Shayx Mahir al-Muayqiliy 1969 yil 7 yanvarda Madina shahrida tug'ilgan. U arablarning Yanbu urug'iga mansub bo'lib, uning onasi Pokiston muhojirlaridan bo'lgan.
Shayx Muayqiliy talabalik davrida matematika fanining ishqibozi bo'ldi va tez orada shu sohada oliy ta'limni tugatib, matematika fanidan dars bera boshladi. Matematikadan dars berish bilan birga u Makka shahriga boradi va u erda o'zining etuk qorilik martabasiga erishish borasidagi intilishini boshlaydi.
Shuningdek, u Makka va Madina shaharlaridagi turli xil masjidlarda imom bo'lib ishladi. Ramazon oyi taroveh ibodatlarida unga ergashadigan va uning tilovatlarini tinglashni xohlaydigan insonlar ko'payib borardi.
Tez orada u Madina shahrida juda mashhur bo'lib ketdi va Makka shahrida shahzoda Abdulmajidga maslahatchi lavozimiga tayinlandi.
Shundan keyin u tezda o'zining avvalgi kasbini tashlab, Makka shahrida Podshoh Abdulloh As-Saud universitetida dars berishni boshlaydi.
Keyin u 2005-2006 (hijriy 1426-1427) yillarda Madina shahridagi “Masjid an-Nabaviy” da imom-xatib lavozimida faoliyat ko'rsatdi.
1427 hijriy -2006 yilgi Ramazon oyidan keyin uning betakror ovozi Makka va Madina shaharlarida juda mashhur bo'lib ketdi. Ayni paytda u eng katta ishlarni amalga oshirishni boshladi.
Keyinroq esa Makkadagi “Ummul Qurro'” universitetida ilmiy ishini boshladi va shu erda 2012 yilda o'zining doktorlik ishini yakunladi. 2007 yilda (h.1428) Mahir al-Muayqiliy Madinadagi “Masjid an-Nabaviy” da imom etib tayinlandi. Shundan so'ng u tez orada Makkadagi “Masjidul Harom”ning ham imom-xatibi etib tayinlandi.
Shayx Muayqiliy taroveh namozlarida shayx Abdurrohman as-Sudays bilan birga (2008 yilgacha), keyinroq shayx Abdulloh al-Juhaniy (2014 yilgacha) bilan birga imomlik qildi.
2016 yildagi Ramazon tarovehida shayx Holid al-G'omidiy va Shayx al-Juhaniy bilan yonma-yon namozlarda imomlikka o'tdi.
Shayx Mahir al-Muayqiliy 2016 yilning 15 iyulida Makkadagi “Masjidul Harom” da ilk juma xutbasini o'qidi.
2016 yil (h.1437) yilga kelib u Podshoh Salmon ibn Abdulaziz buyrug'iga binoan podshohlikka tegishli bo'lgan “Masjidul Harom”ning etakchi imomlaridan etib tayinlandi.
Shayx Mahir al-Muayqiliy oilali, uning 4 nafar farzandi bor.
Internet materiallari asosida Halqaro
aloqalar bo'limi xodimi I.Ahmedov tayyorladi.
Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.
Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.
Ibrohimjon Rustamov:
– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.
Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.
Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.
Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.
Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.
Qurbonali Aripov:
— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.
Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.
Tolibjon O‘rmonov:
— Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.
Muborakxon Inomova:
— Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.
Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!
Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi