Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

“Qaza'” nima ekanini bilasizmi?

26.03.2022   17117   5 min.
“Qaza'” nima ekanini bilasizmi?

 Hadis sharhi

 

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qaza'dan qaytardilar. Men Nofe'ga: “Qaza' nima?” dedim. U: “Yosh bola boshi (sochining)ning bir qismini olib, bir qismini qoldirish”, dedi» (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummatni qaza'dan, ya'ni sochning ba'zisini olib, ba'zisini qoldirishdan qaytardilar. Abu Dovud “Sunan”ida: “Sochning hammasi olinadi, undan biror narsa tark qilinmaydi. Ba'zisi qisqartirilib, ba'zilari qoldirilmaydi. Sochni qaza' ko'rinishida olish tabiiy xilqatni o'zgartirish hisoblanadi. Bu qaytarigan amaldir”, degan.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan qilingan boshqa rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga bir bola keltiriladi. Uning boshidagi ba'zi sochlari olingan, ba'zilari esa olinmagan edi. Shunda Rasululloh: “Soch olsangizlar, barchasini olinglar yoki tark qilsangizlar, barchasini tark qilinglar”, dedilar.

Agar zarurat bo'lmasa, qizlarning kichigini ham, kattasini ham sochi qirib olinmaydi. Boshda jarohat bo'lib, davolash uchun soch olsa, zarari yo'q. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hijomaga ehtiyoj sezdilar va ehromdaliklarida sochini oldirdilar.

«Ibn Umar roziyallohu anhumo: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qaza'dan qaytarganlarini eshitdim”, dedi. “Qaza' nima?”, dedim.  Ubaydulloh bizga ishora qilib: “Agar bolaning sochini qirib olsangizlar ba'zi joylarini olib, ba'zi joylarini qoldirmanglar yoki boshning ikki yoni va old tomonini qoldirmanglar”, dedi.

Hazrat Ali roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ayollarning sochini qirib olishdan qaytarganlar”, dedi. Barcha hadislarda qaza' va uning kayfiyati, Alloh taolo erkaklarni undan qaytargani, sochlarni qirib olishi kerakligi haqida gapirdik. Bu masala atroflicha izohlandi. Ammo bu qaytariq ayollarga tegishli emas. Chunki  ayollarga sochni qirib olish vojib emas. Sababi, soch ayollarga husn va ziynat qilib berilgan.

Soch – ayollar ziynatlanishida eng muhim narsa. Ayollar erlari uchun sochlarini asraydilar va turmaklab ziynatlanishadi.

To'rt mazhab ulamolari qaza' turli joylarda bo'lsa, makruh ekaniga ijmo qilganlar. Agar davolanish va shu kabi narsalar bo'lsa, joiz. Qaza'ning haromligiga kelsak, agar biror kishi u ishni o'zga dindagilarga yoki fosiqlarga taqlidan qilsa, harom bo'ladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir qavmga taqlid qilsa, u ulardandir”, deganlar.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir qavmga taqlid qilsa, u ulardandir. Ya'ni,tashqi ko'rinishda, kiyinishda, ba'zi amallarda ko'rinadi”, dedilar».

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo'lgan haq (Qur'on)ga moyil bo'lish (vaqti) kelmadimi?! (Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so'ngra (payg'ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo'lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ularning ko'pi fosiq (itoatsiz)dirlar!” (Hadid surasi, 16-oyat).

Ibn Kasir rahimahulloh tafsirida bunday deyiladi: «...(Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so'ngra (payg'ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo'lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?!..” Bu oyat asliy va far'iy masalalarda ahli kitoblarga o'xshashdan qaytarilganiga ishoradir».

Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Ummatim to o'zlaridan avvalgi zamonlardagilarga qarichma-qarich, ziro'ma-ziro ergashmagunlaricha Qiyomat qoim bo'lmaydi. Hatto ular zobbning uyasiga kirgan bo'lishsa, sizlar ham xuddi shunday unga kirasizlar”. “Yo Rasululloh, forslar va rumlarga o'xshabmi?” dedik. U zot: “Ular bo'lmay kim bo'lsin?!” dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Manbalar asosida

Dilfuza RAHIMOVA

tayyorladi.

 

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Buxoro: sharafli o‘tmishdan buyuk istiqbol sari" nomli yangi kitob-albom nashr etildi

07.09.2026   33271   1 min.

Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi, dots.nt Azalshoh Hamroyev hammuallifligida «Buxoro: sharafli o‘tmishdan buyuk istiqbol sari» nomli salmoqli kitob-albom chop etildi.


Turkiyaning Istanbul shahridagi nufuzli «Mega basim» nashriyotida yuqori poligrafik sifatda chop etilgan ushbu 384 betlik asar o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan.


Kitob-albomda Islom sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan ko‘hna Buxoroi Sharifning uch ming yillik shonli tarixi, boy ma’naviy-madaniy merosi, shuningdek, buyuk allomalar yurtidagi muqaddas qadamjolarning o‘rni alohida e’tirof etilgan.


Shu bilan birga, nashrda Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari va ijtimoiy taraqqiyot yuqori sifatli suratlar, aniq ma’lumotlar hamda ilmiy asoslangan matnlar orqali ochib berilgan.


Mazkur nashr nafaqat tarixiy va ma’rifiy merosni o‘rganishda qimmatli manba, balki yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va ma’naviy yuksalishning yorqin ko‘zgusi bo‘lib xizmat qiladi.


Yangi kitob-albom ma’rifatparvar xalqimiz va kitobxonlarga muborak bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari