Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

“Ixlos” surasining fazilatlari

30.03.2022   28584   6 min.
“Ixlos” surasining fazilatlari

Alloh taolo Kalomi Qur'oni karimning bir yuz o'n ikkinchi surasi “Ixlos” deb ataladi.  Ho'sh, “ixlos” atamasi nima ma'noni beradi?

“Ixlos” so'zi aslida, arabcha so'z bo'lib, u “xolos bo'lish”, “muxlis”, “xolis” degan ma'nolarni anglatadi.  Bu haqda “O'zbek tilining izohli lug'ati”da:“Ixlos (arabcha) – samimiylik, ko'ngli ochiqlik, berilganlik, muxlislik, e'tiqod, chin yurakdan, ishonch bilan berilish; astoydil muhabbat” deb izohlanadi. Istilohda esa “Alloh taologa nisbatan xolis, sodiq bo'lish, barcha amallarni xolis Uning O'zi uchun qilish” ma'nosini anglatadi. Ixlos Islom dinining asl mohiyati bo'lib, har bir yaxshi amal uning ustiga quriladi. Inson amallarining qabul bo'lishi yoki bo'lmasligi, unga mukofot yoki jazo berilishi, o'sha amalda ixlosning mavjud yoki mavjud emasligi e'tibori bilan bo'ladi. Zero, inson amallari suratdir, ixlos esa amalning ruhidir.

Qur'oni karimning 112 surasi nomlari juda ko'p. U “Tafrid”,“Najot”, “Tavhid”, “Marifa”,“Asos”deb ham ataladi. Ammo suraning eng mashhur nomi “Ixlos”dir.

“Ixlos” atamasini Qur'oni karim surasiga qo'yilishini ulamolar quyidagicha izohlaydilar:

1. Ayrim ulamolar “Qur'onning o'zi uchta bo'lingani uchun: uchdan biri hukmlar, uchdan biri va'da va va'idlar(qaytariqlar), yana uchdan biri ism va sifatlar. “Qul huvallohu ahad” shu uch bo'lakning bir bo'lagi, ya'ni ism va sifatlar bo'lagidir. Shu ma'noda bu sura “Ixlos” deb nomlanadi” deydilar.

2. Ba'zi ulamolar: “Bu (sura)ning Qur'onning uchdan biriga tengligiga sabab, unda Allohning Somad ismi borligi uchun, chunk boshqa suralarda bu ism topilmaydi”, deydilar.

                       Ixlos surasi Makkada nozil bo'lgan, 4 oyatdan iborat.

                                             Ixlos surasi

1. Qul huvallohu ahad.

2. Allohus-somad.

3. Lam yalid va yulad.

4. Va lam yakullahu kufuvan ahad.

Tarjimasi:

1. (Ey Muhammad) Ayting:“U Alloh yagonadir”.

2. Alloh Samad. (ehtiyojsiz,hojatbaror).

3. U tug'magan va tug'ilmagan ham.

4. Shuningdek. Uning hech bir tengi yo'qdir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida “Ixlos” surasining ko'plab fazilatlarini bayon qilganlar. Kimki “Ixlos”surasini yashayotgan manzilida bir marta o'qisa, Alloh taolo unga, oilasiga, hatto qo'ni-qo'shnilariga baraka beradi. Bu haqda hadis-sharifda: “Bir kishi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, kambag'alligi va nochorligidan shikoyat qildi. Shunda Rasulloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Qachon manzilingga kirsang, odam bo'lsa-bo'lmasa, salom bergin, so'ng menga salom yo'llagin va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o'qigin”, dedilar. Haligi kishi shunday qildi. Natijada Alloh taolo unga shu darajada rizq berdiki, hatto qo'shnilari-yu qarindoshlariga mo'l-ko'l yog'dirildi (Hofiz Abu Muso Madaniy Sahl ibn Sa'ddan rivoyat qilgan).   

Agar bir kishi har kuni “Ixlos” surasini 50 marta o'qisa, qiyomat kuni u jannatga kirish baxtiga muvaffaq bo'ladi.  Bu haqda hadisi-sharifda: “Kimki “Ixlos” surasini har kuni 50 marta o'qisa, qiyomat kuni: “Tur, ey Allohni maqtovchi! Jannatga kir!”deyiladi.

“Kimki “Ixlos” surasini ikki yuz marta o'qisa, gardanidagi qarzdan boshqa ellik yillik gunohlari kechiriladi. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki “Ixlos” surasini kuniga 200 marta o'qisa. Gardanidagi qarzdan boshqa ellik yillik gunohlari o'chiriladi” (Imom termiziy rivoyati).

“Ixlos” surasini o'qishni yaxshi ko'rish fazilat bo'lib, bu fazilat insonni jannat sari etaklaydi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam (Ixlos” surasini nazarda tutib):“Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, men shu surani yaxshi ko'raman” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni yaxshi ko'rishing, seni jannatga etaklaydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki yotib uxlamoqchi bo'lib, o'ng tomonga qarab yotsa, so'ng “Qul huvallohu ahad”ni 100 marta o'qisa, Alloh taolo qiyomat kuni unga:“O'ng tarafdan jannatga kir” deydi (Imom Termiziy rivoyati).

   Agar bir kishi vafot etar chog'ida “Ixlos” surasini o'qisa, qabrda azoblanmaydi, sirot ko'prigidan omon o'tadi. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim vafot bilan nihoya topadigan kasalligida “Ixlos” surasini o'qisa, qabrida fitnalanmaydi, qabr siqishidan omonda bo'ladi va farishtalar uning qo'lidan tutib, sirot ko'prigidan jannatga olib o'tadilar”(Imom Tabaroniy rivoyati).

Alloh taolo barchamizni “Ixlos” surasining fazilatidan bahramand bo'lishga muvaffaq qilsin!

 

R. Akbarov,

O'MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakillik xodimi.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

INSON QADRINING YANA BIR YAQQOL IFODASI

04.06.2025   13573   2 min.
INSON QADRINING YANA BIR YAQQOL IFODASI

Munosabat

Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.

Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.

Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.

Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.

Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.

Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.

Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.

Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib,  Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.

Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.

 

Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi

o‘rinbosari.

Maqolalar