Yaqinda Makkada Qur'oni karim ko'rgazmasi ochildi. U Saudiya Arabistoni islom ishlari vazirligi, Ko'rgazma va konferentsiyalar bosh kotibiyati tomonidan tashkil etildi. 14 kunlik tadbir Madinadagi Qur'oni karimni chop etish bo'yicha Shoh Fahd majmuasi bilan hamkorlikda o'tkazilmoqda.
Vazirlikning Makkadagi bo'linmasi bosh direktori Salim bin Haj Al-Hamri ushbu ko'rgazma dunyodagi eng yirik Qur'on bosma majmuasini yaratish borasidagi sa'y-harakatlardan biri bo'lishini aytdi.
Uning ta'kidlashicha, majmua yaratilganidan beri kitob nashr etish 345 million nusxasidan oshdi. So'nggi yillarda ishlab chiqarish qariyb 8 million nusxani tashkil etgan bo'lsa, hozirda Qirol Salmon ko'magida Qur'oni karimning nashr etilishi yiliga 20 million nusxaga etdi.
Ko'rgazmada Qur'onni chop etish va nashr etish jarayoni namoyish etilib, murakkab va zamonaviy texnologiyalar, eski qo'lyozmalari to'plami ham taqdim etilmoqda. Bularning barchasi musulmonlarni Qur'oni karimga yaqinlashtirish maqsadida qilinmoqda, deb yozmoqda islam.ru .
Muqaddas Qur'onni chop etish bo'yicha Qirol Fahd majmuasi 1985 yilda Islomiy bosma va audio nashrlarni ishlab chiqarish va tarqatish uchun tashkil etilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasida aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bevosita hamda masofaviy tarzda ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib, fuqarolarning murojaatlariga yuksak hurmat bilan qarash va ularning dardiga oqilona yechim topish har bir rahbar hamda xodimning nafaqat vazifasi, balki oliy insoniy burchi ekanini alohida ta’kidladi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining mas’ul vakillari – Davlat tashkilotlari tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish sho‘basi bosh inspektori Saidakmal Xodjayev hamda sho‘ba yetakchi inspektori Rashid Kurganov ishtirok etib, tizimdagi holatni qonunchilik talablari asosida atroflicha tahlil qilib berdilar.
Soha mas’ul mutaxassislari tomonidan ayni yo‘nalishdagi Prezident Farmoni ijrosi doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik va tezkorlikni ta’minlash, jarayon shaffofligini oshirish hamda murojaatlarni nazoratdan olishning mexanizmlarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbir tizim xodimlarining murojaatlar bilan ishlash madaniyati va huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Amaliy tahlillarga boy bo‘lgan ushbu seminar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish hamda xalqimizning diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi muhim va tizimli qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati