بسم الله الرحمن الرحيم
HUSh KYeLDING RAMAZON!
Muhtaram jamoat! Muborak kunlar ostonasida turibmiz. Oylarning sultoni Ramazon soya solib turibdi. Ramazon so'zining ma'nolaridan biri shuki, arablar bahor kirib kelganda eng birinchi yog'adigan yomg'irlarni Ramazon deb atashgan. Dehqonlar shu yomg'irlardan keyin qarashar, qaysi daraxt shu yomg'irdan keyin kurtak otsa unga parvarishni davom ettirishar, qaysi bir daraxt kurtak otmagan bo'lsa undan umidni uzishar ekan. Bir so'z bilan aytganda u yomg'ir ular uchun umid yomg'iri hisoblanar ekan. Biz mo'min-musulmonlar uchun ham Robbimiz rahmatlari yog'iladigan oy – Ramazon yaqinlashmoqda. Kim Ramazon kelganidan xursand bo'lsa va unda yomonliklardan tiyilish hamda oz bo'lsada yaxshilik sari qadam qo'yishni niyat qilsa, uning yaxshilikka erishishidan umid qilsa bo'ladi. Ayni shu kunlar arafasida Payg'ambarimiz alayhissalom sahobalarga quyidagi so'zlarni aytganlari rivoyat qilingan:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّهُ قَدْ أَظَلَّكُمْ شَهْرٌ عَظِيمٌشَهْرٌ مُبَارَكٌ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ فَرَضَ اللَّهُ صِيَامَهُ وَجَعَلَ قِيَامَ لَيْلِهِ تَطَوُّعًا فَمَنْ تَطَوَّعَ فِيهِ بِخِصْلَةٍ مِنَ الْخَيْرِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فَمَا سِوَاهُ وَمَنْ أَدَّى فِيهِ فَرِيضَةً كَانَ كَمَنْ أَدَّى سَبْعِينَ فَرِيضَةً وَهُوَ شَهْرُ الصَّبْرِ وَالصَّبْرُ ثَوَابُهُ الْجَنَّةُ وَهُوَ شَهْرُ الْمُوَاسَاةِ وَهُوَ شَهْرٌ يُزَادُ رِزْقُ الْمُؤْمِنِ فِيهِ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ عِتْقُ رَقَبَةٍ وَمَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ" قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ لَيْسَ كُلُّنَا يَجِدُ مَا يُفَطِّرُ الصَّائِمَ قَالَ: "يُعْطِي اللَّهُ هَذَا الثَّوَابَ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا عَلَى مَذْقَةِ لَبَنٍ أَوْ تَمْرَةٍ أَوْ شَرْبَةِ مَاءٍ وَمَنْ أَشْبَعَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ وَسَقَاهُ اللَّهُ مِنْ حَوْضِي شَرْبَةً لاَ يَظْمَأُ حَتَّى يَدْخُلَ الْجَنَّةَ وَكَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَنْقُصَ مِنْ أَجْرِهِ شَيْئًا وَهُوَ شَهْرٌ أَوَّلُهُ رَحْمَةٌ وَأَوْسَطُهُ مَغْفِرَةٌ وَآخِرُهُ عِتْقٌ مِنَ النَّارِ وَمَنْ خَفَّفَ عَنْ مَمْلُوكِهِ فِيهِ أَعْتَقَهُ اللَّهُ مِنَ النَّارِ
(أخرجه الإمام البيهقي عَنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ رضي الله عنه)
ya'ni: “Ey, insonlar! Ulug', muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko'ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro'zasini farz qildi, kechasi bedor bo'lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o'xshaydi. Kim unda bir farz amalni ado etsa (boshqa oylarda) etmishta farzni ado qilgandek bo'ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o'zgalardan ko'ngil so'rash, mehr-muruvvat oyidir. Bu oyda mo'min kishining rizqi ziyoda bo'ladi. Kim u kunda biror ro'zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag'firat va jahannamdan ozod bo'lishiga sabab bo'ladi”, – dedilar. Shunda: “Ey, Allohning Rasuli! Hammamiz ham ro'zadorga beradigan iftorlik topa olmaymiz-ku”, – deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu savobni ro'zadorga bir yutum sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kim ro'zadorni to'ydirsa, bu uning gunohlariga kafforat bo'ladi va Alloh taolo uni mening havzimdan sug'oradiki, undan keyin to jannatga kirguncha chanqamaydi. Iftorlik qilib berganga ham ro'zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda, uning ajriga teng savob bo'ladi. Bu oyning avvali rahmat, o'rtasi mag'firat, oxiri jahannamdan ozod bo'lishdir. Kim Ramazon oyida qo'l ostidagi (xizmatchisi)gaengillik qilsa, Alloh taolo uni mag'firat qiladi va uni do'zaxdan ozod qiladi”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Ushbu hadisdan Ramazondagi har qanday amalning ajri bir necha barobar qilib berilishini bilib oldik. Bularni yaxshi anglagan ummat peshvolari bo'lmish sahobai kiromlar Ramazonni xuddi bir ulug' mehmondek kutib olar edilar. Ular Ramazonga o'tgan gunoh va xatolari uchun tavbalar qilib, imkon qadar zimmalaridagi qarzlarni ado qilib, hatto ba'zilari zimmasida hech qanday haq qolmasligi uchun zakotlarini ado qilib kirar edilar. Zotan, ushbu oy mo'min-musulmonlar uchun ibodat mavsumi hisoblanadi. Misol uchun ba'zilar bozor va katta-katta do'konlarning chegirmalar mavsumini kutib yashaydilar. Narsalarning narxi pasaytirib beriladigan, bitta narsaning narxiga ikki yoki uchta narsa beriladigan kunlarda do'konlar odamlarga to'lib ketadi. Oldingi solih zotlar Ramazonni ajr va savoblar bir necha o'nlab marta ko'p beriladigan mavsum sifatida ko'rganlar. Shuning uchun ham ular Ramazonga olti oy qolganidan boshlab unga etkazishni so'rab Alloh taologa duo qilganlar. Aslida Ramazonga etib kelish ulkan ne'mat va katta imkoniyatdir. Chunki oy rahmat oyidir, omonlik oyidir. Unda qancha-qancha insonlar do'zaxdan najot topish baxtiga musharraf bo'ladilar. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
إذا كان أولُ ليلةٍ من شهرِ رمضانَ صُفِّدَتِ الشياطينُ ومَرَدةُ الجنِّ ، وغُلِّقتْ أبوابُ النارِ فلم يُفتحْ منها بابٌ ، وفُتِّحَتْ أبوابُ الجنةِ فلم يُغلقْ منها بابٌ ، ويُنادي منادٍ كلَّ ليلةٍ : يا باغيَ الخيرِ أقبلْ ، ويا باغيَ الشرِّ أقْصرْ ، وللهِ عتقاءُ من النارِ ، وذلك كلَّ ليلةٍ
(رواه الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Ramazonning birinchi kechasida shaytonlar va sarkash jinlar zanjirband qilinadi. Do'zax eshiklari yopiladi. Uning bironta eshigi ochilmaydi. Jannat eshiklari ochiladi. Uning bironta eshigi yopilmaydi. Har kechada bir nido qiluvchi nido qiladi: “Ey yaxshilik istovchi!. Ey yomonlik istovchi!. Allohning do'zaxdan ozod qilingan bandalari bo'ladi va bu har kechada sodir bo'ladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ushbu oyni alohida e'tibor bilan o'tkazar edilar. Bu haqda shunday deyiladi:
عن ابن عباس رضي الله عنهما ، قَالَ : كَانَ رسول الله صلى الله عليه وسلم أجْوَدَ النَّاسِ، وَكَانَ أجْوَدَ مَا يَكُونُ في رَمَضَانَ حِيْنَ يَلْقَاهُ جِبْريلُ ، وَكَانَ جِبْريلُ يَلْقَاهُ في كُلِّ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ فَيُدَارِسُهُ القُرْآنَ ، فَلَرَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم حِيْنَ يَلْقَاهُ جِبرِيلُ أجْوَدُ بالخَيْرِ مِن الرِّيحِ المُرْسَلَةِ
متفقٌ عَلَيْهِ
ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam insonlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxovatli holatlari Ramazonda – Jabroil bilan uchrashgan vaqtda bo'lar edi. Jabroil alayhissalom Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan Ramazonning har tunida uchrashar edi va Qur'onni dars qilishar edi. Haqiqatda shu kunlarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo'lib ketar edilar” (Muttafaqun alayh).
Bundan ma'lum bo'ladiki, Ramazon Qur'on va saxovat oyidir. Zero Qur'on Ramazonda nozil qilingan. Qur'oni karim oyatlarida ham Ramazon Qur'on nozil qilingan oy sifatida vasf etilgan:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ
ya'ni: “Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat Qur'on nozil qilingandir”, deyiladi (Baqara surasi 185-oyat).
