Bugun mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta'minlash, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishni yo'lga qo'yishga har qachongidan ham katta e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz raisligida ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ushbu yo'nalishda mavjud holat tanqidiy tahlil qilinib, ustuvor vazifalar aniq belgilab berildi. Loyiha doirasida 200 million tup daraxt va buta ko'chatlar ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish ko'zda tutilgan.
Ushbu tashabbus doirasida Andijon viloyatida ham dadil qadamlar tashlanmoqda. Ko'chatlarni etishtirish, ekish va parvarishlash, tizimli sug'orish ishlarida mas'ullarni tayinlash bo'yicha aniq va manzilli vazifalar belgilandi. Yashil
hududlarni kengaytirish, ekologik holatni yaxshilash bo'yicha hududlar kesimida yashil maydon va yashil jamoat bog'lari
tashkil etilmoqda. Birgina Andijon shahrida 1,98 gektar maydon ko'kalamzorlashtirilmoqda. Shu yil “Cho'lpon” bog'ida 1 gektar, “Nodirabegim” bog'ining 3,5 gektar erida yashil jamoat maydonlarini tashkil etish ishlari boshlandi. Muqaddas dinimizda ham ko'chat ekish ulug' va savobli amallardan hisoblanib, erni obod qilish masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. Ekilgan ko'chat va o'simliklar doimo Alloh taologa tasbeh aytib turadi. Ko'chat ekayotgan kishi nafaqat o'ziga, balki yon-atrofdagilar, kelajak avlodga ham manfaat etkazadi. Bu amal ekuvchiga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so'ng ham savob etib turishiga sabab bo'ladi. Shu o'rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini yodga olsak: Anas ibn Molik roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar qiyomat qoyim bo'lib qolsa-yu va shu vaqtda birontaning qo'lida xurmo ko'chati bo'lsa, uni ekishga ulgursa, ekib qo'ysin”, dedilar. Bahor mavsumi ziroat, ko'chat ekish faslidir.
Ayni damda biz, diniy soha xodimlari ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatidagi barcha masjidlarga, madrasa, qabriston va ziyoratgohlarga minglab daraxt ko'chatlari ekib, yurtimizning yashil makon
bo'lishi uchun o'z hissamizni qo'shmoqdamiz. Jumladan, shu kunga qadar 4 mingdan ortiq mevali hamda 3 mingdan ortiq
manzarali daraxtlar ekildi.
MATONATLI KIShILAR
Quvonarlisi shundaki, Baliqchi, Buloqboshi, Marhamat, Jalaquduq, Oltinko'l, Qo'rg'ontepa, Ho'jaobod, Ulug'nor, Izboskan, Paxtaobod, Shahrixon tumanlarida ekilgan ko'chatlar yaproq yozib, mevalilari gullab ulgurdi.
Qishin-yozin yashil tusda bo'lgan Honobod shahri ahli obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish ishlarini doimiy vazifa deb biladi. Shaharning Yuksalish va Istiqlol mahallalaridagi yashil maydonlar adirlik joyda bo'lganligi sababli tomchilatib sug'orish yo'lga qo'yildi. Ekilgan ko'chatlar yurtimizni obod, shahar va qishloqlarimizni ko'rkam qilibgina qolmay, toza havo, pokiza suv bilan ta'minlanishimizda muhim omildir.
Bu yo'nalishda diniy sohada ham qator rejalar, ustuvor vazifalar belgilab olingan. 2022 yil 1 mart kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Bayonoti qabul qilindi. Unda “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotimizda tutgan o'rni, dinimizda ko'chat ekish, bog' yaratishning fazilatlari, yurtni obod qilishga beriladigan ajru
mukofotlar to'g'risida batafsil ma'lumotlar bor. Hisob-kitoblarga ko'ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keyingi besh yilda respublikamizda bir milliard tup ko'chat ekiladi. Kelajakda ushbu ko'chatlarning 80 foizi, ya'ni 800 millioni o'sib rivojlansa, aholi jon boshiga 20 tupdan ziyod daraxt to'g'ri kelar ekan. Bu atmosfera havosining kislorod bilan to'yinishiga, turli qum, tuz bo'ronlarining, tuproq emirilishlari, sel kelishi, qor ko'chishining tabiatimizga salbiy oqibatlarini sezilarli darajada kamayishiga hissa qo'shadi, inshaalloh.
Mirzamaqsud ALIMOV, Andijon viloyati bosh imom-xatibi
Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.
Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q!
Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.
Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!
Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!
Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.
Shoir aytadi:
Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil.
Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.
Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.
Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday deydilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] G‘ofir surasi, 19-oyat.