazsiz ko'plab ato etguvchi Karim!
Ey biror zarrani qo'ymay kuzatib turuvchi Raqib!
Ey duolarni ijobat qiluvchi Mujib!
Ey hamma narsani keng ilmi ila, barchani keng rahmati ila qamrab olgan Vosi'!
Ey hikmat sohibi Hakim!
Ey barchaga yaxshilikni ravo ko'rguvchi Vadud!
Ey shon-sharafi, qadri baland va cheksiz Majid!
Ey xalqlarga payg'ambarlar yuboruvchi, o'liklarni qayta tiriltiruvchi Bois!
Ey har bir narsaga hoziru nozir Shahid!
Ey haqni yuzaga chiqaruvchi Haq!
Ey barchaning ishi topshirilgan Vakil!
Ey quvvatli Qaviy!
Ey matonatli Matin!
Ey do'stlariga muhabbat qo'yuvchi, nusrat beruvchi va xalqining ishini yurituvchi Valiy!
Ey maqtovga sazovor Hamid!
Ey barcha narsaning hisobini olgan Muhsiy!
Ey barcha narsani avvalidan yaratgan Mubdi'!
Ey yo'q bo'lgan narsalarni qaytadan yaratguvchi Mu'id!
Ey tiriltiruvchi, hayot baxsh etuvchi Muhyiy!
Ey o'ldiruvchi, o'limni yaratgan Mumit!
Ey abadiy barhayot Hayy!
Ey o'z-o'zidan qoim bo'lgan va boshqalarni qoim qilgan Qayyum!
Ey istaganini topadigan Vojid!
Ey majdu sharaf sohibi Mojid!
Ey zotu sifotida yagonoa Vohid!
Ey ehtiyojsiz hojatbaror Somad!
Ey cheksiz qudrat sohibi Qodir!
Ey benihoya qudratli Muqtadir!
Ey oldinga suruvchi Muqaddim!
Ey oxirga suruvchi Muaxxir!
Ey barcha narsadan oldin bor bo'lgan Avval!
Ey barcha narsadan keyin ham qoluvchi Oxir!
Ey mavjudligi oshkor, ochiq-oydin Zohir!
Ey ko'zga ko'rinmas, hamma narsadan maxfiy Botin!
Ey har narsaga ega Voliy!
Ey hamma narsadan oliy Muta'oliy!
Ey ulkan yaxshiliklar qiluvchi Barr!
Ey tavbaga yo'llovchi va tavbalarni qabul qilguvchi Tavvob!
Ey zolim va osiylardan intiqos oluvchi Muntaqim!
Ey gunohlarni kechib yuboruvchi Afuvv!
Ey shafqatli Rauf!
Ey borliq mulkning mutlaq sohibi Molikul-mulk!
Ey ulug'lik va yuksaklik sohibi Zul-jaloli val-ikrom!
Ey adolat ila ish ko'rguvchi Muqsit!
Ey barcha narsani to'plovchi Jomi'!
Ey har narsadan behojat G'aniy!
Ey behojat qilib qo'yguvchi Mug'niy!
Ey man qilguvchi Moni'!
Ey zararni yaratguvchi Zorr!
Ey manfaatni yaratguvchi Nofi'!
Ey o'z-o'zi ila zohir bo'lgan, o'zgalarni zohir qilgan Nur!
Ey hidoyatga yo'llaguvchi Hodiy!
Ey o'xshashsiz yaratuvchi ijodkor Badi'!
Ey boqiy qolguvchi abadiy Boqiy!
Ey barcha narsaning pirovard sohibi Voris!
Ey to'g'ri yo'lga boshlovchi Rashid!
Ey sabr sohibi Sabur!
Allohim! Bizlarni eng afzal Rasuling ummatidan qilganingga shukr, eng buyuk Kitobing ahlidan etganingga shukr!
Yo Alloh! Bizlarga ro'za farz qilganing hamda bizlarni Ramazoni sharifga etkazib ibodatingga noil aylganing uchun O'zingga hamdu sanolar aytamiz! O'zinging mo''jiz Kalomingni tilovat va xatm qilishga bizlarni muvaffaq qilganingga shukrlar keltiramiz!
Allohim! Bizlarga Sen bergan va berayotgan barcha ne'matlar: oshkoru maxfiy, zohiru botin, umumiyu xos ne'matlaring uchun O'zingga shukru sanolarimiz bo'lsin! Ne'matlaring sanog'i, fazlu marhamating adog'i yo'q! Naqadar buyukliging O'zingdan o'zgaga ma'lum emas, Zotingning haqiqatini O'zingdan o'zga bilmas! Sening maqtovu ta'rifingga ojizmiz, Sen O'zingni O'zing ta'riflagandeksan!
Yo Alloh! Qanday qilib shukringni ado etamizki, shukr qilishga tavfiq berganingning o'zi shukrni vojib qiluvchi ne'matdir!
Allohim! Seni vasf etishga dunyo so'zlari, Seni ko'rishga dunyo ko'zlari etmas. Sifatlaringni ihota etishga qalblar ojiz, Zotingga erishishga ruhlar mushtoq!
Allohim! O'zingdan o'zga iloh yo'q! Sen barcha aybu nuqsondan pokdirsan! Senga hech nima o'xshamas, Sen hech nimaga o'xshamassan! Bir O'zingni sevmoq butun borliqqa sevilmoqdan afzal, Senga chin qul bo'lmoq olamga podshoh bo'lmoqdan oliydir!
Yo Alloh! Sen Zohirsan, Sendan oshkor narsa yo'q, Sen Botinsan, Sendan maxfiy narsa yo'q. Sen Avvalsan, Sendan qadim narsa yo'q, Sen Oxirsan, Sendan so'ngra narsa yo'q!
Yo Alloh! Hech bir zarra ilmingdan tashqari emas, biror narsa hukmingdan o'zga bo'lmas! Qudrating qoshida aqllar qosir, ne'mating oldida tillar ojiz!
Yo Alloh! Bizlarni eng go'zal Kalom – Qur'oni Karim tilovatiga musharraf qilganing, uni xatm qilishga muvaffaq etganing uchun O'zingga hamdu sanolarimiz bo'lsin!
Allohim! Sarvari olam, Sayyidul anam, mavjudotlar gultoji, O'zingning Habibing, Rasuling Muhammad Mustafoga, u zoti bobarakotning ahli baytlari, sahobalari, tobe'inlar va ularga ergashgan musulmonlarga salotu salom yubor, rahmating va barakotingni ziyoda qil!
Allohim! Bizlarga Kalomingni o'rgatgan, risolatingni etkazgan, haq bilan botilni ko'rsatgan, yaxshiyu yomonni tanitgan, bizlarga o'zimizdan da mehribon bo'lgan suyukligimiz, Rasulimiz Muhammad Mustafoga durudu salavotlaringni nozil ayla!
Allohim! Bizlarga Qur'onni o'rgatgan Payg'ambarimizga Qur'ondagi harflar adadicha, har bir harf uchun ming minglarcha salavot yo'lla!
Yo Robbimiz! O'zimizga o'zimiz zulm qildik, bizlarni O'zing mag'firat qilmasang, rahm qilmasang, ziyon ko'rganlarlardan bo'lajakmiz!
Senga jalolingga yarasha ibodat qilishdan ojizmiz, ammo Sen bizlarga kamolingga loyiq marhamat ko'rsatishga qodirsan! Yo Rabbiy! Bizlarni osiyligimizga yarasha emas, mag'firatingga loyiq qabul et! Bizlarni qulchiligimizga qarab emas, Robbligingga ko'ra mukofotla!
Yo Robbimiz! Agar bizni rahmating bilan qarshi olsang, ziyondan xavfimiz bo'lmas, amallarimizga tashlab qo'ysang, najotdan umidimiz qolmas!
Allohim! Agar gunohlarimiz dunyoni to'ldirsa, rahmat dengizing mavji oldida bir xascha bo'lmas, ibodatlarimiz borliqni qamrasa, jahannam yonida qatra suvcha kelmas!
Allohim! Buyruqlaringni ado eta olmadik, ammo bo'yin tovlab emas, ojizligimizdan. O'zing ojizlarga mehribonsan, bizdan mehringni darig' tutma! Qaytariqlaringdan qayta olmadik, ammo qaysarlik bilan emas, kuchsizligimizdan. Kuchsizlarga shafqatlisan, bizlarga shafqat ko'rsat! Allohim! Sen Hojamizsan, biz qullaringmiz, qul xojasidan boshqa kimga ham gunohkor bo'lardi, qulni xojasidan boshqa kim ham kechirardi?!
Allohim! Biz gunoh qilmasak, mag'firating ko'rinarmidi?! Biz gunohkorlarga rahm ko'rsatmasang, rahmating bilinarmidi?!
Allohim! Gunohlarimiz duoyimizni ijobatdan to'sishidan asra! Qoshingda osiy bo'lsak da, ijobatdan umidimiz tugaldir. Gunohkorning duosini qabul qilmasayding, uni mag'firat so'rashga buyurmas eding!
Ming yil ibodatingni qilganni quvsang, hikmatingdandir, yuz yil osiylik qilganni yorlaqasang, rahmatingdandir! Butun bashariyatni do'zaxga tashlasang, e'tiroz etilmas, jumla insoniyatni jannatga kiritsang, hayrat qilinmas! G'azabingga istaganingni duchor etasan, rahmating barcha narsani qamrab olgandir!
Allohim! Rahmating pardasi bilan aybu gunohlarimizni yashirding, endi mag'firating nuri ila ularni kuydirib tashla! Gunohlarimizning kattayu kichigi bor, maxfiyu oshkorasi bor, biladiganlarimiz bor, bilmaydiganlarimiz bor, barcha barchasiga tavba qildik! Tavba qildik! Tavba qildik! Tavbamizni qabul et! Gunohlarimizni kechir!
Allohim! Sen Afuvsan, avfni sevasan, bizlarni afv et!
Ey buyuk Robbimiz! Gunohlarimizni bu dunyoda yuzimizga chiqarsang, birovga yuzlanishga jur'atimiz etmas, ularni oxiratda yuzimizga solsang, bosh ko'tarishga holimiz qolmas!
Allohim! Bandangni lutf bilan qarshi olsang, zarra amali uni jannatga kiritar, agar adolatingga olsang, dunyo to'la amali uni do'zaxdan qutqara olmas!
Allohim! So'raganni yaxshi ko'rguvchi Yolg'iz Sensan, Sendan so'ramagandan g'azablanasan, Sening g'azabingdan qochib, muhabbatingga oshiqqanimizdan Sendan so'ramoqdamiz, O'zing ijobat qil!
Allohim! Sen berganni to'suvchi yo'q, Sen to'sganni beruvchi yo'q! Qilgan hukming qaytarilmas, huzuringda boyga boyligi foyda bermas!
Allohim! Mulking cheksizdir, eru osmon xazinalari ilkingdadir. Butun maxluqotning barcha so'raganini bersang, dengizdan ignaga ilashgan suvcha bo'lmas, jumla mavjudotning so'raganini rad qilsang, «nechun?» deb so'ralmas!
Yo Alloh! Amallarimizga qarasak, Sendan biror narsa so'rashga uyalamiz hijolatmiz! Ammo lutfu marhamatingni o'ylasak, so'rashdan to'xtay olmaymiz!
Yo Alloh! Sen hojatbarorsan, biz hojatmandmiz. Hojatmand hojatbarordan o'zga kimga ham duo etardi?! Sen boysan, biz faqirmiz. Faqir boydan boshqa kimga ham qo'l ochardi?!
Yo Alloh! Borligingni tan olmaganga ham hayot baxsh etursan, Razzoqligingni inkor qilganga ham rizq ato etursan! Kofirni qo'yib berganing qudratingdandir, mo'minni tutganing shafqatingdandir!
Yo Robbiy! Bir burda non eyishimiz uchun oyu quyoshni, eru osmonlarni bizga beminnat xizmatkor qilib qo'yding. Rahmat bundan ulug' bo'ladimi?! Ammo biz burda non uchun Senga gunoh qiladigan ahvolga keldik! Osiylik bundan ortiq bo'ladimi?! Sening Yering ustida, Sening osmoning ostida, Sen bergan ne'matlar ila Senga gunohkorlik qilgan bu nochiz bandalaringni azoblasang, adolatingdandir! Ammo O'z Yeringda yurgan, O'z osmoning ostida yashayotgan, O'zing yaratgan bu ojiz bandalaringni mag'firat qilsang, rahmatingdandir!
Yo Alloh! Sendan umidimiz shunchalarki, ne'matlaringga g'arq bo'lgan holimizda, hech narsasi yo'q kishiday Sendan ne'matlar so'raymiz! Huzuringda ojizligimiz shu qadarki, ming ne'mat ketidan bir musibat bersang, panohingga qochib yolboramiz! Allohim! Ne'mat berganingda shukr nasib et, musibat berganingda sabr nasib et!
Allohim! Mo''jiz Kalomingni xatm qildik! Baholi qudrat harma harf o'qib tugatdik! Endi ostonangga bosh urib keldik! Gunohkor, quruq qo'llarimizni dargohingga uzatib turibmiz! Huzuringda xijolat yuzlarimizni O'zingga qaratib so'raymiz! Hatokor va g'ofil qalblarimizni O'zingga yuzlantirib iltijo qilamiz! O'zimiz ojizona xatm qilgan Kalomingni, Qur'oni Karimni vasila qilamiz! O'zingga va Kalomingga bo'lgan iymonimizni, muhabbatimizni Senga vasila qilamiz! Zotan, vasila qilishga arzirli boshqa amalimiz yo'q! Himmat ahlining buyuk amallarini himmatlari yuzidan qabul qilganingdek, biz ojizlarning ojizlikdan keltirgan vasilamizni ojizligimiz yuzasidan qabul ayla!
Allohim! Kalomingda O'zing «Duo qilinglar, ijobat qilaman», degansan. Amringga binoan duo qilmoqdamiz, va'dangga binoan ijobat ayla! Allohim! O'zingdan o'zga duo qiladiganimiz yo'q, duoyimizni agar Sen eshitmasang, o'zga duo qiladiganimiz yo'q! Dargohingdan rad qilsang, mundin o'zga bosh urar ostonamiz yo'q! Qo'limizni quruq qaytarsang, umid qilar eshigimiz yo'q!
Allohim! Sen hayo va marhamat sohibisan! Bandalaringning qo'llarini quruq qaytarmagaysan!
Yo Robbiy! O'zing bizni ko'rib turibsan, so'zlarimizni eshitib turibsan, ichu tashimizni bilib turibsan, Senga muztarlarcha yolboramiz, bechoralarcha Senga iltijo qilamiz, ey muztarlarning duosini ijobat qiluvchi Allohim! Ey bechoralarning iltijosini qabul qiluvchi Allohim!
Yo Alloh! Seni tug'magan va tug'ilmagan, tengi bo'lmagan, behojat hojatbaror, yolg'iz Alloh deb guvohlik berganimiz ila so'raymiz!
Yo Alloh! O'zingga bo'lgan muhabbatimiz haqqi hurmati so'raymiz. Seni sevmasak, Senga iltijo qilarmidik?! Yo Alloh! Sening bizga bo'lgan muhambbating haqqi hurmati so'raymiz! Agar sevmasang, bizni O'zingga iltijo qildirib qo'yarmiding?!
Allohim! Sening qullaringmiz, qullaringning farzandlarimiz, cho'rilaringning avlodlarimiz. Bizga oid chiqargan hukming amalga oshajak haqiqatdir, haqqimizda qilgan qaroring ayni adolatdir. Sendan O'zing O'zingni atagan, Kitobingda nozil qilgan, maxluqotlaringdan biror kishiga O'zing o'rgatgan ismlaring ila, O'z huzuringda g'ayb ilmida asragan har bir go'zal isming ila so'raymiz: Qur'oni Azimni qalbimizning bahori, yuragimizning nuri qil, g'amlarimizni arituvchi, tashvishlarimizni ketkazuvchi omil ayla!
Allohim! Qur'oni Karim hurmatidan bizlarga rahm qil! Uni bizlarga yo'lboshchi, nur, hidoyat, rahmat va shifo ayla! Allohim! Qur'oni Karimdan unutganlarimizni yodimizga sol, bilmaganlarimizni bizlarga bildir! Uni kecha kunduz tilovat qilishni nasib et! Uni bizlarning zararimizga emas, foydamizga hujjat qil!
Allohim! Bizlarni Qur'oni Karim halol degan narsalarni halol bilib, harom degan narsalarni harom bilgan, uning muhkam oyatlariga amal qilib, mutashobih oyatlariga iymon keltirganlardan qil!
Allohim! Bizlarni Qur'oni Karimning harflarini ham, hukmlarini ham ado etadiganlardan et, harflarini ado etib, hukmlarini zoye qiladiganlardan qilma!
Allohim! Bizlarga Qur'oni Karimning har bir harfidan halovat, har bir so'zidan sharofat, har bir oyatidan saodat, har bir surasidan ofiyat va har bir juzidan mukofot nasib ayla!
Allohim! Qur'oni Karimni bizlar uchun shafoatchi qil, foydamizga hujjat qil! Allohim! Bizlarni O'zingning ahling va xoslaring bo'lmish ahli Qur'onlardan qil!
Allohim! Qur'oni Karimni qalblarimizga ziyo, ko'zlarimizga nur, dardlarimizga davo, gunohlarimizni o'chiruvchi, bizlarni do'zaxdan qutqaruvchi qil!
Allohim! Bizlarni Qur'oni Karim vositasida baxtsizlikdan baxtu saodatga, do'zaxdan jannatga, g'azabingdan roziligingga, hojatmandlikdan behojatlikka, bid'atdan sunnatga, zulumotlardan nurga, zalolatdan hidoyatga, xorlikdan azizlikka, barcha yomonliklardan hamma yaxshiliklarga olib chiq!
Allohim! Qur'oni Karimni bizlarga dunyoda hamnafas, qabrda hamdam, qiyomatda shafoatchi, jannatda hamroh, do'zaxdan parda va barcha ezguliklarga etaklovchi sarbon qil!
Ey Alloh! Bizga roziligingni, jannatingni hamda ularga olib boradigan so'z va amallarni nasib qil! G'azabingdan, do'zaxingdan hamda ularga olib boradigan so'z va amallardan panoh ber!
Allohim! O'zing yaratgan go'shtu suyakdan iborat ojiz bandalarmiz! Iqobingga bardoshimiz etmas, azobingga vujudimiz dosh bera olmas! Bizlarni do'zaxga solma! Shu qadar ulug'sanki, Senga osiy bo'lganga etti do'zaxning azobi oz! Shu qadar marhamatlisanki, bandangni rahmatingga olsang, unga sakkiz jannat kam!
Yo Alloh! Senga qanchalar gunoh qildik! O'zingga hamdlar bo'lsinki, hozir jonimiz tanamizda! Jonimizni gunoh qilayotganimizda olmaganingga shukr! Allohim! Bizlarga o'lim farishtasini eng yaxshi holatimizda, O'zing rozi bo'ladigan eng afzal amalimiz uzra yuborgin! Jonimiz halqumga kelmay gunohdan poklanib olishimizga tavfiq ber!
Allohim! Oyoqlarimiz sovugan, qo'llarimiz muzlagan, yuragimiz so'nggi zarbalarini urayotgan, ko'zlarimiz qotayotgan, tilimiz to'xtayotgan, ruhimiz jismimizni tark etayotgan mahalda dilu tilimizga «Laa ilaaha illalloh, Muhammadun Rosululloh» kalimasini joriy ayla! Bizlarga o'lim talvasasi fitnasidan, qabr azobi fitnasidan, oxirat azobi fitnasidan panoh ber!
Yo Alloh! Tuproq ostida yolg'iz yotganimizda bizlarga rahm qil! Dahshatidan go'dakning sochlari oqarib ketadigan Qiyomat kuni bizlarga xotirjamlik ato qil! Arshing soyasidan boshqa soya bo'lmagan kunda bizlarga soyangdan joy ber!
Mehribon Robbimiz! Bizlarni bu dunyodagi mushfiq yo'lboshchimiz – Rasulimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga noil ayla! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shafoatim ummatimning gunohkorlarigadir», demishlar. Biz gunohga botgan ummatmiz! Bizlarni u zotning shafoatlariga etkaz! Havzi Kavsarlaridan ichishni nasib et! Gunohlarimizni oshkor qilib, bizlarni u zotning oldilarida hijolatga qo'yma!
Yo Alloh! Bizga o'zimizni gunohdan to'sadigan darajada qo'rquvingni, bizni jannatga olib boradigan ibodatingni, dunyo musibatlarini bizga engil qiladigan yaqiynni ato qil! Hayotimizda O'zing bergan ko'rish, eshitish va boshqa qobiliyatlarimizdan bahramand qil! Bu bahramandlikni merosxo'rimiz ayla! O'chimizni bizlarga zulm qilganlargagina qarat! Dushmanlarimiz ustidan bizlarga g'alaba ber! Dinimizda musibat berma! Bor bilganimiz, bor tashvishimizni dunyo qilib qo'yma! Jannatni biz uchun maskan qil! Gunohlarimiz tufayli ustimizga Sendan qo'rqmaydigan, bizga rahm qilmaydiganlarni hukmron qilib qo'yma!
Allohim! Sendan dinda, dunyoyu oxiratda afvu ofiyat so'raymiz! Allohim! Barcha ishlarda oqibatimizni go'zal qil, bizlarni dunyo xorligiyu oxirat azobidan asra!
Allohim! Qalblarimizni pok salomat, tillarimizni serzikr va sershukr, badanlarimizni ibodatingda mustahkam, ruhlarimizni O'zingga mushtoq qil!
Allohim! Sendan foydali ilm, maqbul solih amal, go'zal axloq, yukasak odob, halol va mo'l rizq, barakali umr, salohiyatli avlod so'raymiz!
Yo Alloh! Bizlarga keng fe'l, ketmas davlat, zikrli til, shukrli dil ato et!
Allohim! Har bir ishda Senga muhtojmiz,! O'zingdan o'zgaga muhtoj qilma! Har holatda yolg'iz O'zingga tavakkaul qilamiz, suyanamiz, O'zingdan boshqaga tashlab qo'yma! Dunyaviy va uxraviy xayrli ishlarimizda O'zing madadkorimiz bo'l!
Yo Alloh! Oramizda hojatmandlar bor, hojatlarini ravo qil! Boshiga mushkil tushgan, tashvish etganlar bor, mushkillarini oson qil, tashvishlarini arit! Bemorlarimiz bor, dardlariga shifoi komil ber! Farzandtalablarimiz bor, qo'sha-qo'sha solihu soliha, muslihu musliha farzandlar ato ayla! Adashganlarni hidoyat qil! Havf xatarga tushganlarga xotirjamlik ato qil! Qarzdorlarga kushoyish ber! Mazlumlarga najot ber! Boshi qotganlarga najot yo'lini ko'rsat!
Allohim! Butun bashar bir kishiga ziyon etkizishga qasd qilsa, Sen bitgandan boshqa bo'lmas! Agar hamma bir kishiga foyda keltirishga azm qilsa, Sen yozgandan o'zga bo'lmas!
Yo Alloh! Bizlarni ko'z yumib ochguncha ham, undan oz muddat ham o'z holimizga tashlab qo'yma! O'zingdan begona qilma! Madadkorimiz, himoyachimiz, hidoyatchimiz, ko'makchimiz, va qo'llab quvvatlovchimiz bo'l! Sensiz kuch ham yo'q, qudrat ham yo'q!
Yo Alloh! Ish ahvolimizning jilovi bo'lmish diyonatimizni yaxshi qil! Tirikligimiz manbai dunyoyimizni yaxshi qil! Borajak manzilimiz bo'lmish oxiratimizni yaxshi qil! Tiriklikni bizlar uchun ezgulikni ko'paytirish, o'limni esa yomonlikdan qutulish qil!
Allohim! Sendan yolvorib so'raymiz, umrimizning so'nggi eng yaxshi onimiz bo'lsin, amallarimizning oxirgisi eng afzali bo'lsin, kunlarimizning eng yaxshisi Senga yo'liqadigan kunimiz bo'lsin!
Allohim! Sendan eng yaxshi tilak, eng yaxshi duo, eng yaxshi muvaffaqiyat, eng yaxshi ilm, eng yaxshi amal, eng yaxshi savob, eng yaxshi hayot va eng yaxshi o'limni so'raymiz! O'zimizni sobitqadam, tarozimizni og'ir ayla! Orzularimizni ro'yobga chiqar, darajalarimizni ko'tar, namozu duolarimizni qabul et, xatolarimizni kechir. Sendan jannatdan oliy maqom so'raymiz!
Yo Alloh! Sendan mutavozelarning xokisorligini, yaqiyn ahlining ixlosini, yaxshilarga yo'ldoshlikni va iymon haqiqatlariga erishishni so'raymiz!
Yo Alloh! Sendan rahmating sabablarini, mag'firating omillarini, har bir yaxshilikdan nasiba olish, har qanday gunohdan salomat bo'lish, jannatni qozonish va do'zaxdan qutulishni so'raymiz.
Iloho! Ilmimizni foydasiz, qalbimizni qo'rquvsiz, ko'zimizni namsiz, nafsimizni to'ymas, amalimizni nomaqbul, duoyimizni beijobat qilib qo'yma!
Yo Alloh! Sendan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va solih bandalaring so'ragan yaxshiliklarni so'raymiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va solih bandalaring panoh so'ragan yomonliklardan panoh tilaymiz!
Yo Alloh! Sendan tez va kech keladigan, biz bilgan va bilmagan barcha yaxshilikni so'raymiz, tez yoki kech keladigan, biz bilgan va bilmagan barcha yomonlikdan panoh tilaymiz!
Yo Alloh! Bizlarni buyruqlaring bilan mashg'ul, adolatingdan xotirjam, O'zingdan o'zgaga umid bog'lamagan, yolg'iz O'zingga suyangan, Sen bilan bo'ladigan, Sendan boshqadan qochadigan, qazoyu qadaringga rozi, musibatlaringga sabrli, ne'matlaringga shukrli, zikringdan lazzat oluvchi, Kitobing bilan xushnud bo'luvchi, kechayu kunduz Senga iltijo qiluvchi, o'limga doim tayyor turuvchi qilgin!
Allohim! Bizlarga diydoring shavqini hamda Muborak Yuzingga termulish lazzatini nasib et!
Yo Alloh! Kuch qudratimiz zaifligidan, tadbirsizligimizdan, odamlar oldida xor bo'lganimizdan O'zingga arz etamiz! Bizga g'azab qilmayotgan bo'lsang, bu holatlarga e'tibor qilmaymiz, biroq ofiyating biz uchun kengroqdir. Zulmatlarni tarqatgan, boisidan dunyoyu oxirat ishlari yaxshilangan Yuzing nuri ila bizlarga g'azabing tushishidan yoki noroziliging nozil bo'lishidan panoh tilaymiz! O'zing rozi bo'lguningcha Sendan rozimiz!
Yo Alloh! Nohaq to'kilayotgan qonlardan, beva qolayotgan ayollar va etim bo'layotgan go'daklarning ahvolidan O'zingga arz qilamiz! Ularga rahm qil! Musulmon o'lkalarga tinchlik osoyishtalik, ofiyatingni nozil ayla! Musulmonlarning moliga, joniga yoki diniga qasd qilganlarga O'zing kifoya qil! Musulmon ummati bugun mashaqqatda! Ularning xatoyu gunohlarini mag'firat qil! Solih amallariga barakotlar, muvaffaqiyatlar ato et! Ularning qalblarini birlashtir! Oralaridagi ixtilof va kelishmovchiliklarni ko'tar! Bir birlari bilan O'zing amr qilganingdek aka uka, og'a-ini, birodar bo'lishlarini nasib ayla! Aqlu hushiga, hissiyotiga diningni hakam qilib olishlariga tavfiq ber! Ularga haqning haqligini ko'rsat va unga ergashishni nasib et, botilning botilligini ko'rsat va undan hazir bo'lishlarini nasib ayla!
Yo Alloh! Mo'minu mo'minalarni, muslimu muslimalarni mag'firat qil! Hatolarini kechir, yomonliklarini yaxshiliklarga almashtir! Ularni ichki va tashqi fitnalardan, buzuqliklardan yiroq qil! Qalblarini haq ustida uzra jamla! Nafslarini va axloqlarini pokla! Ularni solih amallarga, chinakam taqvo, haqiqiy ibodat va oliy ubudiyatga muvaffaq qil! Ularni dunyo xalqlari uchun go'zal namuna bo'lish bilan sharaflantir! Insoniyat uchun etakchi, peshqadam solih ummat ayla!
Yo Alloh! Islom ummatining erkaklarini O'zing isloh qil! Oilalariga go'zal rahbar bo'lishlarini nasib et! Ularga himmatu hamiyat, g'ayratu qat'iyat ato qil!
Yo Alloh! Islom ummatining ayollarini O'zing isloh qil! Ularni sharmu hayo, iffatu va latofatdan ayirma! Ularni g'ayridinga taqlid qilishdan, fahshu fujurdan asra! O'zingga ibodatli, erlariga itoatli, farzandlariga murabbiya bo'lishlarini nasib et!
Yo Alloh! Islom ummatining farzandalarini O'zing isloh qil! Amringga itoatli, ota onalariga marhamatli, kelajak uchun islohot poydevori bo'lishilariga tavfiq ber!
Yo Alloh! Islom ummatining ishboshilarini, rahbarlari va peshvolari, imomlari va ulamolarini isloh qil! Ularni bizlarga mehribon, bizlarni ularga itoatkor ayla! Ularni O'zing rozi bo'ladigan ishlarga muvaffaq qil, el yurt manfaati, dinu diyonat ravnaqi sari hidoyat qil! Ularni mol dunyo, mansabu shuhrat fitnasidan asra!
Allohim! Ulamolarimizni O'z panohingda asra! Ularni turli fitnalardan, makkorlarning makrlaridan, hiylagarlarning nayranglaridan yiroq qil! Ularni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga chin vorislikda sobitqadam qil! Butun ummatga ular ko'rsatgan haq yo'lga yurishni nasib ayla!
Allohim! Nafslarimizning taqvosini ber va ularni pokla. Ularni eng yaxshi poklovchi O'zingsan. Ularning egasi ham, xojasi ham O'zingsan!
Allohim! Barcha mo'minu mo'minalarni, xususan bizlardan, barchamizdan o'tgan ota ona, xeshu aqrabo va yaqinlarimizni rahmat qil! Gunohlarini mag'firat, darajalarini baland, yaxshi ammallarini o'zlariga hamroh, oxiratlarini obod ayla! Kaloming Qur'oni Karimni o'qib xatm qilar ekanmiz, har bir kalimasiga beradigan ajru savoblaringni ko'paytirib ber, va bu savoblardan ularni bahramand qil!
Yo Alloh! Rizoying uchun Ramazon ro'zasini tutar ekanmiz, ibodatingni tugal ado etishga tavfiq ber! Bizlarni ro'zasidan ochligu tashnalikdan boshqa narsaga erishmaganlardan qilma! Namozda turib Kalomingni o'qib xatm qilar ekanmiz, toatingni mukammal bajo keltirshni nasib ayla! Tungi ibodatidan uyqusizligu toliqishdan boshqa hech nimaga ega bo'lmagan bebahralardan qilib qo'yma!
Allohim! Baholi qudrat Ramazon ro'zasini tutyapmiz, Qur'oni Karimni tilovat qilyapmiz, tinglayapmiz, bizlarni qiyomat kuni Qur'on va Ramazon shafoat qilishga talashib qoladigan va har ikkisining shafoatiga noil bo'ladigan bandalaringdan qil! Bizlarni Rayyon eshigidan kirgiziladiganlardan, Qur'onni tartil bilan tilovat qilib yuksalib boradiganlardan ayla!
Allohim! Ramazondan bizlarga taqvo malakasi, O'zingga qurbat hosil qilishni nasib et! Ramazondan keyin ham Ramazondagidek, balki undan da ziyoda darjada ibodat va toatda, tavfiqu hidoyatda bo'lishni nasib ayla!
Yo Alloh! Bizni Qadr kechasini topgan, uning fazilatlaridan nasiba olganlardan qil!
Yo Alloh! Bular bandalaringning Senga qilayotgan iltijolaridir! Ijobati O'zingdandir. Duo qiluvchilarning holiga qaralsa, qabuldan umid yo'q, duo qilinmish Zotning lutfiga qaralsa, ijobatdan ko'ngil to'q!
Iloho! Iblis Senga osiylik qilgan o'rinda Sendan bir umr osiylik so'radi, biz Senga ibodat qilib turgan maqomimizda bir umr Senga ibodatda o'tishni so'raymiz! Unga so'raganini berding, biznikini ham rad qilma!
Alloh! Mana, Kalomingni harfma harf o'qib, xatm qildik. Ushbu kamtarona amalimizni vasila qilib so'raymizki, Habibing Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatiga O'zing rahm qil! Butun olamdagi mazlum musulmonlaringga najot ber! Ularni zulmdan adolatga, tafriqadan hamjihatlikka, mashaqqatdan rohatga olib chiq! Allohim! Sen hidoyat qilmasang, O'zing birlashtirmasang, bu ummatning holi og'ir! Sen har bir narsaga qodirsan! Musulmon bandalaringni O'zing yorlaqa!
Yo Robbal olamin! O'zing musulmonlarning himoyachisisan! Musulmonlarning qoni ham dindoshlarining qo'li bilan, ham g'ayridinlarning qo'li bilan nohaq to'kilyapti! Mol mulklari ham musulmonlarning qo'li bilan, ham nomusulmonlarning qo'li bilan toptalyapti! Zolim ham Sening quling, mazlum ham Sening quling! Kofir ham O'zingning bandang, muslim ham O'zingning bandang! Mazlumni zolimdan g'olib qil, muslimni kofirdan ustin ayla! Bizlarni qattiq imtihonga solma! Musibatlarimizda bizga ajr va yaxshi evazlar ber!
Iloho! O'zingga iymon keltirgan bandalaring – musulmonlarga rahm qil, mazlumlariga najot ber! Ularning Sendan boshqa tayanchi yo'q! Gunohlari uchun musibat yuborgan bo'lsang, ularni mag'firat qil, musibatlarini arit! Jaholat tufayli yo'l topa olmayotgan bo'lsalar, ularga hidoyat va tavfiq ber! Ularga doimo omadni yor et!
Robbimiz! Bizlarga dunyoda ham yaxshilik ber, oxiratda ham yaxshilik ber va bizlarni do'zax azobidan saqla!
Allohim! Rasulimiz Muhammad Mustafoga, ahlu oilalari va sahobalariga bizning nomimizdan salotu salomlar yubor!
Duolarimizning so'nggi: Olamlarning Robbi Allohga hamdlar bo'lsin!

Husaynxon Yahyo Abdumajid

Manba: https://islom.uz

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Namozda qo‘l ko‘tarish

24.06.2025   4243   1 min.
Namozda qo‘l ko‘tarish

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:

Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi

imom-xatibi Sherzod Rahimov

Manba: t.me/softalimotlar

MAQOLA