Ramazonning Qur'on tushirilishi uchun tanlab olingani ham uning ulug' fazilatga ega ekaniga dalolat qiladi. Zero bu Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan sunnat bo'lgan amaldir. Sahobai kiromlar va tobe'inlar ushbu oyda Qur'on tilovati va darsiga alohida ahamiyat berishlari ham shundandir.
Sufyon Savriy Ramazon kirsa odamlarga ko'p aralashmay Qur'on tilovatiga yuzlanar edi. Imom Molik Ramazon kirishiga hadis darslarini qo'yib, mushafni olib tilovatga berilar edi.
Ramazonda qaysi amalga bel bog'lasam bo'larkan, qaysi amal ko'proq ajr va baraka keltirar ekan, deb o'ylab turgan insonlarga ulamolar bu oyda ko'proq Alloh taoloning kalomi Qur'oni karimni tilovat qilish, uni tinglash va uni o'rganishni tavsiya qiladilar. Shuning uchun taroveh namozlarida Qur'oni karimni xatm qilish sunnat hisoblanadi. Ramazon va Qur'on qiyomatda mo'minlar uchun shafoatchi maqomida bo'ladi. Hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
الصيامُ والقرآنُ يَشْفَعانِ للعبدِ، يقولُ الصيامُ: أَيْ رَبِّ! إني مَنَعْتُهُ الطعامَ والشهواتِ بالنهارِ، فشَفِّعْنِي فيه، ويقولُ القرآنُ: مَنَعْتُهُ النومَ بالليلِ، فشَفِّعْنِي فيه؛ فيَشْفَعَانِ
ya'ni: “Ro'za va Qur'on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: Ro'za: “Ey Rabbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to'sgan edim. Uning haqida shafoatimni qabul qil. Qur'on: “Men uni kechalari uyqudan to'sgan edim. Uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Bas, ikkovining ham shafoati qabul qilinadi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Alloh taolo bandalarini yaxshi ko'rsada, ularga onalaridan mehribonroq bo'lsada ularning zimmasiga ro'zani farz qildi va bu oyning ma'lum vaqtida och va tashna yurishlarini xohladi. Bunga sabab shuki, ro'za ular uchun ham ma'naviy, ham jismoniy ma'noda shifo bo'ladi. Buning misoli ona bolasini yaxshi ko'rsa ham bola kasal bo'lgan vaqtda achchiq dorilarni unga majburlab ichirib, uni shifo topishini xohlashi kabidir. Shuning uchun ham ro'za farz qilingan oyatning oxirida “shoyadki taqvo qilsangiz” deyildi. Ya'ni sizlar ro'za tutish orqali taqvoga ya'ni zohiriy va botiniy gunohlardan saqlanish malakasiga ega bo'lasiz.
Ro'zaning mo'minlar uchun eng katta manfaati bu uni do'zax otashidan himoya qilishi va undan uzoqlashtirishi hisoblanadi. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deydilar:
مَا مِنْ عبْدٍ يصُومُ يَوماً في سبِيلِ اللَّه إِلاَّ باعَدَ اللَّه بِذلك اليَومِ وجهَهُ عَن النَّارِ سبعينَ خرِيفاً
(متفقٌ عليه عَنْ أَبي سَعيدٍ الخُدْريِّ رَضيَ اللَّه عنهُ)
ya'ni: “Qaysi bir banda Alloh yo'lida bir kun ro'za tutar ekan Alloh taolo uning yuzini shu tufayli etmish kuz (ya'ni etmish yillik masofaga) do'zaxdan uzoq qiladi” (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:
مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إيمَاناً وَاحْتِسَاباً، غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ
(متفقٌ عَلَيْهِ عن أَبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro'za tutsa, uning o'tgan gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisda Ramazondek buyuk fazilatlarga boy oyda faqat ro'za tutibgina kifoyalanmasdan, balki kechalari qoim bo'lib, taroveh namozlarida Qur'on tilovatini tinglasalar, Alloh taoloning buyuk va'dalariga sazovor bo'ladilar.
Bu oyda fursatni g'animat bilish uchun odatdagi ibodatlarga qo'shimcha ravishda 20 rakat tarovih namozi sunnat qilingan. Bu esa savoblarning bir necha barobar bo'lishiga sabab bo'ladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:
مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ
(رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim imon bilan, savob umidida Ramazon kechalari qoim bo'lsa, uning o'tgan gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Muhtaram azizlar! Ushbu oy toat va ibodat, mehr va oqibat, muruvvat va saxovat oyidir. Yuqoridagi o'tgan hadislardan Ramazonda qilinadigan amallarning fazilatlari, xususan ro'zadorlarga iftor qilib berish gunohlarimizga kafforat bo'lishini tushunib oldik. Lekin shu o'rinda bir mulohazani eslatib o'tamizki, xalqimizning diniy saviyasi ortib, savob va gunoh to'g'risidagi tushunchalari ham shakllanib bormoqda. Qilayotgan amallari qabul bo'lishi uchun ixlos qanchalik zarur bo'lsa, riyo amallarning savobini bekor qilishini yaxshi anglamoqdalar. Shundan kelib chiqib iftorlik bermoqchi azizlarimiz qiladigan iftorliklarini ixcham tarzda, dabdaba va riyokorliklardan chetlangan holda, hashamatli restoran yoki kafelarda emas, balki uyda oila va yaqinlari davrasida o'tkazishlari maqsadga muvofiq bo'ladi. Dabdaba qilib, o'ziga to'q kishilarga iftorlik bergandan ko'ra, beva-bechora va etim-esirlarga, mehribonlik uylariga xayr-ehson qilish dinimizda eng maqbul ishlardandir.
Shuningdek, Ramazon tavba va istig'for, zikr va tasbehlar oyidir. Duo va tazarru' oyidir. Rahm-shafqat va kechirimli bo'lish oyidir. Bu muborak oyga tavba bilan, bir-birlarimizdagi haqlarni ado etib, bir-birimizga bo'lgan gina va adovatlarni unutib, bir-birimizni kechirib kirib boraylik. Yaxshilikda musobaqalashaylik. Mo''minning umri faqatgina yaxshilikni ziyoda qilishi kerak. Bu kunlar ham o'tib ketadi. Bundan so'ng to'qlik kunlari yana keladi. Tomoqlarimiz yana ho'l bo'ladi, ammo ajr qoladi insha Alloh!
Majruh qalblarga davo bo'ladigan, mahzun qalblarga tasalli bo'ladigan, tog'lar qadar ajr bo'ladigan Qur'on xatmlarida qatnashaylik. Elu yurt haqiga, aziz vatanimiz haqiga duolar qilaylik. Tinchlik va xotirjam kunlar bardavom bo'lishini Haq taolodan so'raylik.
Barchamizga Ramazon oyi muborak bo'lsin! Uni g'animat bilib, yaxshiliklar bilan o'tkazishni barchamizga nasib qilsin! Omin!
Sharqshunos tadqiqotchi M.Xadr tomonidan e’lon qilingan va keyinchalik taniqli olim O.Bolshakov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan XI asr o‘rtalariga oid ikkita vaqf hujjati G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining hukmdori Ibrohim Tamg‘achxon davriga taalluqlidir. O‘rta asrlar arab muarrixi Ibn Fuvatiyning guvohlik berishicha, Ibrohim faqihlarning qat’iy xulosasisiz biror kimsaga jazo tayinlamagan hamda hech kimning mol-mulkini musodara etmagan odil hukmdor timsoli bo‘lgan. Shu bois u Bag‘dod xalifasi Qoim tomonidan “Davlat tayanchi” hamda “Sharq va Chin podshohi” kabi oliy darajali unvonlar bilan sharaflangan.
Ushbu ma’rifatparvar hukmdor tashabbusi bilan Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Dor al-marzo”, ya’ni Bemorlar uyi shahar fuqarolari bilan birga musofirlar uchun ham bepul tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan. Vaqfnoma matnida mazkur dorushshifoning jo‘g‘rofiy o‘rni, ichki me’moriy tuzilishi, xizmatchilar safi, ularga ajratiladigan maosh hamda muassasani muttasil mablag‘ bilan ta’minlab turuvchi ko‘chmas mulklar tafsiloti bayon etilgan.
Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, shifoxona Samarqandning gavjum savdo chorrahalaridan birida – So‘g‘d bozori va Zargarlar mahallasi tutashgan hududda qad rostlagan. Xastaxonaning kundalik xarajatlarini, bemorlarning to‘laqonli ovqatlanishi va zarur dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash maqsadida xoqon o‘z shaxsiy mulki hisoblangan “Timi palos” karvonsaroyini hamda beshta yordamchi xona, uchta hujra va uch do‘kondan iborat savdo rastalarini vaqf mulki sifatida muassasa ixtiyoriga topshirgan. Vaqfnoma shartiga binoan, ushbu tijorat inshootlaridan tushadigan barcha ijara daromadlari muayyan hissalarga – teng yuz qismga taqsimlanib, shifo maskani ehtiyojlariga yo‘naltirilgan.
Mazkur maskanda faoliyat yuritgan mutaxassislar tarkibi va xizmat haqining taqsimlanish tartibi o‘sha davr jamiyatining ma’naviy va tabaqaviy qiyofasini anglashda qimmatli dalildir. Jumladan, umumiy tushumning yuz qismdan iborat hisobidan eng katta ulush – naq o‘n qismi bevosita bosh tabibga tayinlangan. E’tiborga molik jihati shundaki, shifoxonaning umumiy ma’muriy boshqaruvchisi va moliyaviy nazoratchisi bo‘lgan mutasarrifga sakkiz qism maosh ajratilgan. Ilm va amaliyot sohibi bo‘lmish hoziq tabibga ijrochi boshqaruvchidan yuqoriroq haq to‘langani qoraxoniylar jamiyatida yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mehnati yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, muassasada qon oluvchi muolajachi – fassod, mohir pazandalar hamda xizmatchilar ham mehnat qilgan. Vaqf tushumidan alohida xizmatchiga besh qism, oshpazga uch qism maosh belgilangan.
Hujjatda xastalarning huquqlarini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Vaqfnoma talabiga ko‘ra, davolanayotgan kishilar xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lguniga qadar ularni shifoxonadan chiqarib yuborish yoki bezovta qilish qat’iyan man etilgan. Shaharning yerlik fuqarosi va tashrif buyurgan musofirlar birdek bepul tibbiy ko‘mak olish huquqidan foydalangan. Bemor sog‘aygachgina o‘rnini boshqa muhtoj xastaga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan. Mazkur nizom talablarini o‘zgartirish yoki bekor qilish taqiqlanib, vaqf shartlarining abadiy kuchda qolishi muhrlangan.
Taniqli tarixchi va tangashunos olim Ye.Davidovich vaqfnomadagi pul muomalasiga oid tafsilotlarni tadqiq etar ekan, hujjat tasdiqlangan paytda Samarqandda amalda bo‘lgan tangalarning aniq qiymati qayd etilganini ta’kidlaydi. Unga muvofiq, bir misqol sof oltin qiymati aynan qirq yetti kumush dirhamga tenglashtirilgan. Hujjatda tangalar xarid quvvatining pasayishi, ya’ni pul qadrsizlanishi ehtimoliga qarshi maxsus muhofaza bandi kiritilgan bo‘lib, agar istiqbolda dirhamning bozor bahosi o‘zgarsa, xodimlarning ish haqi va shifoxona xarajatlari hujjat tuzilgan kundagi sof oltin o‘lchov mezoni bo‘yicha yangi muomaladagi dirhamlarda qayta hisoblab to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan. Bu esa o‘rta asrlar huquqiy amaliyotida moliyaviy barqarorlikni asrash va muassasani moddiy tanazzuldan himoya qilishning ilg‘or tizimi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ibrohim tashabbusi bilan rasmiylashtirilgan ikkinchi vaqf hujjati Samarqandning “Bobulhadid”, ya’ni Temir darvoza mavzesida barpo qilingan madrasaga tegishlidir. Atrofida Xotun Malika maydoni va xonaqohlar joylashgan mazkur ta’lim dargohi ham talabalar va mudarrislar uchun moddiy sharoitlarni kafolatlagan. Agar davrlar o‘tib shifoxona yoki madrasa binolari tabiiy ofat yoki zamonlar evrilishi sabab yaroqsiz holga kelsa va ularni tiklash imkonsiz bo‘lib qolsa, vaqfnoma shartiga ko‘ra, ajratilgan ko‘chmas mulklarning barcha daromadlari abadiy ravishda Samarqanddagi beva-bechora va kambag‘al qatlam ehtiyojlariga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.
Manbashunos olimlarning qayd etishicha, faqih Burhoniddin Mahmudning “Muhit al-Burhoniy” asari tarkibida saqlanib qolgan mazkur vaqf hujjatlari XI asrda Turonda shaharsozlik madaniyati, ijtimoiy institutlarni barqaror moliyalashtirish va tibbiy yordam tizimi yuqori darajada bo‘lganidan dalolat beruvchi muhim tarixiy yodgorlikdir. Ibrohim Tamg‘achxonning bu xayrli amali o‘zbek davlatchiligi tarixida ijtimoiy adolat va fuqarolar muhofazasi bosh mezon bo‘lganini namoyon etadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA