Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Har yili rabiul avval oyi kelishi bilan sevimli Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug'ilgan kunlari haqidagi fikr-mulohazalar muhim mavzuga aylanadi. Bu haqda kim qayerda nima o'qigan, eshitgan bo'lsa, boshqalarga etkazishga harakat qiladi. Biz ham bu boradagi izlanishimizni Siz azizlarga ilindik.
Har xil kitoblarda Payg'ambarimizning tug'ilgan kunlari deb rabiul avval oyining 1, 2, 17, 18, 21, 22-kunlari ko'rsatiladi yoki ramazon oyining 12-si, deb ham ma'lumot berilgan. Ammo alloma Ibn Kasir kabi muhaqqiq ulamolar bu to'g'rida tadqiqotlar olib borib, bu ma'lumotlarning asossiz, ishonchsiz, ya'ni sahih ma'lumotlarga zid ekanini ochiq bayon qilishgan.[1]Sahobalar, tobeinlar, muhaddislar, tarix, siyrat, falakiyot olimlari hamda jumhur muhaqqiq ulamolarning xulosalari bunday: “Payg'ambarimiz milodiy 571 – Fil yili, bahor fasli, dushanba kuni, tong vaqtida tug'ilganlar. Bu kun milodiy 20-aprelga to'g'ri keladi. Qamariy rabiul avval oyining esa 8, 9, 10 yoki 12-kunidir.
Rabiul avvalning 8-kuni tug'ilganlari haqidagi naql Abdulloh ibn Abbos, Jubayr ibn Mut'im va Baro ibn Ozib[2] roziyallohu anhumdan rivoyat qilingan[3]. Ibn Hazm[4] va ulug' tobein Muhammad ibn Jubayrlar[5] u Zotning tavalludlarini “Rabiul avval oyining sakkizinchi kuni”, deyishgan.
Ibn Abdul Barr ba'zi tarixchilarning mana shu ma'lumotni sahih-to'g'ri deganlarini keltirgan[6].
Muhammad ibn Muso Horazmiy bu ma'lumotni qat'iy deb hisoblab: “Bundan boshqasi to'g'ri emas, zohiriy tarixchilari mana shunga ijmo' qilishgan”, degan[7].
Hofiz Abul Hattob Umar ibn Dihya “At-tanvir fi mavlidil basharin nazir” kitobida ushbu ma'lumotni boshqa ma'lumotlardan afzal va ustun ko'rgan.
Imom Tabariy “Hulosatu siyari sayyidil bashar” kitobida ko'p olimlarning bu ma'lumotni to'g'ri deganlarini qayd etib o'tadi.
Hofiz Qastaloniy: “Ko'p ahli hadis mana shu ma'lumotni ixtiyor etishgan”, degan[8].
Quzo'iy: “Astronomik taqvim-jadval olimlari bu ma'lumot borasida ittifoq qilishgan”, deb aytadi[9].
Rabiul avvalning 9-kuni tug'ilganlari haqidagi xabarlar Shayx Muhammad Huzariyning “Nurul yaqin”, Muhammad Sulaymon Mansurfuriyning “Rahmatun lil olamin”, Shayx Safiyur Rahmon Muborakfuriyning “Ar-rahiqul maxtum”, Doktor Abdulloh Faqihning “Fatovosh shabakatil islomiya”, Shayx Ali ibn Noyifning “Mavsu'atul buhusi val maqolotil ilmiya”, Ibrohim Ibyoriyning “Al-mavsu'atul Qur'oniya”(1/25), misrlik tarixchi Muhammad Tal'atbek Harbning “Tarixu duvalil arabi val islom”, Sayyid Mahmud Taroziy (Oltinxonto'ra)ning “Nurul basar”, Sobit hoji Abdul Boqiy o'g'lining “Siyratu xotamin nabiyyin” kitoblarida bayon qilingan.
Mashhur olim Ali Tantoviy (1909 – 1999) mana shu ma'lumotni boshqa ma'lumotlardan afzal va ustun ko'rgan[10].
“Al-mavsu'atul islomiyatul mu'osira” kitobi (5/366) mualliflari ham mana shu hisobni qabul qilishgan.
Misr rasadxonasining sobiq mudiri, geometriya fanlari doktori astronom Mahmud Posho “Taqvimul arabi qoblal islom” kitobida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tug'ilgan kun rabiul avval oyining 9-kuni dushanba, milodiy 571 yil, 20-aprel ekanini astronomik daqiq hisob bilan aniqlagan[11].
Shuningdek, “Hijri-Gregorian Converter” ya'ni, milodiydan hijriyga va hijriydan milodiyga o'tkazadigan maxsus komp'yuter hisoblagich dasturi orqali hisoblaganimizda, milodiy 571 yildagi rabiul avval oyining 9-kuni dushanbaga to'g'ri keldi!
Rabiul avvalning 10-kuni tug'ilganlar, degan ma'lumotni Muhammad ibn Sa'd “At-tabaqotul kubro” kitobida keltirgan.
Shuningdek, Hofiz Abul Hattob Umar ibn Dihyaning “At-tanvir fi mavlidil basharin nazir” kitobida, Ibn Asokirning Abu Ja'far al-Boqirdan qilgan rivoyati[12], imom Sha'biy[13] va Abu Ja'far Muhammad ibn Ali[14]ning rivoyatlarida ham shu kun ekani bayon qilingan.
Imom Zahabiy: “Shayximiz Abu Muhammad Dimyotiy o'zi ta'lif qilgan “As-siyratun nabaviya” kitobida: “Abu Ja'far Muhammad ibn Alining (rabiul avval oyining 10-kuni) rivoyati bilan Abu Ma'shar Nujayhning (rabiul avval oyining 12-kuni) rivoyatini keltirib, Abu Ja'farning rivoyati (ya'ni, 10-kun) to'g'ri, degan”, deydi [15].
Rabiul avvalning 12-kuni tug'ilganlari haqidagi ma'lumot esa, Abdulloh ibn Abbos, Jobir roziyallohu anhum[16], Ibn Hibbon[17], Muhammad ibn Ishoq[18], Ibn Hishom[19], Abu Ma'shar Nujayh[20] va Ibn Haldun[21]lardan rivoyat qilingan[22]. Shuningdek, Ibn Kasir “Al-bidoya van nihoya”, Ibn Rajab Dimashqiy “Latoiful ma'orif”, Movardiy “A'lomun nubuvvah”, Ibn Sayyidin nas “Uyunul asar”, doktor Muhammad ibn Abdu Rahmon Shoyi' “Nuzulul Qur'on”, Doktor Muhammad Sa'id ibn Ramazon Butiy “Fiqhus siyra”, Doktor Shavqiy Abu Halil “Atlasus siyratin nabaviya”, Muhammad Habboz “Ba'sul himam li mujazi siyrati sayyidil umam”, “Al-lajnatud doima lil buhusil ilmiyati val ifto” fatvolarida, Alixonto'ra Sog'uniy “Tarixi Muhammadiy”, Ahmad Lutfiy “Saodat asri qissalari” kitoblarida hamda, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Hadis va Hayot”, 19-juzi va “Mavlud haqidagi xilof” nomli ilmiy maqolalarida rabiul avval oyining o'n ikkinchi kuni deyishgan.
Usmonli turk davlati davrida ham bu kunni “Mavlidi nabiy” sifatida qutlanishi buyurilgan[23].
Ammo rabiul avval oyining 12-kuni tug'ilganlar degan ma'lumot mashhur bo'lsa-da, Ibn Abbos bilan Jobir roziyallohu anhumning bu haqdagi rivoyati roviylari ichida “inqito'” (uzilish) borligini muhaddislar bayon qilishgan.
Qolaversa, turk olimi Zakoi Ko'nrapa “Payg'ambarimiz va asharai mubashshara” asarida: “Rabiul avval oyining 12-kuni dushanba kuniga to'g'ri kelmaganini (balki payshanba kuniga to'g'ri kelishini) unutmaslik kerak”, deydi.
Hulosa:
Mazkur ma'lumotlarni sanad mezonida o'lchasak, rabiul avval oyining 8-kuni asosli bo'lib chiqadi. Falakiyotshunoslik taqvimi asosida hisoblasak, 9-kuni ilmiy hisob bo'ladi. Mashhurlik jihatini olsak, 12-kuni kuchli bo'ladi.
Payg'ambarimizning tug'ilgan kunlarini aniqlash o'rnida imom Qastaloniyning: “Payg'ambarimizning tug'ilgan vaqtlari rabiul avval oyidir, kuni emas (ya'ni, tug'ilgan oylari aniq, u rabiul avval oyidir, kuni esa, ma'lum emas)[24], degan xulosalarini keltirish o'rinli bo'lsa kerak.
Endi, Payg'ambarimizning tug'ilgan kunlariga munosabat o'rnida quyidagi xulosalarni keltiramiz:
Zakoi Ko'nrapa: “Payg'ambarimizning xotirini yod etishni istagan har bir musulmon buning uchun aniq bir kunni tanlashi shart emas. Qiymat kun yo soatga emas, shaxsning hartomonlama komil va namuna bo'lishiga bog'liqdir. U zotning shaxsiyatiga ko'rsatiladigan hurmat-ehtiromni u yoki bu kunda marosim o'tkazish bilan ado etib bo'lmaydi. Bu narsa ul zotga eng samimiy rishtalar bilan bog'lanish orqali amalga oshirilishi mumkin”, deydi[25].
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Ulug' zot tavallud topgan kun” nomli maqolalarida: “Bugungi kunda Payg'ambarimiz tavallud topgan muborak kunlarini xotirlash va ul zotning siyrati saniyalarini o'qib o'rganib va eshitish bilan birga, butun olamga rahmat etib yuborilgan Rasululloh (s.a.v.)ning hayot tarzlari, xulq-odoblaridan o'rnak olib yashamog'imiz lozimdir”, deganlar.
Shayx Muhammad Sodiq hazratlari “Mavlud haqidagi xilof” deb nomlangan ilmiy maqolalarida bunday xulosa berganlar: “Rabiul avval oyi hijriy yil hisobida uchinchi oydir. Bu oy musulmonlar uchun alohida mahbub oydir. Unda Robbul olaminning habibi, olamlarning sarvari Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam tavallud topganlar. Shuning uchun ham bu oyga musulmon ummati “mavlid oyi” nomini bergan. Mavlid oyida ular o'z payg'ambarlari sollallohu alayhi vasallamning tug'ilishlari va buyuk hayotlarini esga oladilar. U zot sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan ahdlarini yangilaydilar va hayotlari hamda siyratlarini yana ham mukammalroq o'rganish harakatida bo'ladilar. Qur'oni azimush sha'nda ulug' xulq egasi sifatida vasf qilingan, o'zlarining xulqlari Qur'on bo'lgan, husni xulqlilarning imomi bo'lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning mavlidlarini eslayotgan bugungi kunimizda u zotga to'liq ergashadigan, u zotning xulqlarini o'ziga xulq qilib oladigan, u zotning ta'limotlarini to'liq o'zlashtirib, er yuzida tirik Qur'on bo'lib yuradigan musulmon ummatining qaytadan tug'ilishi uchun harakat boshlash zarurligini ham eslashimiz lozim. Mahbub Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning mavlidlarini eslar ekanmiz, u zotga sodiq ummat bo'lish ahdini yangilaymiz, u zotga salovotu salomlar yuboramiz, Alloh taolodan bu dunyoda u zotga ergashib yashashlikni nasib etishini, u dunyoda O'zining roziligiga va Payg'ambarining shafoatiga muyassar qilishini so'raymiz. Omin”.
Allohdan Payg'ambarimiz Muhammad Mustafoga beadad salovot va salomlarimizni etkazishini iltijo qilamiz.
Abdul Azim ZIYoUDDIN
[1] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”.
[2] Ibn Javziy, “Al-vafo bi ta'rifi fazoilil mustafo”.
[3] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.
[4] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”.
[5] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; Imom Molik, Uqayl va Yunus ibn Yazidlar sahih isnod bilan rivoyat qilishgan.
[6] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”.
[7] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”; Muhammad Munoviy, “Fayzul Qodir sharhul jome'is sag'ir min ahodisil bashirin nazir” (3/40);
[8] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.
[9] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.
[10] “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.
[11] “Fatovo al-Azhar” (8/255).
[12] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.
[13] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.
[14] Imom Zahabiy, “As-siyratun nabaviya”.
[15] Imom Zahabiy, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.
[16] Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.
[17] Abu Hotim ibn Hibbon, “As-siyratun nabaviya”; Shayx Muhammad ibn Rizq, “Al-islom va nabiyul islom”.
[18] Imom Hokim, “Al-mustadrak 'alas sahihayn”; Imom Bayhaqiy, “Daloilun nubuvvah”, “Shu'abul iymon”; Ibn Kasir, “As-siyratun nabaviya”; Imom Tabariy, “At-tarix”; Abdu Rahmon Suhayliy, “Ar-ravzul unf fi sharhi siyrati Ibn Hishom”; Doktor Ahmad Abu Zayd, “As-siyratun nabaviya”; “Mavsu'atud difo' 'an Rosulillah”.
[19] Ibn Hishom, “As-siyratun nabaviya”; Abdul Hafiz Ali Qarniy, “An-nabiy fi mir'oti ashobihi”.
[20] Imom Zahabiy, “As-siyratun nabaviya”.
[21] “Al-istiqso fiy axboril mag'ribil aqso”.
[22] Abu Shayba, “Al-musannaf”; Doktor Ahmad Abu Zayd, “As-siyratun nabaviya”; Muhammad Abu Zahra, “Zuhratut tafosir”; “Fatovo al-Azhar”.
[23] Zakoi Ko'nrapa, “Payg'ambarimiz va asharai mubashshara”.
[24] “Al-mavohibul laduniya”.
[25] “Payg'ambarimiz va asharai mubashshara”.
manba: https://islom.uz/maqola/2077
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan