Fotiha surasi etti oyatdan, yigirma etti so'z va bir yuz qirq harfdan iboratdir. Ibn Abbos, Qatoda va Abul Oliya Fotiha surasi Makkada nozil bo'lgan, deydi. Fotiha surasining nomi ko'pligi uning sharafi va fazlining yuqoriligiga dalildir. Fotiha surasi bilan namozning har bir rakati avvalida o'qilishi va Qur'oni karim u bilan boshlangani uchun “Fotiha” (ochuvchi) deb nomlanadi.
Anas, Hasan va Ibn Sirin bu surani “Ummul Kitob”, ya'ni Kitob (Qur'on) onasi deyishgan. Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alhamdulillahi Robbil a'lamiyn Ummul Qur'on, Ummul Kitob, Sab'ul masoniy (etti takrorlanuvchi) va Al-Qur'anul a'ziym (ulug' Qur'on)dir”, dedilar. Yana “As-solat” (namoz) deb ham nomlanadi. Chunki u namozning shartlaridan biridir.
Ushbu sura “Shifo” deb ham nomlangan. Imom Dorimiy Abu Sa'id roziyallohu anhudan marfu' holatda rivoyat qilgan hadisda: “Fotihatul Kitob – har bir zaharga shifodir”, deyilgan.
Bu sura “Ruqiya” deb ham nomlanadi. So'fyon ibn Uyayna Fotihani “Voqiya”, Yahyo ibn Abi Kasir esa “Kofiya” degan. Yana u “Namoz va xazina” ham deyiladi. Buni Imom Zamaxshariy o'zining “Kashshof” tafsirida keltirgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Fotihatul Kitob – Arshimning xazinalaridan bir xazinadir”».
Davron NURMUHAMMAD
Otalarni bekorga “davlatim” demaymiz. Ular bor ekan, hayotda o‘z o‘rnimizni topamiz. Otalar biz yaxshi o‘qishimiz uchun qo‘llaridan nima kelsa, qiladi. O‘z oyoq kiyimlari yirtilib qolsa yamab kiyar, lekin bizga yangisini olib beradi. Ishlari yurishmay sal pul topishlari kamayib qolsa, siqiladi, lekin buni bizga bildirmaydi.
Bolaligimizda-chi! Biz yosh bola bo‘lib, “uni olib bering, buni olib bering”, desak, ko‘nglimizga qarashadi. Tirnoqlarimiz, sochlarimizni olib qo‘yadilar.
Halqimizda “Ota rozi – Xudo rozi”, degan maqol bor. Hayot bo‘lgan otalarimizni qadrlaylik, o‘tib ketgan bo‘lsalar, Alloh rahmat qilsin. Bir gap – ular hatto o‘tgan bo‘lsalar ham bizning davlatlarimiz ekan.
Ey umrim javhari, davlatim otam,
Dillari quyoshdir, mehribon otam,
Sizga izdoshdirman to umrim qadar,
Boshimda doimiy soyabon otam.
Bu dunyo sinovli yolg‘onchi go‘yo,
O‘tgaydur umrlar misoli daryo,
Do‘st degan ulfatim bo‘lsa-da ammo,
Bo‘lolmas siz kabi qadrdon, otam.
Akbarshoh RASULOV