Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2026   |   2 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:39
Bismillah
17 Iyun, 2026, 2 Muharram, 1448

«O'zbek qorilarining oltin silsilasi» kitob taqdimoti bo'lib o'tdi (fotolavha)

31.03.2022   3498   8 min.
«O'zbek qorilarining oltin silsilasi» kitob taqdimoti bo'lib o'tdi (fotolavha)

 2022 yil 30 mart kuni «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» majmuasida Qur'oni Karim xodimi Hasanxon Yahyo Abdulmajid qalamiga mansub «O'zbek qorilarining oltin silsilasi» nomli kitobning taqdimoti o'tkazildi.

Taqdimotda yurtimizning taniqli ulamolari, xususan, ustoz qorilar, xorij olimlari, ko'plab ahli ilmlar, domlalar Qur'onga shaydo muxlislar ishtirok etishdi va muslima ayollarimiz ham tashrif buyurishdi.

Tadbir Qur'oni Karim tilovati bilan boshlandi va ustoz Yahyo qori domla duo qilib berdilar.

Tadbirni ochib berish uchun O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov so'zga chiqdilar. «O'zbek qorilarining oltin silsilasi» kitobidagi har bir ma'lumotlar ilmiy asos bilan bayon etilgan», deya ta'kidlaydi Homidjon domla Ishmatbekov.

Keyin ustoz qorilar hayoti haqida hikoya qiluvchi hujjatli fil'm namoyish etildi.

Videorolikdan so'ng «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome' masjidi imom-xatibi, «Hilol nashr» nashriyoti matbaasi rahbari Ismoil domla Muhammad Sodiq so'zga chiqdilar. Mezbon sifatida taqdimotga tashrif buyurgan barcha mehmonlarga tashakkur bildirib, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh shu kabi ishlarga shogirdlarini doim targ'ib etib, rag'batlantirib kelganlarini eslab o'tdilar. Hususan, shayx hazratlari O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi raisi bo'lgan vaqtlarida o'zbek qorilarining oltin silsilasini tiklanishiga ilk qadamni qo'yib berganlar, deydi Ismoil domla Muhammad Sodiq. 1992 yil 31 mart kuni shayx hazratlari o'zbek qorilar silsila borasidagi farmonni chiqargan ekanlar.

So'ngra Toshkent shahri «Ubay ibn Ka'b» jome' masjidi imom-xatibi, «Qur’on TV» ilmiy-ma'rifiy onlayn telekanali rahbari, ustoz Abdulhakim qori Matqulov so'zga chiqdilar. Ustoz Abdulhakim qori mazkur kitobning ahamiyati va yurtimizda Qur'oni Karimga bo'lgan muhabbat doim yuqori darajada bo'lganini ta'kidlab o'tdilar.

Keyin O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi o'qituvchisi, doktor Abdumannon domla Ismatullayev «Qiroat va tajvid ilmi tarixi» mavzusida suhbat qilib berdilar.

Taqdimot jarayonida Toshkent islom institutining «Tahfizul Qur'on» kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne'matov «O'zbek qorilarining oltin silsilasi» kitobi haqida ma'lumotlar berib o'tdilar. Kitobda O'zbek qorilarining Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bevosita tutashgan sanadi, ya'ni qiroatni naql qilgan roviylar silsilasi ilmiy asosda aniqlab chiqilgan. Bu bilan minglab o'zbek qorilari, ulardan ta'lim olgan kishilar, jumladan, Qirg'iziston, Qozog'iston, hatto Rossiyadagi ko'plab musulmonlarning Qur'ondan olgan ta'limi sanadga ega ekani o'z isbotini topgan. Ularning silsilasi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bog'liqligi ochiqlangan. Shuningdek, kitobning arabcha qismi yurtimizda yashab o'tgan ustozlarni arab olamiga tanishtirish bilan bir qatorda o'zbek qorilarining olib borgan tarixiy islohotlaridan boxabar qiladi. Shu bilan birga, ularning yurtimizda Qur'oni Karimga qanchalar e'tibor berilgani, xalqimizning Qur'onga ixlosi, xizmati haqidagi tasavvurlarini ham kengaytiradi. Hususan, Qur'oni Karim ustozi Abdulboqiy ibn Mulla Ro'zi ibn Muhammad Tole' Andijoniy hamda Qur'oni Karim muallimi Muhammad Mubin ibn Aminjon maxdum Andijoniyning imom Hafs imom Osimdan rivoyat qilgan qiroatlari bo'yicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadlari shular jumlasidandir. .

Taqdimotga Imom Moturidiy rohimahullohning hayot yo'llari, ijodiy faoliyatlari va moturidiylik ta'limoti borasida mo''tabar asarlardan bo'lgan «Saddus sug'ur» kitobi muallifi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ustozi, misrlik Ahmad Damanhuriy hafizahulloh tashrif buyurib, yurtimizdagi diniy islohotlarni e'tirof etdilar. «O'zbek qorilarining oltin silsilasi» kitobi haqida samimiy fikr-mulohazalar bildirdilar. Horijlik mehmon o'z so'zida: «Alloh taolo Qur'oni Karimda Payg'ambarlar haqida gapirganda «Istifo» (tanlab olish) fe'lini ishlatgan bo'lsa, Qur'on homillari, Qur'onni hifz qiluvchilar haqida gapirganda ham «Istifo» fe'lini ishlatgan», deb qorilarning va Qur'onga xizmat qiluvchilarning maqomi yuksakligini alohida e'tirof etib o'tdilar.

So'ngra Muhammad Ayyub qori boshchiligidagi «Jannat bulbullari» guruhi tomonidan Qur'oni Karimga bag'ishlangan go'zal nashidalar ijro etildi.

Shundan so'ng «O'zbek qorilarining oltin silsilasi» kitobi muallifi, imom noib, Qur'oni Karim xodimi Hasanxon Yahyo Abdulmajid so'zga chiqdilar. Muallif kitobning yozilish tarixi, bu borada olib borilgan izlanishlar haqida gapirib, prezentatsiya taqdim etdilar.

Ha azizlar «O'zbek qorilarining oltin silsilasi» kitobidagi sanadlarning ilmiy ravishda isbotlanishi yurtimiz musulmonlari, xususan, qorilari uchun tarixiy hodisa bo'ldi, inshaalloh, diniy-ilmiy jihatdan yuksak ahamiyat kasb etadi. Bu o'z navbatida yaqinlashib kelayotgan Qur'on oyi mohi Ramazonga tuhfa bo'ldi.

Taqdimot so'ngida ustoz qorilarga, faxriy yorliqlar, Qur'on xodimlariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg'alar ulashildi.

Tadbir yakunida ustozlar tomonidan duolar qilindi.

Kitob taqdimoti «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome' masjidida ham katta ekranda namoyish etib borildi.

Shuningdek, axborot hamkorlarimiz muslim.uz, AlQuran.uz, Azon.uz va AzonTV, Qur’on TV ilmiy-ma'rifiy onlayn telekanallarida onlayn taqdim etib borildi.

«O'zbek qorilarining oltin silsilasi» kitobini «Hilol nashr»ning kitob do'konlaridan xarid qilishingiz mumkin.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Siz mazluma ekaningiz haqidagi xayollarni tark eting

15.06.2026   4039   1 min.
Siz mazluma ekaningiz haqidagi xayollarni tark eting

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bu sizga iztiroblarni sindirish, muvaffaqiyat tomon yurish, do‘stlikni saqlash va oilada baxtiyor bo‘lishga yordam beradi. Chunki dunyoqarashi keng inson boshqalarning tabiatlarini tushunadigan, o‘zgarishlar qilishga qodir, o‘zini boshqalar o‘rniga qo‘yib ko‘radigan va vaziyatlarga o‘z holicha baho bera oladigan inson bo‘ladi.

Dunyoqarashi keng inson turli ishlarni a’lo darajada tushunadi, boshiga biror qiyinchilik tushgan yoki o‘zi orzu qilgan narsa amalga oshmay qolgan vaqtda hayot tabiatini, unda kam-ko‘stsiz maza qilib yashayotgan inson yo‘qligi hamda gohida inson yomon ko‘rgan narsasida yaxshilik bo‘lishi va gohida esa yaxshi ko‘rgan narsasida yomonlik bo‘lishi mumkinligini, yaxshilik Alloh iroda etgan narsada ekanini yaxshi anglaydi.

Dunyoqarashi keng inson ushbu keng borliqning bir parchasi ekanini, bu borliqning alamlari va shodliklaridan unga bir nasiba borligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham og‘ir zarbalardan dovdirab qolmaydi. Dunyoqarashi tor inson esa bu yomonlik yoki mushkul ish ungagina yetgan, o‘zini doim zulm qilinadigan va unga doim yomonlik yetadigan inson deb his qiladi. Dunyoqarashi keng inson esa bunday narsalarni his qilmaydi, bor kuchini eng yaxshi narsaga erishishga sarf etadi va o‘ziga berilgan narsaga rozi bo‘ladi.

Shu’la: Bugun baxtiyor bo‘ling, ertaga emas!


Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan