O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni asosida tashkil qilingan. Bilamiz, muassasa dastlab Toshkent islom universiteti, keyinchalik bir muddat O'zbekiston islom akademiyasi sifatida faoliyat yuritgan. Ayni payt mazkur oliy ta'lim hamda ilmiy-tadqiqot markaziga xalqaro akademiya maqomi berilgan.
So'nggi yillarda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan har jihatdan o'z maqomiga munosib bo'lish hamda xalqaro miqyosda etakchi o'rinlarni egallash uchun muhim qadamlar qo'yildi. Hususan, nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik ko'lami sezilarli darajada kengaydi.
O'tgan yili O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan e'lon qilingan oliy ta'lim muassasalari milliy reytingida munosib e'tirof etildi. Ya'ni, akademiya mavqeidagi ta'lim muassasalari ilmiy salohiyati bo'yicha to'rtinchi, ijtimoiy-gumanitar sohaga ixtisoslashgan OTMlar orasida beshinchi, umumiy ko'rsatkichlar asosida esa 7-o'rinda qayd qilindi.
Talabalar qamrovi...
Akademiya matbuot xizmati taqdim etgan ma'lumotga ko'ra, bugungi kunda mazkur ta'lim dargohi 1670 o'g'il-qizni jamlagan. Bakalavr yo'nalishida 1 430, magistratura bosqichida 240 talaba o'qiydi.
Rossiya, Tojikiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Ozarbayjon va Afg'oniston davlatlaridan jami 39 (33 bakalavr, 2 magistrant, 4 doktorant) nafar xorijiy fuqaro tahsil olmoqda.
Muassasadagi 82 doktorantning 71 nafari PhD (4 kishi xorijlik - Tojikiston, Qozog'iston va Rossiya fuqarolari), 4 nafari DcS darajasi olish uchun, 7 nafari esa stajer-tadqiqotchi sifatida ilmiy izlanish olib boryapti.
– Talabalarimiz xalqaro ta'lim standarti asosida ilm olishadi, – ta'kidladi O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo'limi boshlig'i Hasan Usmonov. – Ularga olimlar, sohaning etuk mutaxassislari saboq beradi. Jahon hamjamiyatida yuqori nufuzga ega bo'lib borayotgan majmuamizda muntazam ravishda moddiy-texnik baza rivojlantiriladi. Yoshlar zamonaviy talabga mos ta'lim olishi uchun barcha sharoit muhayyo.
Halqaro hamkorlik to'g'risida...
Bugungi kunda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yevropa, Afrika va Osiyodagi 14 mamlakatning 37 nufuzli oliy ta'lim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkiloti bilan izchil aloqaniyo'lga qo'ygan. Kelishuv hujjatlarining 32 tasi akademiya xalqaro maqomga ega bo'lgach, imzolangan. E'tiborlisi, xorijiy hamkorlarimiz orasida Misr, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Malayziya, Turkiya singari Islom ilmi yuksak taraqqiy etgan, shuningdek Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Yaponiya kabi jahonning etakchi davlatlari ta'lim maskanlari bor. Mazkur oliy o'quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot markazlarining aksariyati dunyo reytingida e'tirof etilgan etakchi oliy ta'lim maskanlaridir. Islom tarixi, san'ati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA), Islom taraqqiyot banki, ICESCO, UNESCO, TIKA, KOICA, JICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan sheriklik hammuntazamlik kasb etgan. Halqaro maydondagi ilmiy-pedagogik, nazariy va amaliy aloqalarimiz tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta'kidlash joiz.
– Diyorimiz qadimdan ilm, ma'rifat, ta'lim, tarbiya markazi sifatida tanilgan, – deydi O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov. – O'rta asrlarda mamlakatimizda oliy madrasalar juda ko'p bo'lgan. Bugungi kunda ham, aynan, diniy, dunyoviy bilimlarni chuqur egallagan yuksak malakali kadrlarga ehtiyoj kuchli. Tabiiyki, shunday mutaxassislarni tayyorlash davrning eng dolzarb, muhim vazifalaridan biri.
Loyihalar va kelishuvlar
Hozir akademiya xodimlari bir necha loyiha ustida ish olib bormoqda. Hususan, islom dini va dunyoviy fanlarni o'qitish bo'yicha dunyoda o'z nufuziga ega Misr, Qatar davlatlarining universitetlari, muzey, kutubxonalari bilan memorandum, kelishuv loyihalari tayyorlandi va muvofiqlashtirilmoqda.
Majmuaga 2018-2021 yillar davomida barcha qit'alarning 20 dan ortiq davlatidan 110 ga yaqin tashrif, murojaat bo'ldi. Ushbu jarayonda bir necha universitet, ilmiy-tadqiqot markazi va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Akademiyaning xorijga tashriflari...
Akademiya professor-o'qituvchilari, doktorant, talabalari dunyoning o'ndan ziyod mamlakatidagi nufuzli xorijiy oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot markaziga safar uyushtirgan. Shunday tashriflar davomida akademiyani xorijda tanitish maqsadida turli taqdimotlar o'tkazish, konferentsiya va seminarlarda qatnashish, professor-o'qituvchilar xorijda malaka oshirishi, magistr va doktorantlar ilmiy-tadqiqot o'tkazishi uchun zamin yaratish an'anaga aylangan.
Hususan, akademiya ilmiy tadqiqotchilari Turkiyaning Islom tadqiqoti markazi, Buyuk Britaniyaning NILE (Norwich Institute for Language Education) til o'qitish instituti hamda Malayziya islom ilmi universiteti bilan tuzilgan o'zaro anglashuv memorandumi asosida yurtimizga taalluqli noyob qo'lyozmalarni tadqiq qilish bilan birga xorijlik talabalarga mahorat darsi o'tib, amaliy tajriba almashinuvi yo'lga qo'yilgan.
Majmuaning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida muntazam ravishda xorijlik professor-o'qituvchilar o'quv jarayoniga jalb etilmoqda.
2018-2021 yillarda islomshunoslik fani bo'yicha etakchi oliy ta'lim hamda ilmiy tadqiqot muassasalarining jami 100 nafardan ortiq professor-o'qituvchisi, mutaxassisi ta'lim jarayoniga jalb qilindi.
Dargohda axborot-resurs markazining yagona elektron kutubxona tizimi ishga tushirilgani ham e'tiborga molik. Axborot-resurs markazidagi mavjud elektron resurslar tizimga ketma-ketlik asosida joylashtirilmoqda. 2021 yil aprel' oyidan markazda book.iiau.uz veb-sayti ishga tushirilgan.
Darsliklar to'g'risida...
“Library”dasturiga hozirgi kunga qadar audi oshaklidagi 5731 elektron va 1540 adabiyot joylashtirilgan. 4 ming 200 elektron kitob maxsus fondda saqlanyapti. Mavjud adabiyotga ehtiyoj o'rganilib, talab yuqori bo'lgan darsliklar skaner qilinmoqda.
“Book.iiau.uz” dasturi orqali elektron a'zolik tizimli amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 1605 talaba kutubxonaga elektron tarzda a'zo bo'lgan. Markaz tomonidan 60 070 nusxadagi adabiyot maxsus shtrix kod bilan ta'minlangan.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan talabalar uchun 52 nomdagi audio darslik, 56 nomda, 738 nusxada brayl alifbosidagi darslik, 47 nomda, 700 nusxada ilmiy adabiyot hamda 9 nomda, 38 nusxada badiiy adabiyot joriy qilingan.
Iqtidorli talabalar...
Akademiyada eng iqtidorli talabalar uchun O'zbekiston Prezidenti davlat stipendiyasi, hamda Imom al-Buxoriy davlat stipendiyasi, shuningdek Islom Karimov, Ubaydulla Uvatov, Mahmudxo'ja Behbudiy nomidagi va Aloqa bank stipendiyalari ta'sis etilgan. Hozirgacha 14 nafar o'g'il-qiz ushbu stipendiyalarga munosib ko'rilgan. 4 talaba Respublika fan olimpiadasi g'olibi.
“Uchinchi renessans – yoshlar nigohida” tanlovining 3 yo'nalishida tayanch doktorant va magistrlardan tashkil topgan akademiya jamoasi musobaqaning respublika bosqichiga chiqib, “Ajdodlar merosini o'rganish va targ'ib qilishga innovatsion yondashuv” yo'nalishi bo'yicha kreativ jamoa nominatsiyasi g'olibi bo'ldi.
– Akademiyada biz uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi Islomshunoslik fakul'teti 3-kurs talabasi, “Mahmudxo'ja Behbudiy” nomidagi maxsus hamda “Imom al-Buxoriy” nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Anvar Mustafoyev. – 30 dan ziyod sport, san'at, kitobxonlik, xorijiy tilni o'rganish to'garaklari ochilgan. Mashg'ulotlar yuqori malakali mutaxassislar tomonidan o'tiladi.
Respublika va xalqaro miqyosdagi ko'rik-tanlov, musobaqa, ilmiy-amaliy konferentsiyalarga ustozlarimiz bilan birga tayyorlanamiz. AQSh, Germaniya, Angliya, Pol'sha, Chexiya, Rossiya, Turkiya, Ispaniya kabi mamlakatlarning nufuzli oliy ta'lim muassasalari tomonidan tashkil etilgan anjumanlarda ishtirok etdim. 20 dan ko'p maqolam rus, ingliz tillarida chop etildi. Hozir talaba-yoshlar ilmiy salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan bir qator loyihalarda qatnashyapman.
Darhaqiqat, akademiya professor-o'qituvchilari, yosh ilmiy tadqiqotchilarining xalqaro konferentsiya, ilmiy seminar hamda xorijiy grant loyihalaridagi ishtiroki faollashyapti. Chet ellik ekspert, talaba, doktorant va ilmiy-tadqiqotchilarning o'quv jarayoniga jalb etilishi yurtimizda ilmiy-tadqiqot samaradorligi ko'rsatkichi yildan-yilga o'sishiga sabab bo'lmoqda.
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Times Nigher Education” (THE) xalqaro reyting agentligi tomonidan 2021 yil natijalari asosida tuzilgan “Impact Rankings” reytingida dunyoning etakchi mingta oliy ta'lim muassasasi ro'yxatidan joy oldi.
Behruz HUDOYBYeRDIYeV,
Halqaro islom akademiyasi
matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
O'zA
Ramazon hayiti va Qurbon hayiti Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.
Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.
Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.
Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.
Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.
Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.
Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.
Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi