XIX xalqaro musulmon forumi Moskvada bo'lib o'tdi. Rossiya Federatsiyasi musulmonlari Diniy idorasi tomonidan tashkil etilgan an'anaviy anjumanda Misr, Qatar, Italiya, Iroq, Eron, Malayziya, Ozarbayjon, Mavritaniya, Afg'oniston, Jazoir, Qozog'iston, Qirg'iziston, Falastin, Suriya, Tunis, Turkiya, Quvayt, Birlashgan Arab Amirligi hamda O'zbekiston davlatlaridan vakillar qatnashdi.
Nufuzli forum "Diniy rahbarlarning ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni himoya qilish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashdagi o'rni" mavzusida o'tkazildi. Unda 38 ta mamlakatdan 90 dan ziyod muftiylar, islom ulamolari, davlat va din arboblari, siyosatshunoslar, olimlar, elchi va diplomatlar ishtirok etdi.
Halqaro anjumanda O'zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham qatnashib, “Diniy bag'rikenglik: O'zbekiston misolida” mavzusida ma'ruza qildi.
Ibrohimjon domla o'z chiqishida bayon etgan O'zbekistonda bo'layotgan islohotlar, xususan, diniy sohadagi ulkan o'zgarish va ko'plab yangiliklar anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi.
Halqaro anjuman doirasida O'zbekiston musulmonlari idorasi vakilini Rossiya Federatsiyasi musulmonlari Diniy idorasining raisi, muftiy Shayx Ravil' Gaynuddin qabul qildi.
Samimiy suhbatda Muftiy janoblari O'zbekiston haqida juda iliq so'zlar bilan eslab, o'tgan ulug' ustozlarni yuksak ehtirom va katta hurmat bilan yodga oldi.
Shuningdek, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlariga salom va duolar yo'llash barobarida diniy sohada olib borilayotgan xayrli islohotlarga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".
Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).
Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”
Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.
O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.
Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi
Abdufattoh Musaxanov
Manba: @Softalimotlar