Ramazon shukuhi yurtimizda kezib yurgan ajoyib damlarda O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi rasmiy telegram kanalida JSST ning tavsiyalarini e'lon qildi.
Ramazon oyida noto'g'ri ovqatlanish inson salomatligiga zarar etkazishi mumkin. Shu bois Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ro'zadorlar uchun sog'lom ovqatlanish yuzasidan o'z tavsiyalarini ishlab chiqdi. Ularga amal qilib, ortiqcha vazndan xalos bo'lish, qon bosimi va organizmdagi xolesterin miqdorini pasaytirishga erishish mumkin.
Ko'p miqdorda suv iching!
Bu yil odamlar kuniga o'rtacha 14−15 soat davomida ro'za tutishlariga to'g'ri keladi. Kunduzi havo harorati yuqori bo'lgan paytda salqin va soyali joylarda qolish hamda quyoshda uzoq yurmaslik tavsiya etiladi.
Iftorlik va saharlik oralig'ida ko'p miqdorda suv ichish tavsiya etiladi. Kunduzi havo harorati yuqori bo'lishi ko'p terlashni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois kun davomida yo'qotilgan suyuqlik o'rnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa kamida 10 stakan suv ichish tavsiya etiladi.
Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu me'yorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin dessert sifatida ho'l mevalardan eyish foydali.
“Achiq-chuchuk” salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv ne'matlar hisoblanadi.
Sho'rva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham iste'mol qilish mumkin.
‼️Tarkibida kofein mavjud bo'lgan kofe, choy, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan ma'qul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishi (degidratsiya)ga olib keladi.
Shuningdek, gazlangan shakarli ichimliklar kaloriyaga boy bo'lishini esdan chiqarmaslik zarur.
Kun davomida juda ko'p harakat qilish organizmning ko'p miqdorda suv yo'qotishiga olib keladi. Qisqa muddatli sayr yoki chigalyozdi mashqlari sizni tonusda ushlab turishi mumkin. Ammo kun bo'yi harakatsiz o'tirish ham tavsiya qilinmaydi.
Saharlik dasturxoni uchun maslahatlar
Qayd etilishicha:
“og'izni yopish”dan oldin ovqat eyish lozim. Saharlik paytida engil taomlaning. Bu ayniqsa ro'za tutishni maqsad qilgan katta yoshdagi insonlar, o'smirlar, homilador ayollar, emizikli farzandi bor onalar hamda bolalar uchun ham muhim!
Yengil nonushta sifatida sabzavotlar, tarkibida uglevod mavjud bo'lgan donli nonlar yoki bulochkalar, sut mahsulotlari (tuzsiz pishloq, suzma, sut) va/yoki tuxum kabi oqsilga boy ne'matlarni iste'mol qilish foydali.
Sekinroq va mayda chaynab ovqatlangan ma'qul. Ko'p miqdordagi tanavvul jig'ildon qaynashi va bezovtalikka sabab bo'ladi.
Saharlik uchun JSST tavsiyalari:
etarli miqdorda suv ichishni unutmang!
Manba:
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.