Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Rasululloh: "Allohim, ularni jannatda menga hamroh qilgin"

20.04.2022   2774   5 min.
Rasululloh:

Ummu Ammoraning asl ismi Nasiba (Nusayba) binti Ka'b ibn Amr ibn Avf ibn Mabzul, Najjoriyya, Madaniyyadir. Bu ayol hammaga na'muna va ibrat ko'rsatgan,  yaxshilik qilish borasida zarbulmasal bo'lgan ulug' sahobiya ayollarning biridir.

Imom Zahabiy rivoyat qiladi: Ummu Ammora roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Bugun Nusayba binti Ka'bning o'rni falonchi va falonchining o'rnidan yaxshidir” deganlarini eshitdim”, dedi.

Ummu Ammora Nusayba binti Ka'b saxovat bilan tanilgan, Islom va musulmonlar xizmatida ulkan ishlarni qilgan oilada ulg'aydi. Akasi Abdulloh ibn Ka'b Moziniy Badr jangida qatnashgan sahobiylardan edi. Akasi Abdurahmon esa, Tabuk  g'azotidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga yig'lab kelgan etti sahobiyning biri bo'ldi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, jangga borish uchun birorta ulov topib berishlarini so'ragan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga ulov topib bera olmadilar. Noiloj orqalariga qaytar ekanlar, ko'zlari yoshlandi. Barcha ularni “Ko'zyosh to'kuvchilar” deb nomlagan edi. Shunda ular haqida ushbu oyat nozil bo'ldi: Shuningdek, sizning huzuringizga ularni ulovli qilib qo'yishingiz uchun kelganlarida, “sizlarni ulovli qilishga narsa topa olmayman", - dedingiz. Ular esa sarf qilishga narsa topa olmaganlari uchun g'amgin bo'lib, ko'zlaridan yosh oqib qaytib ketdilar. Ularga ham (ta'na yo'q). (Tavba surasi, 92-oyat).

Turmush o'rtog'i Zayd ibn Osim ibn Amr Moziniy Najjoriy Islomga birinchilardan bo'lib kirgan. Ikki o'g'li Habib va Abdulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bo'lish baxtiga erishgan edi. Ummu Umora roziyallohu anho keyinchalik G'oziyya ibn Amr ibn Atiyya Moziniy Najjoriyga turmushga chiqdi. Undan ikki farzand Tamim va Havla dunyoga keldi. Alloh taolo har ikkisiga ham hidoyat va ixlos ne'matini berdi.

Uhud jangida Ummu Umora roziyallohu anho bir necha joyidan jarohatlandi. Bu jarohatlarning eng kattasi elkasidagi Ibn Qomia jarohatlagan og'ir jarohat edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning jarohatini ko'rib o'g'li Abdullohga onasining jarohatini bog'lab qo'yishni buyurdilar va: “Sizdek oilaga Alloh taoloning barakasi bo'lsin! Onangni maqomi falonchi va falonchilarning maqomidan yaxshi, otangni (o'gayota) maqomi falonchi va falonchining maqomidan yaxshi, seni maqoming falonchi va falonchining maqomidan yaxshi, Alloh taolo sizdek oilaga rahm qilsin!” dedilar. Bu gaplarni eshitgan Ummu Umora roziyallohu anho: “Alloh taolodan duo qilib so'rasangiz, jannatda meni sizga hamroh qilsa!” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo Alloh, ularni jannatda menga hamroh qilgin!” deb duo qildilar. Bu duoni eshitgan Ummu Umora roziyallohu anho: “Dunyoda menga nima etsa ham parvo qilmayman” dedi.

Bu sahobiya ayol sabr qilish borasida ham ulug' martabalarga erishgan. O'g'li Habib o'ldirilganida Alloh taolodan savob umidida sabr qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Yamomada payg'ambarlik da'vosi bilan chiqqan Musaylama kazzobning oldiga yuborgan edilar. Musaylama undan: “Muhammadni rasul ekaniga guvohlik berasanmi?” deb so'radi. Habib: “Ha” dedi. Musaylama: “Meni Allohning rasuli ekanimga guvohlik berasanmi?” deb so'radi. Habib: “Gapingni eshitmadim!” dedi. Bir necha bor so'raganda ham shu javobni olgach, Musaylama uning a'zolarini birma-bir kesib tashladi.

Ummu Ammora roziyallohu anho Abu Bakr roziyallohu anhuning oldiga kelib Musaylama kazzobga qarshi janga ketayotganlar bilan birga borishga izn so'radi. U zot Holid ibn Valid roziyallohu anhu bilan maslahatlashib, unga izn berdilar. O'sha paytda oltmish yoshni qoralab qo'ygan bo'lsa ham uning qasdu irodasi kuchsizlanmagan edi. Ushbu kundagi jangda o'n bir joyidan jarohatlansa ham g'ayrati susaymadi. Ular zafar quchdilar.

Ummu Ammora roziyallohu anho xalifalar davrida o'ziga loyiq martabada hayot kechirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu bu ayolning ziyoratiga kelar va maslahat so'rab turardilar. Umar roziyallohu anhu ham bu sahobiyaning hurmatini joyiga qo'yar edilar. Nusayba binti Ka'b Ansoriyya hijratning o'n uchinchi yili Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrida vafot etdi, (Alloh undan rozi bo'lsin!).

 

Manbalar asosida

Dilfuza Rahimova

tayyorladi

Boshqa maqolalar

Masjiddagi mevalarni yeyishning hukmi

13.06.2025   1828   1 min.
Masjiddagi mevalarni yeyishning hukmi

Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.