Munosabat
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Prezidentimiz 8 aprel' kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik va mahallalarni obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Albatta, muborak Ramazon oyining birinchi jumasida amalga oshirilgan ushbu tashrifda katta ramziy ma'no bor. Chunki Ramazon oylar ichida eng ulug'i bo'lsa, juma kunlarning sayyididir. Shu bois bu kunlarda qilingan har qanday ezgu amal, albatta, xayrli natija beradi.
Ramazonda yaxshi amallarning ajru savobi bir necha barorbariga ko'paytirib beriladi. Ramazon haqida Salmon Forsiydan rivoyat qilingan uzun hadisda jumladan: “Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo'ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi etmishta farzni bajargandek bo'ladi”, deyilgan.
Davlatimiz rahbari tashrif davomida Islom tsvilizatsiya markazi qurilish jarayonini ko'zdan kechirib, bu markaz xalqimizning ma'naviy va ma'rifiy qudrati timsoli bo'lib qolishini ta'kidladi. Olmazor tumanidagi Universitet mahallasiga tashrifi chog'ida mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashib, ularni Ramazon va mahallalarining obod bo'lgani bilan tabrikladi.
Prezidentimizning tumandagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatni borib ko'rgani, o'qituvchilar bilan suhbatlashgani, tarbiyalanuvchilarning mashg'ulot jarayonlarini ko'zdan kechirganini alohida ta'kidlash lozim. Zero, mehr-oqibat, o'zaro hurmat va hamjihatlik singari yuksal fazilatlarni asrlar davomida qadrlab kelayotgan xalqimiz Ramazon oyida bunday ezgu amallarga alohida urg'u beradi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki bu oyda har bir qilingan amalning evaziga 70 tadan 700 tagacha savob berilishi hadisi sharifda bayon etilgan: “Har bir xayrli amalga o'n barobardan etti yuz barobargacha savob beriladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Maktab-internatda yurtimizdagi shunday ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni yaxshilash bo'yicha manfaatli videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Ushbu yig'ilishni Prezidentimiz Qur'oni karimning “Rahmon” surasidagi “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”, degan oyat bilan boshladi. Haqiqatan, shunday. Hayrli ishga qo'l urgan kishi borki, albatta, mukofotga sazovar bo'ladi.
Dinimizda o'zgalarga yaxshilik qilish, o'zi yashab turgan jamiyatdagi insonlarning hojatini chiqarish, ulardan turli xil mushkulotlarni aritish fazilatli ish sanaladi. Jumladan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o'rinda turadigan Allohga eng suyukli bo'lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”, dedilar.Darhaqiqat, kishilarga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko'p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o'rinda turadigan ulug' ibodatdir!
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi: “Bir birodarim bilan biror hojati yuzasidan birga piyoda yurishim men uchun mana bu masjidda ‒ ya'ni Madina masjidida ‒ bir oy e'tikof o'tirishimidan suyuklidir”. Ushbu hadis har bir insonni boshqalarga yaxshilik qilishga undashi, shubhasiz. Zero, buyuk bobokalonimiz Hazrat Alisher Navoiy aytadilar:
Kimki bir ko'ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron o'lsa, obod aylagay.
Ko'nglimizni yanada nurafshon etgani – inson qadrini ulug'lash, mehr va yordamga muhtoj aholini qo'llab-quvvatlash – davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo'nalishi. Bu borada olib borilayotgan xayrli ishlar ifodasini davlatimiz rahbarining Olmazor tumaniga tashrifi jarayonida yana bir bor ko'rdik, chuqur his qildik.
Alloh taolo Ramazon oyini aziz diyorimiz va xalqimiz uchun ham xayrli va manfaatli qilsin.
Homidjon IShMATBYeKOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisi birinchi o'rinbosari.
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati