Ko'p bolalar dangasa bo'lishadi. Ayniqsa uy vazifalarini tayyorlashga kelganda o'zlarini uyoq-buyoqqa tashlab kunni kech qilishadi. Shu sabab otam bizni qattiq nazorat qilardilar. Ishdan qaytishlarida qo'llari biz yoqtiradigan shirinliklar bilan to'la bo'lardi. Lekin ularni ichimizdan faqatgina vazifalarini tayyorlab bo'lganlarimizga berardilar. Agar kim uy vazifalarini oxirigacha bajarmagan bo'lsa yoki Qur'ondan darsini yod olmagan bo'lsa, shirinlikdan quruq qolardi. Agar uyqu vaqtigacha tayyorlab ulgursa, dadam shirinliklardan olishga ruxsat berardilar.
Lekin e'tiborli jihati shundaki, dadam bizning daftar, kitob yoki kundaliklarimizni qo'llariga olib tekshirmasdilar. “Tayyorlab bo'ldik” degan gapimizga ishonib shirinliklardan istaganimizcha beraverardilar. Ammo har safar shirinliklardan qo'limizga hovuchlab tutqaza turib “Bilaman sizlar meni aldamaysizlar, chunki meni aldasanglar ham Alloh ko'rib turibdi, rostdan ham darslaringiz tayyormi yoki yo'qmi, Alloh biladi” deb qo'yardilar.
Bizga bu gaplari jiddiy ta'sir qilardi. Bir-ikki marta vazifalarimni chala tayyorlab shirinliklardan olganman. Keyin ko'nglim rosa xijil bo'lib yurgan. Shuning uchun darsimizni to'liq bajarganimizga ishonchimiz komil bo'lmaguncha dadamning oldilariga bormasdik. Chunki biz Alloh bizni kuzatib turganini, rost gapirsak ham, yolg'on gapirsak ham Allohdan hech narsani yashira olmasligimizni bilardik.
Oddiy uy vazifalarida odatlangan ishimiz keyinchalik boshqa ishlarimizda ham rioya qilinadigan xislatga aylandi. Biror ishni hali aytilganidek qilib ulgurmagan bo'lsak, qilmadik derdik, tamom. Har xil vaj-karsonlar ko'rsatib vaziyatdan chiqishga urinish odati yo'q edi bizda. Insonda bolalikdan “Alloh ko'rib turibdi, Alloh bilib turibdi” degan e'tiqod shakllansa, bu narsa uni ko'plab yomonliklardan, nafsiga qul bo'lishdan saqlab qolar ekan.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari