9 aprel' – Amir Temur tavalludi kuni
Buyuk davlat arbobi Amir Temur (1336-1405) o'zining o'tkir aql-zakovati, noyob etakchilik qobiliyati, harbiy mahorati bilan jahon tarixida munosib o'rin tutadi. Sarkardaning hayot yo'li, davlat boshqaruvi, o'z faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyatlari bir qator tarixiy asarlarda, jumladan, “Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aksini topgan.
Sohibqiron kitob yozganmi?
Mazkur shoh asar olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi e'tiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qo'lyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona, muzeylar va shaxsiy to'plamlarda saqlanmoqda. Ko'plab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan.
O'tgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo, asarning tili va uslubi, pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, o'tkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealar sohibqiron hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi ma'lumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi.
Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, asar dastavval Amir Temurning ona tili –eski o'zbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni o'z ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud bo'lganini aytadi. Shu paytga qadar Amir Temur faoliyati haqida uning hayotligida bitilgan turkiy tildagi asar bizgacha etib kelmaganidan, bu o'rinda so'z “Temur tuzuklari” haqida borayotgani taxmin qilish mumkin.
Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturilamal vazifasini o'tagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”, Abulg'ozi Bahodurxon “Shajari turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i turtki bergan bo'lishi mumkin. Ammo, afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qo'lyozmasi hanuzgacha topilgani yo'q. Bu durdona asar topilganida, tariximizning bizga ma'lum bo'lmagan sahifalari ochilishi barobarida, o'zbek mumtoz adabiyoti ham yana bir go'zal durdona bilan boyigan bo'lar edi.
Yamandan topilgan “Tuzuklar”
Bugun bizgacha etib kelgan xilma-xil qo'lyozmalar hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Bizga etib kelgan qo'lyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub bo'lib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda ko'chirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida Yaman hukmdori Ja'far Poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qo'lyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asarda Sohibqiron Amir Temurning etti yoshdan etmish yoshgacha bo'lgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yo'l-yo'riqlari o'rin olgan.
At-Turbatiy bu bebaho qo'lyozmani o'zi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637 yilda asar tarjimasini to'la-
to'kis bitkazib, uni Boburiy hukmdor Shohjahonga (1628-1659) tuhfa etgan.
Shohjahon asar bilan tanishib chiqqach, undagi voqealarni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi” bilan taqqoslab chiqishni Dekan muzofoti favjdori Muhammad Afzal Buxoriyga topshirib, xattot va muarrixlar o'zlaridan qo'shgan ortiqcha tafsilotlarin o'chirib tashlashni buyuradi.
Mazkur asarning shu paytgacha etib kelgan barcha qo'lyozma va toshbosma nusxalari uchun aynan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiyning tarjimasi asos bo'lib xizmat qilgan.
Qayta-qayta o'girilgan
Markaziy Osiyoda hukm surgan xonliklar davrida ham bu asarga juda katta qiziqish bildirilgan. Shu bois, mazkur asarning forscha qo'lyozmasi bir necha bor ko'chirilgan. Asli o'zbek tilida bitilgan bu asarni taqdir taqozosi bilan yana shu tilga tarjima qilishga ehtiyoj tug'ilgan. So'nggi ikki asr davomida “Temur tuzuklari” bir necha bor tilimizga o'girilgan. 1836 yilda Qo'qon xoni Muhammad Alixon (1822-1841)ning buyrug'iga ko'ra, Ho'jand qozisi Nabijon Mahdum Hotif mazkur asarni qisman tarjima qilgan. 1856-1857 yillarda Hiva xonligida mazkur asarni Muhammad Yusuf Rojiy qisqartirilgan holda o'zbekchalashtirgan. Oradan bir yil o'tib, Hivada yana bir tarjimon Pahlavon Niyoz Devon – Komil Horazmiy asar asosida, Muhammad Rizo Ogahiy tavsiyasiga ko'ra, yangi asar yaratgan. Mazkur asarlarning qo'lyomalari bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo'lyozmalari institutida saqlanmoqda.
1967 yil taniqli alloma Alixonto'ra Sog'uniy (1885-1976) asarning O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari bosh idorasining kutubxonasida saqlanayotgan forsiy qo'lyozmasidan o'zbek tiliga tarjima qilib, uning bir qismini «Guliston» jurnalida e'lon qilgan.
Istiqlol yillarida Amir Temur shaxsiga bo'lga munosabat tubdan o'zgardi. 1996 yilda buyuk sarkardaning 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temurga muhtasham haykallar o'rnatildi. O'zbekistonda ulug' sarkarda nomi bilan ataladigan “Amir Temur ordeni” ta'sis etildi. Bularning bari o'zbek xalqining buyuk Sohibqironga bo'lgan so'nmas ehtiromi namunasi bo'ldi.
“Temur tuzuklari” bir necha bor nashr qilindi. Asarning turli faksimile nusxalari ham o'quvchilar e'tiboriga havola etildi.
Rustam Jabborov.
O'zA
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati