Alloh taolo Kalomi Qur'oni karimning bir yuz o'n ikkinchi surasi “Ixlos” deb ataladi. Ho'sh, “ixlos” atamasi nima ma'noni beradi?
“Ixlos” so'zi aslida, arabcha so'z bo'lib, u “xolos bo'lish”, “muxlis”, “xolis” degan ma'nolarni anglatadi. Bu haqda “O'zbek tilining izohli lug'ati”da:“Ixlos (arabcha) – samimiylik, ko'ngli ochiqlik, berilganlik, muxlislik, e'tiqod, chin yurakdan, ishonch bilan berilish; astoydil muhabbat” deb izohlanadi. Istilohda esa “Alloh taologa nisbatan xolis, sodiq bo'lish, barcha amallarni xolis Uning O'zi uchun qilish” ma'nosini anglatadi. Ixlos Islom dinining asl mohiyati bo'lib, har bir yaxshi amal uning ustiga quriladi. Inson amallarining qabul bo'lishi yoki bo'lmasligi, unga mukofot yoki jazo berilishi, o'sha amalda ixlosning mavjud yoki mavjud emasligi e'tibori bilan bo'ladi. Zero, inson amallari suratdir, ixlos esa amalning ruhidir.
Qur'oni karimning 112 surasi nomlari juda ko'p. U “Tafrid”,“Najot”, “Tavhid”, “Marifa”,“Asos”deb ham ataladi. Ammo suraning eng mashhur nomi “Ixlos”dir.
“Ixlos” atamasini Qur'oni karim surasiga qo'yilishini ulamolar quyidagicha izohlaydilar:
1. Ayrim ulamolar “Qur'onning o'zi uchta bo'lingani uchun: uchdan biri hukmlar, uchdan biri va'da va va'idlar(qaytariqlar), yana uchdan biri ism va sifatlar. “Qul huvallohu ahad” shu uch bo'lakning bir bo'lagi, ya'ni ism va sifatlar bo'lagidir. Shu ma'noda bu sura “Ixlos” deb nomlanadi” deydilar.
2. Ba'zi ulamolar: “Bu (sura)ning Qur'onning uchdan biriga tengligiga sabab, unda Allohning Somad ismi borligi uchun, chunk boshqa suralarda bu ism topilmaydi”, deydilar.
Ixlos surasi Makkada nozil bo'lgan, 4 oyatdan iborat.
Ixlos surasi
1. Qul huvallohu ahad.
2. Allohus-somad.
3. Lam yalid va yulad.
4. Va lam yakullahu kufuvan ahad.
Tarjimasi:
1. (Ey Muhammad) Ayting:“U Alloh yagonadir”.
2. Alloh Samad. (ehtiyojsiz,hojatbaror).
3. U tug'magan va tug'ilmagan ham.
4. Shuningdek. Uning hech bir tengi yo'qdir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida “Ixlos” surasining ko'plab fazilatlarini bayon qilganlar. Kimki “Ixlos”surasini yashayotgan manzilida bir marta o'qisa, Alloh taolo unga, oilasiga, hatto qo'ni-qo'shnilariga baraka beradi. Bu haqda hadis-sharifda: “Bir kishi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, kambag'alligi va nochorligidan shikoyat qildi. Shunda Rasulloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Qachon manzilingga kirsang, odam bo'lsa-bo'lmasa, salom bergin, so'ng menga salom yo'llagin va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o'qigin”, dedilar. Haligi kishi shunday qildi. Natijada Alloh taolo unga shu darajada rizq berdiki, hatto qo'shnilari-yu qarindoshlariga mo'l-ko'l yog'dirildi (Hofiz Abu Muso Madaniy Sahl ibn Sa'ddan rivoyat qilgan).
Agar bir kishi har kuni “Ixlos” surasini 50 marta o'qisa, qiyomat kuni u jannatga kirish baxtiga muvaffaq bo'ladi. Bu haqda hadisi-sharifda: “Kimki “Ixlos” surasini har kuni 50 marta o'qisa, qiyomat kuni: “Tur, ey Allohni maqtovchi! Jannatga kir!”deyiladi.
“Kimki “Ixlos” surasini ikki yuz marta o'qisa, gardanidagi qarzdan boshqa ellik yillik gunohlari kechiriladi. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki “Ixlos” surasini kuniga 200 marta o'qisa. Gardanidagi qarzdan boshqa ellik yillik gunohlari o'chiriladi” (Imom termiziy rivoyati).
“Ixlos” surasini o'qishni yaxshi ko'rish fazilat bo'lib, bu fazilat insonni jannat sari etaklaydi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam (Ixlos” surasini nazarda tutib):“Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, men shu surani yaxshi ko'raman” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni yaxshi ko'rishing, seni jannatga etaklaydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki yotib uxlamoqchi bo'lib, o'ng tomonga qarab yotsa, so'ng “Qul huvallohu ahad”ni 100 marta o'qisa, Alloh taolo qiyomat kuni unga:“O'ng tarafdan jannatga kir” deydi (Imom Termiziy rivoyati).
Agar bir kishi vafot etar chog'ida “Ixlos” surasini o'qisa, qabrda azoblanmaydi, sirot ko'prigidan omon o'tadi. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim vafot bilan nihoya topadigan kasalligida “Ixlos” surasini o'qisa, qabrida fitnalanmaydi, qabr siqishidan omonda bo'ladi va farishtalar uning qo'lidan tutib, sirot ko'prigidan jannatga olib o'tadilar”(Imom Tabaroniy rivoyati).
Alloh taolo barchamizni “Ixlos” surasining fazilatidan bahramand bo'lishga muvaffaq qilsin!
R. Akbarov,
O'MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakillik xodimi.
Bugun, 20 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi, ellikboshilar va shifokorlar jamoalari ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari haj kunlariga qadar ziyoratchilar bilan muntazam ma’rifiy suhbatlar tashkil etish, ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va odoblari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish hamda zikru duolar bilan mashg‘ul bo‘lish va barcha murojaatlarini ijobiy hal etish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, yurtdoshlarimiz muborak zamindagi har bir daqiqasini g‘animat bilib, uni mazmunli va ibodatlar bilan o‘tkazishi hamda haj amaliga ruhan va jismonan tayyorgarlik ko‘rishuchun voiz ulamolar, ellikboshilar bor kuch-g‘ayratlarini sarflashi lozimligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilishda ziyoratchilarning ibodatlari mukammal bo‘lishi uchun ularga qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish borasida Makka va Madina shaharlaridagi ishchi guruhi faoliyat olib borayotgani, mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar hozirlangani, Mino, Arafot va Muzdalifadagi joylar ko‘zdan kechirilgani haqida ma’lumot taqdim etildi.
Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov va boshqa mutasaddilar so‘zga chiqib, tibbiy jihatlar, ziyoratchilar salomatligi, issiq kunlarda harakatlanish tartibi, qonun-qoidalarga amal qilish, transport xizmati, hojilar xavfsizligini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalar berdilar.
Yig‘ilish yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab, Qur’oni karim xatmlari va xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati