Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

“Temur tuzuklari”ning olti asrlik sayohati

09.04.2022   2334   6 min.
“Temur tuzuklari”ning olti asrlik sayohati
yoxud “Boburnoma”, “Shajari turk” singari durdonalar yozilishiga turtki bergan asar

9 aprel' – Amir Temur tavalludi kuni

Buyuk davlat arbobi Amir Temur (1336-1405) o'zining o'tkir aql-zakovati, noyob etakchilik qobiliyati, harbiy mahorati bilan jahon tarixida munosib o'rin tutadi. Sarkardaning hayot yo'li, davlat boshqaruvi, o'z faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyatlari bir qator tarixiy asarlarda, jumladan, “Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aksini topgan.

Sohibqiron kitob yozganmi?

Mazkur shoh asar olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi e'tiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qo'lyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona,  muzeylar va shaxsiy to'plamlarda saqlanmoqda. Ko'plab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan.

O'tgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo, asarning  tili va uslubi,  pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, o'tkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealar sohibqiron hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi ma'lumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi.

Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, asar dastavval Amir Temurning ona tili –eski o'zbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni o'z ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud bo'lganini aytadi. Shu paytga qadar Amir  Temur faoliyati haqida uning hayotligida bitilgan turkiy tildagi asar bizgacha etib kelmaganidan, bu o'rinda so'z “Temur tuzuklari” haqida borayotgani taxmin qilish mumkin.

Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturilamal vazifasini o'tagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”, Abulg'ozi Bahodurxon “Shajari turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i turtki bergan bo'lishi mumkin. Ammo, afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qo'lyozmasi hanuzgacha topilgani yo'q. Bu durdona asar topilganida, tariximizning bizga ma'lum bo'lmagan sahifalari ochilishi barobarida, o'zbek mumtoz adabiyoti ham yana bir go'zal durdona bilan boyigan bo'lar edi.

Yamandan topilgan “Tuzuklar”

Bugun bizgacha etib kelgan xilma-xil qo'lyozmalar  hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Bizga etib kelgan qo'lyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub bo'lib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda ko'chirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida Yaman hukmdori Ja'far Poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qo'lyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asarda Sohibqiron Amir Temurning etti yoshdan etmish yoshgacha bo'lgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yo'l-yo'riqlari o'rin olgan.

At-Turbatiy bu bebaho qo'lyozmani o'zi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637 yilda asar tarjimasini to'la-

to'kis bitkazib, uni Boburiy hukmdor Shohjahonga (1628-1659) tuhfa etgan.

Shohjahon asar bilan tanishib chiqqach, undagi voqealarni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi” bilan taqqoslab chiqishni Dekan muzofoti favjdori Muhammad Afzal Buxoriyga topshirib, xattot va muarrixlar o'zlaridan qo'shgan ortiqcha tafsilotlarin o'chirib tashlashni buyuradi.

Mazkur asarning shu paytgacha etib kelgan barcha qo'lyozma va toshbosma nusxalari uchun aynan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiyning tarjimasi asos bo'lib xizmat qilgan.

Qayta-qayta o'girilgan

Markaziy  Osiyoda hukm surgan xonliklar davrida ham bu asarga juda katta qiziqish bildirilgan. Shu bois, mazkur asarning forscha qo'lyozmasi bir necha bor ko'chirilgan. Asli o'zbek tilida bitilgan bu asarni taqdir taqozosi bilan yana shu tilga tarjima qilishga ehtiyoj tug'ilgan. So'nggi ikki asr davomida “Temur tuzuklari” bir necha bor tilimizga o'girilgan. 1836 yilda Qo'qon xoni Muhammad Alixon (1822-1841)ning buyrug'iga ko'ra, Ho'jand qozisi Nabijon Mahdum Hotif mazkur asarni qisman tarjima qilgan. 1856-1857 yillarda Hiva xonligida mazkur asarni Muhammad Yusuf Rojiy qisqartirilgan holda o'zbekchalashtirgan. Oradan bir yil o'tib, Hivada yana  bir tarjimon Pahlavon Niyoz Devon – Komil Horazmiy asar asosida, Muhammad Rizo Ogahiy tavsiyasiga ko'ra, yangi asar yaratgan. Mazkur asarlarning qo'lyomalari bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo'lyozmalari  institutida saqlanmoqda.

1967 yil taniqli alloma Alixonto'ra Sog'uniy (1885-1976) asarning  O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari bosh idorasining kutubxonasida saqlanayotgan forsiy qo'lyozmasidan o'zbek tiliga tarjima qilib, uning bir qismini   «Guliston» jurnalida e'lon qilgan.

Istiqlol yillarida Amir Temur shaxsiga  bo'lga munosabat tubdan o'zgardi. 1996 yilda buyuk sarkardaning 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temurga muhtasham haykallar o'rnatildi. O'zbekistonda ulug' sarkarda nomi bilan ataladigan “Amir Temur ordeni” ta'sis  etildi. Bularning bari o'zbek xalqining buyuk Sohibqironga bo'lgan so'nmas ehtiromi namunasi bo'ldi.

“Temur tuzuklari” bir necha bor nashr qilindi. Asarning turli faksimile nusxalari ham o'quvchilar e'tiboriga havola etildi.

Rustam Jabborov.

O'zA

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

19.08.2026   76690   2 min.
Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.

Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.

Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.

Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari