Tavsiya
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Qadr kechasida imon-e'tiqod bilan Alloh taolo roziligi uchun toat-ibodat qilsa, oldingi gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Muborak kechaga etib, unda beriladigan mukofotlardan bahramand bo'lish har bir musulmonning orzusi. Shunday ekan, bu fazilatli tunni qanday o'tkazamiz? Avvalo, kechani tetik holatda o'tkazish uchun peshindan so'ng biroz mizg'ib oling, iftorda ham engil taomlaning. Qadr kechasini manfaatli o'tkazish uchun quyidagi tavsiyalarga diqqat qiling.
Istig'for ayting. Vahba Zuhayliy rahmatullohi alayh quyidagilarni yozgan: “Farishtalar shu kecha erdagi turli-tuman toat-ibodatlarni ko'radi va gunohkor bandalarlarning mag'firat so'rab, yolvorib iltijo qilayotganlarini eshitadi hamda bir-biriga: «Kelinglar, Rabbimizga bizning tasbehlarimizdan ko'ra sevimli bo'lgan ovozlarni eshitamiz», deb erga tushadilar”. Demak, shu kungacha qilgan gunohlaringiz uchun chin dildan tavba qilib, hidoyat so'rab duo qiling.
Qur'on o'qing. Allohning kalomini o'qish, tinglash, o'rganish va unga amal qilish zaruriy ishdir. Kalomulloh ayni shu kechada ummatga nozil bo'ldi. “Albatta, Biz uni (Qur'onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik” (Qadr surasi, 1-oyat).
Qurbingiz etganicha Qur'on o'qib, tadabbur qiling. Oyatlar borasida fikr yuritib, Alloh taolo ularda iroda etgan mazmunlarni anglashga va fahmlashga harakat qiling.
Namoz o'qing. Savobi ulug' tundan unumli foydalanib, nafl namozlarini o'qib olishga harakat qiling. Muhimi, namozning adadi emas, balki chin ixlos bilan o'qilganidir.
Salavot ayting. Qadr kechasida Payg'ambarimiz alayhissalomga salavot aytish bilan bandaning gunohlari o'chiriladi, darajasi ko'tarilib, duolari ijobat bo'ladi. Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Omir ibn Robi'aning otasi bunday degan: «Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamning “Kim menga salavot aytsa, farishtalar unga ham menga aytgan salavoti barobarida salavot aytib turadilar. Banda salavotni xohlasa, oz aytsin, xohlasa, ko'p”, deganlarini eshitdim».
Duo qiling. Qadr kechasida qilingan duolar ijobat bo'ladi. Payg'ambarimiz alayhissalom bu kunda maxsus duoni o'qishni tavsiya qilganlar. Oysha onamiz roziyallohu anho: “Yo Rasululloh, agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo'lsam, nima deb duo qilay?” deb so'radilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu duoni o'qishni aytdilar: “Allohumma, innaka a'fuvvun, kariymun, tuhibbul a'fva, fa'fu a'nniy” (“Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko'rasan. Gunohlarimni kechirgin”) (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, o'zingiz va zurriyotlaringizning ikki dunyo saodatiga erishishi, Alloh taoloning sevimli bandalari qatorida bo'lishni so'rab ixlos bilan duo qiling.
O'zingizni isloh eting. Hato, kamchiliklaringizni bartaraf qilish yo'llarini o'ylang. Hulqingiz va nafsingizni taftish etib, ijobiy tomonga o'zgartirishni maqsad qiling.
Alloh taolo ushbu oyda tutayotgan ro'zalarimiz, o'qiyotgan taroveh namozlarimiz, qilayotgan iftorliklarimiz, sadaqotu ehsonlarimizni O'z dargohida qabul etib, Qadr kechasining savoblaridan bahramand bo'lishni barchamizga nasib aylasin.
Robiya TOHIROVAtayyorladi.
Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.
Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.
Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.
Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati