“Rabbingizning mag'firatiga va Allohga hamda Uning Payg'ambarlariga imon keltirganlar uchun tayyorlangan, kengligi osmonu erning kengligicha bo'lgan jannatga musobaqalashing. Ana o'sha, Allohning fazli. Kimga xohlasa, beradi. Alloh ulug' fazl egasidir” (Hadid surasi, 21-oyat).
O'zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va Toshkent shahar hokimiyati bilan hamkorlikda 2022 yil 30 mart kuni Toshkent shahrida “Siz bizga keraksiz!” shiori ostida imkoniyati cheklanganlar uchun tadbir o'tkazildi. Unga Toshkent, Navoiy, Andijon, Samarqand viloyatlaridan 250 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar tashrif buyurishdi.
Tadbirni Toshkent shahar vakilligi xodimi Abduqahhor Yunusov Qur'oni karim tilovati bilan boshlab berdi. So'ng, ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyi munosabati bilan muborakbot etdi.
Shuningdek, tadbirda Toshkent shahar, Toshkent va Navoiy viloyatlaridan kelgan imkoniyati cheklangan fuqarolar o'rtasida “40 farz bayoni” bo'yicha musobaqa o'tkazildi.
Musobaqa uch shartdan iborat bo'lib:
1-shart. Bilet bo'yicha 3 ta savolga javob berish;
2-shart. Guruhlar o'rtasida o'zaro savol-javob;
3-shart. Erkin mavzu.
Ushbu musobaqa natijasiga ko'ra:
1-o'rin Toshkent shahri, 2-o'rin Navoiy viloyati, 3-o'rin Toshkent viloyati imkoniyati cheklanganlariga nasib etdi.
Musobaqa g'oliblariga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan esdalik sovg'alar ulashildi. Tadbir so'ngida imkoniyati cheklanganlar tomonidan imo-ishorada ijro etilgan nashidlar, sahna ko'rinishlari barchaga ko'tarinki kayfiyat baxsh etdi.
Biz o'z jamoamiz nomidan barcha g'oliblarni tabriklaymiz.
Ushbu tadbirlarning muhim jihati shundaki, yuzlab ko'ngli yarim, qalbi o'ksik kishilarimizga shodlik ulashadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: «Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandlik kirgizishdir», deganlar.
Eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan bunday insonlarning siniq ko'ngillarini ko'tarib, dillariga xursandchilik ulashish huzurbaxsh amallardan ekaniga shubha yo'q.









Munira ABUBAKIROVA
Hotin-qizlar masalalari bo'yicha bo'lim mutaxassisi
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati