Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

18.03.2022 y. Yoshlik – umr bahori

16.03.2022   6350   17 min.
18.03.2022 y. Yoshlik – umr bahori

 بسم الله الرحمن الرحيم

Yoshlik – umr bahori

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, o'spirinlik vaqti insonning fe'l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo'lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat qaratmoq lozim. Albatta bunda avvalo ota-onaning, ustozning va jamiyatning mas'uliyati katta. Alloh taolo Qur'oni karimning “Tahrim” surasi 6-oyatida shunday buyuradi: 

 يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

ya'ni:Ey, imon keltirganlar! O'zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg'isi odamlar va toshlar bo'lmish do'zaxdan saqlangizki, unda dag'al va qattiqqo'l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)”.

Hazrati Umar raziyallohu anhu ushbu oyat nozil bo'lgandan so'ng suyukli Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamdan: “Yo, Rasululloh, o'z nafsimizni-ku saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?”, – deb so'ragan ekanlar. Shunda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo'lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar. Ana o'sha ularni o'tdan saqlash bo'ladi”, deb javob berganlar.

Yoshlarni, farzandlarimizni go'daklik chog'idan, avvalo, ularga Yaratgan Zotni tanitish va ularni imon-e'tiqodli, diniga, Vataniga xizmat qiladigan komil inson bo'lib etishishlariga jiddiy ahamiyat berish lozim.

Inson yoshligidan imon-e'tiqodli hamda taqvoli bo'lsa, uning bu dunyosini ham, oxiratini ham Alloh taolo barakotli qilib qo'yadi. Alloh taolo o'zining muborak Kalomida shunday marhamat qilgan:

 وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا * وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ (سورة الطلاق/2-3)

ya'ni: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo'lini (paydo) qilur.Yana, uni o'zi o'ylamagan joydan rizqlantirur” (Taloq surasi 2-3 oyatlar).

Hadisi shariflarda kelishicha, Qiyomat kunida odamlar o'zlarini himoya qiladigan yoki quyosh issig'idan pana qilib turadigan joy axtarib qoladilar. U kunda Alloh taoloning Arshining soyasidan boshqa soya bo'lmaydi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam etti toifa kishi Arshning soyasida bo'lishini aytib, shular jumlasida:

 وَشَابٌّ نَشَأَ فِى عِبَادَةِ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ (رَوَاهُ الإمام الْبُخَارِىُّ)﴿

ya'ni: “Allohning toati-ibodatida ulg'aygan yigit (Arshning soyasidan boshqa hech qanday soya bo'lmaydigan kunda soyalantiriladi),” – deya marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).  

Odatda keksa odamda o'lim xavotiri bo'ladi. Ulardagi istaklar yoshlarnikidek bo'lmaydi. Ammo yoshlarda istaklar kuchli, orzu havaslar ko'p, kuch-quvvat etarli, yumushlari bisyor bo'lishi barobarida, ularni yo'ldan uruvchi narsalar ham ko'p bo'ladi. Ular o'zlaridagi gunoh, hoyu havaslar istagini engib, ibodatga uringanlari, namozlarini o'z vaqtida ado etishga bel bog'laganlari uchun Qiyomat kuni Allohning Arshi soyasidan joy oladilar.

Muhtaram jamoat!Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo'lib kamolga etishlariga uyda ota-onalar, o'quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O'g'il-qizlarimizni ilm-ma'rifatga oshno qilishdan hech kimchetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, – deb bejizga aytmagan.

Ibn Abbos raziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib shunday deganlar:

"ما آتى الله عزّ وجلّ عبدًا علمًا إلاّ شابًّا، والخيرُ كلُّه في الشّباب"، ثمّ تلا قوله عزّ وجلّ: "قَالُوا سَمِعْنَا فَتًى يَذْكُرُهُمْ يُقَالُ لَهُ إِبْرَاهِيمُ"، وقوله تعالى: "إِنَّهُمْ فِتْيَةٌ آمَنُوا بِرَبِّهِمْ وَزِدْنَاهُمْ هُدًى" وقوله تعالى: "وَآَتَيْنَاهُ الْحُكْمَ صَبِيًّا"

 ya'ni: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo'lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo'ladi”, – dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi 60-oyat).

Boshqa oyatda shunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi 13-oyat).

 Boshqa oyatda shunday deydi: “Unga go'daklik chog'idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat). 

Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o'yin-kulgi va bekorchi mashg'ulotlar bilan ovora bo'lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuter o'yingohlarida o'tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo'lgach o'qir”, – deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo'ladi. O'sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.

So'zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug'bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur'oni karimni to'liq yod olishgan. Bundan tashqari tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o'zlashtirishgan. O'n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo'ladigan barcha ilmlarni mukammal o'rganib, mashhur olim darajasiga ko'tarilgan.

Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo'naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki:

مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا

ya'ni: “Kim yoshlik chog'ida ilm olmasa, katta bo'lganida yuksalmaydi.

Tarixdan bizga ma'lumki, qanchadan-qancha ulug'larimiz, buyuk ajdodlarimiz yosh yigitlik davrida butun bir qo'shinni yoki katta bir saltanatni boshqara olgan. Masalan, Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu Rim imperiyasiga qarshi bo'lgan jangda Payg'ambarimiz alayhissalom tomonlaridan qo'shinga boshliq etib ta'yinlanganlar. O'shanda u zotning yoshlari 18 ga ham to'lmagan edi. Ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur 12 yoshida otasi o'rniga Farg'ona ulusining hokimi bo'lgan va yosh bo'lishiga qaramay ko'plab siyosiy islohotlar qila olgan. Amir Temurning  uchinchi farzandi Mironshoh Mirzo esa 14 yoshida Huroson hokimi bo'lgan. Yoki 1453 yili may oyida Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh Qustantiniyaning fath qilganda 23 yoshda edi...

Ajdodlarimizning ilm-fan, kashfiyotlar, she'riyat va adabiyotda erishgan yutuqlariga to'xtalsak, bu mavzuda alohida kitob yozish mumkin. Birgina ajdodimiz Mir Alisher Navoiy hazratlarini olsak, U zot 7 yoshida Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yoddan bilganlar va buyuk muhaddisimiz Imom Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod olganlar. 7-8 yoshlaridan boshlab g'azallar yoza boshlab, o'n besh-o'n olti yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilganlar. Alisher Navoiy o'smirlik yillarida o'zlari sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq she'rlarini yod bilganlar. Tarixdan bu kabi misollarni juda ko'p keltirishimiz mumkin. Hozirda yoshlarimiz ham yoshlik davrlarida o'z ustilarida ishlamasa, o'zlarining vaqt va iqtidorlarini foydali ilm va mashg'ulotlarga sarflashmasa, ertaga kech bo'ladi. Zero millatimizning kelajagi yoshlar hisoblanadi.

Hozirda yurtimizda ilm olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yoshlarga, ayniqsa ularning zamonaviy bilim olishiga, e'tibor kuchaydi. O'tgan so'ngi to'rt yil vaqt mobaynida yosh avlod kamolotiga qaratilgan ellikdan ortiq huquqiy hujjat, jumladan, to'rtta qonun, o'ttizdan ortiq Prezident farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining qirqdan ziyod qarori qabul qilindi. Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Muhtaram jamoat! Hozirgi yoshlarimizni imkon qadar chet tillarini, ayniqsa, g'arb va sharq tillarini mukammal bilishlariga ahamiyat berishimiz darkor. Zayd ibn Sobit raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam menga: “Suryoniy (yahudiy tili)ni bilasanmi? Menga ulardan maktublar keladi”– dedilar. Men: “Yo'q”, degan edim,“o'rganing!, deb buyurdilar. Men o'sha tilni o'n etti kunda o'rgandim. Yahudiylardan maktublar kelsa, uni o'qib berar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga maktub yubormoqchi bo'lsalar, men yozib jo'natar edim”.

Boshqa rivoyatlarda kelishicha, o'shanda Zayd ibn Sobit raziyallohu anhuning yoshlari 16 da bo'lgan. Ulkan himmat bilan qisqa muddatda o'zga tilni mukammal o'rganishga muvaffaq bo'lganlar. 

Bizlar uchun namuna hisoblangan saodat asri kishilari o'z davrlarining har sohada peshqadami bo'lganlar. Biz ham farzandlarimizni iqtidoriga qarab o'zining zamonasidagi ilmlarni o'rgatishimiz lozim va yoshlarimizni zamonasining oldi yoshlari qilib tarbiyalashimiz zarur.

Muhtaram jamoat! Yoshlar tarbiyasida ilm bilan husni xulq – insondagi barcha fazilatlarning eng oliy va afzalidur. Chunki husni xulq egasidan doimo yaxshilik  kutiladi: o'ziga, oilasiga, jamiyatga, balki butun atrof muhitga undan faqat manfaat etadi. Shuning uchun farzandlarimizni  yomon xulq, buzuq g'oyalardan fikrini toza, musaffo qilmog'imiz darkor. Hadisi shariflardan birida:

مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ (رواه الإمام الترمذي)﴿

ya'ni: “Ota farzandiga go'zal odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deyilgan (Imom Termiziy rivoyatlari).

Muhtaram azizlar! Umrning qadriga etishlik, xususan yoshlik davrini g'animat bilish nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham insonni ulkan mas'uliyatdan xalos qiladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom o'zlarining hadisi shariflarida shunday deganlar:

 ﴾لا تَزُولُ قَدِمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعِ خِصَالٍ: عَنْ عُمُرُهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ شَبَابِهِ فِيمَا أَبْلاهُ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ وَعَنْ عَلِمهِ مَاذَا عَمِلَ فِيهِ﴿ 

ya'ni:“Banda Qiyomat kuni to'rt narsadan so'ralmagunicha qadamlari siljimaydi: umridan – uni nima bilan o'tkazgani; yoshlik davridan – uni nima bilan mashg'ul qilgani; mol-dunyosidan – uni qay yo'sinda topgani va qaysi yo'ldi sarflagani; ilmidan – unga qanday amal qilgani”.

Demak, Qiyomat kuni eng birinchi so'ralishi kerak bo'lgan to'rt narsadan ikkitasi vaqt xususida ekan. Shuning uchun ham sahoba va tobeinlar vaqtlarining qadriga etishgan. Hasan Basriy rahimahulloh: “Shunday zotlar bor ediki, ular o'z vaqtlariga sizlar dirham-dinorlaringizga haris bo'lganingizdan ham ko'ra qattiqroq haris edilar”, deganlar.

Muhtaram azizlar! Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo'linishi ko'paygan paytda yoshlar o'z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo'ladi. Tobeinlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga shunday nasihat qilar ekanlar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasulullohning hadislarini kimdan ta'lim olayotganlarizga e'tiborli bo'linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”

Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o'rganaman, ilm olaman yoki hadis o'rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar'iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo'lgan, zamonasining ulamolari e'tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit  bo'lgan ulamolardan olinadi. 

Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o'spirin yigitning sunnat sohibi bo'lgan kishini do'st tutib, undan ilm olishi Allohning ne'matidir”, – deganlar.

Ayniqsa, internetda, ijtimoiy tarmoqlarida yoki xorijga borganda, bemazhablik yoki Islom ulamolari qoralaydigan “Hizbut-tahrir” kabi adashgan oqimlar ta'siriga tushib qolishdan saqlanishlari lozim. Horijdan turib feysbuk yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizni dinsizlikda ayblaydigan soxta da'vatchilar, turli bid'atchi firqalarning makridan ehtiyot bo'lishlari darkor. Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o'sayotganini ko'rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni  bida't ahli bilan o'sib voyaga etayotganini ko'rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o'spirin bola birinchi ta'lim olgan narsasida bo'ladi”.

Alloh taolo millatimiz kelajagi bo'lgan yoshlarimizni to'g'ri yo'ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg'ayishlarini, ilm-ma'rifatda ajdodlariga munosib avlod bo'lishlarini nasib etsin! Omin! 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

05.05.2025   4125   7 min.
O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PF 68-sonli Farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan. Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.

Farmonga asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan. Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.

Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.

Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:

Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.

Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:

O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.

Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.

Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.

Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:

Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.

Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.

Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.

Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

 

MAQOLA