بسم الله الرحمن الرحيم
Yoshlik – umr bahori
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, o'spirinlik vaqti insonning fe'l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo'lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat qaratmoq lozim. Albatta bunda avvalo ota-onaning, ustozning va jamiyatning mas'uliyati katta. Alloh taolo Qur'oni karimning “Tahrim” surasi 6-oyatida shunday buyuradi:
يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! O'zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg'isi odamlar va toshlar bo'lmish do'zaxdan saqlangizki, unda dag'al va qattiqqo'l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)”.
Hazrati Umar raziyallohu anhu ushbu oyat nozil bo'lgandan so'ng suyukli Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamdan: “Yo, Rasululloh, o'z nafsimizni-ku saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?”, – deb so'ragan ekanlar. Shunda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo'lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar. Ana o'sha ularni o'tdan saqlash bo'ladi”, – deb javob berganlar.
Yoshlarni, farzandlarimizni go'daklik chog'idan, avvalo, ularga Yaratgan Zotni tanitish va ularni imon-e'tiqodli, diniga, Vataniga xizmat qiladigan komil inson bo'lib etishishlariga jiddiy ahamiyat berish lozim.
Inson yoshligidan imon-e'tiqodli hamda taqvoli bo'lsa, uning bu dunyosini ham, oxiratini ham Alloh taolo barakotli qilib qo'yadi. Alloh taolo o'zining muborak Kalomida shunday marhamat qilgan:
وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا * وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ (سورة الطلاق/2-3)
ya'ni: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo'lini (paydo) qilur.Yana, uni o'zi o'ylamagan joydan rizqlantirur” (Taloq surasi 2-3 oyatlar).
Hadisi shariflarda kelishicha, Qiyomat kunida odamlar o'zlarini himoya qiladigan yoki quyosh issig'idan pana qilib turadigan joy axtarib qoladilar. U kunda Alloh taoloning Arshining soyasidan boshqa soya bo'lmaydi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam etti toifa kishi Arshning soyasida bo'lishini aytib, shular jumlasida:
وَشَابٌّ نَشَأَ فِى عِبَادَةِ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ ﴾ (رَوَاهُ الإمام الْبُخَارِىُّ)﴿
ya'ni: “Allohning toati-ibodatida ulg'aygan yigit (Arshning soyasidan boshqa hech qanday soya bo'lmaydigan kunda soyalantiriladi),” – deya marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Odatda keksa odamda o'lim xavotiri bo'ladi. Ulardagi istaklar yoshlarnikidek bo'lmaydi. Ammo yoshlarda istaklar kuchli, orzu havaslar ko'p, kuch-quvvat etarli, yumushlari bisyor bo'lishi barobarida, ularni yo'ldan uruvchi narsalar ham ko'p bo'ladi. Ular o'zlaridagi gunoh, hoyu havaslar istagini engib, ibodatga uringanlari, namozlarini o'z vaqtida ado etishga bel bog'laganlari uchun Qiyomat kuni Allohning Arshi soyasidan joy oladilar.
Muhtaram jamoat!Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo'lib kamolga etishlariga uyda ota-onalar, o'quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O'g'il-qizlarimizni ilm-ma'rifatga oshno qilishdan hech kimchetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, – deb bejizga aytmagan.
Ibn Abbos raziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib shunday deganlar:
"ما آتى الله عزّ وجلّ عبدًا علمًا إلاّ شابًّا، والخيرُ كلُّه في الشّباب"، ثمّ تلا قوله عزّ وجلّ: "قَالُوا سَمِعْنَا فَتًى يَذْكُرُهُمْ يُقَالُ لَهُ إِبْرَاهِيمُ"، وقوله تعالى: "إِنَّهُمْ فِتْيَةٌ آمَنُوا بِرَبِّهِمْ وَزِدْنَاهُمْ هُدًى" وقوله تعالى: "وَآَتَيْنَاهُ الْحُكْمَ صَبِيًّا"
ya'ni: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo'lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo'ladi”, – dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi 60-oyat).
Boshqa oyatda shunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi 13-oyat).
Boshqa oyatda shunday deydi: “Unga go'daklik chog'idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat).
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o'yin-kulgi va bekorchi mashg'ulotlar bilan ovora bo'lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuter o'yingohlarida o'tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo'lgach o'qir”, – deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo'ladi. O'sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So'zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug'bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur'oni karimni to'liq yod olishgan. Bundan tashqari tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o'zlashtirishgan. O'n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo'ladigan barcha ilmlarni mukammal o'rganib, mashhur olim darajasiga ko'tarilgan.
Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo'naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki:
مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا
ya'ni: “Kim yoshlik chog'ida ilm olmasa, katta bo'lganida yuksalmaydi”.
Tarixdan bizga ma'lumki, qanchadan-qancha ulug'larimiz, buyuk ajdodlarimiz yosh yigitlik davrida butun bir qo'shinni yoki katta bir saltanatni boshqara olgan. Masalan, Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu Rim imperiyasiga qarshi bo'lgan jangda Payg'ambarimiz alayhissalom tomonlaridan qo'shinga boshliq etib ta'yinlanganlar. O'shanda u zotning yoshlari 18 ga ham to'lmagan edi. Ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur 12 yoshida otasi o'rniga Farg'ona ulusining hokimi bo'lgan va yosh bo'lishiga qaramay ko'plab siyosiy islohotlar qila olgan. Amir Temurning uchinchi farzandi Mironshoh Mirzo esa 14 yoshida Huroson hokimi bo'lgan. Yoki 1453 yili may oyida Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh Qustantiniyaning fath qilganda 23 yoshda edi...
Ajdodlarimizning ilm-fan, kashfiyotlar, she'riyat va adabiyotda erishgan yutuqlariga to'xtalsak, bu mavzuda alohida kitob yozish mumkin. Birgina ajdodimiz Mir Alisher Navoiy hazratlarini olsak, U zot 7 yoshida Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yoddan bilganlar va buyuk muhaddisimiz Imom Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod olganlar. 7-8 yoshlaridan boshlab g'azallar yoza boshlab, o'n besh-o'n olti yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilganlar. Alisher Navoiy o'smirlik yillarida o'zlari sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq she'rlarini yod bilganlar. Tarixdan bu kabi misollarni juda ko'p keltirishimiz mumkin. Hozirda yoshlarimiz ham yoshlik davrlarida o'z ustilarida ishlamasa, o'zlarining vaqt va iqtidorlarini foydali ilm va mashg'ulotlarga sarflashmasa, ertaga kech bo'ladi. Zero millatimizning kelajagi yoshlar hisoblanadi.
Hozirda yurtimizda ilm olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yoshlarga, ayniqsa ularning zamonaviy bilim olishiga, e'tibor kuchaydi. O'tgan so'ngi to'rt yil vaqt mobaynida yosh avlod kamolotiga qaratilgan ellikdan ortiq huquqiy hujjat, jumladan, to'rtta qonun, o'ttizdan ortiq Prezident farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining qirqdan ziyod qarori qabul qilindi. Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Muhtaram jamoat! Hozirgi yoshlarimizni imkon qadar chet tillarini, ayniqsa, g'arb va sharq tillarini mukammal bilishlariga ahamiyat berishimiz darkor. Zayd ibn Sobit raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam menga: “Suryoniy (yahudiy tili)ni bilasanmi? Menga ulardan maktublar keladi”– dedilar. Men: “Yo'q”, – degan edim,“o'rganing!”, – deb buyurdilar. Men o'sha tilni o'n etti kunda o'rgandim. Yahudiylardan maktublar kelsa, uni o'qib berar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga maktub yubormoqchi bo'lsalar, men yozib jo'natar edim”.
Boshqa rivoyatlarda kelishicha, o'shanda Zayd ibn Sobit raziyallohu anhuning yoshlari 16 da bo'lgan. Ulkan himmat bilan qisqa muddatda o'zga tilni mukammal o'rganishga muvaffaq bo'lganlar.
Bizlar uchun namuna hisoblangan saodat asri kishilari o'z davrlarining har sohada peshqadami bo'lganlar. Biz ham farzandlarimizni iqtidoriga qarab o'zining zamonasidagi ilmlarni o'rgatishimiz lozim va yoshlarimizni zamonasining oldi yoshlari qilib tarbiyalashimiz zarur.
Muhtaram jamoat! Yoshlar tarbiyasida ilm bilan husni xulq – insondagi barcha fazilatlarning eng oliy va afzalidur. Chunki husni xulq egasidan doimo yaxshilik kutiladi: o'ziga, oilasiga, jamiyatga, balki butun atrof muhitga undan faqat manfaat etadi. Shuning uchun farzandlarimizni yomon xulq, buzuq g'oyalardan fikrini toza, musaffo qilmog'imiz darkor. Hadisi shariflardan birida:
مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ﴾ (رواه الإمام الترمذي)﴿
ya'ni: “Ota farzandiga go'zal odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deyilgan (Imom Termiziy rivoyatlari).
Muhtaram azizlar! Umrning qadriga etishlik, xususan yoshlik davrini g'animat bilish nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham insonni ulkan mas'uliyatdan xalos qiladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom o'zlarining hadisi shariflarida shunday deganlar:
﴾لا تَزُولُ قَدِمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعِ خِصَالٍ: عَنْ عُمُرُهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ شَبَابِهِ فِيمَا أَبْلاهُ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ وَعَنْ عَلِمهِ مَاذَا عَمِلَ فِيهِ﴿
ya'ni:“Banda Qiyomat kuni to'rt narsadan so'ralmagunicha qadamlari siljimaydi: umridan – uni nima bilan o'tkazgani; yoshlik davridan – uni nima bilan mashg'ul qilgani; mol-dunyosidan – uni qay yo'sinda topgani va qaysi yo'ldi sarflagani; ilmidan – unga qanday amal qilgani”.
Demak, Qiyomat kuni eng birinchi so'ralishi kerak bo'lgan to'rt narsadan ikkitasi vaqt xususida ekan. Shuning uchun ham sahoba va tobeinlar vaqtlarining qadriga etishgan. Hasan Basriy rahimahulloh: “Shunday zotlar bor ediki, ular o'z vaqtlariga sizlar dirham-dinorlaringizga haris bo'lganingizdan ham ko'ra qattiqroq haris edilar”, deganlar.
Muhtaram azizlar! Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo'linishi ko'paygan paytda yoshlar o'z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo'ladi. Tobeinlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga shunday nasihat qilar ekanlar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasulullohning hadislarini kimdan ta'lim olayotganlarizga e'tiborli bo'linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”.
Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o'rganaman, ilm olaman yoki hadis o'rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar'iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo'lgan, zamonasining ulamolari e'tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit bo'lgan ulamolardan olinadi.
Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o'spirin yigitning sunnat sohibi bo'lgan kishini do'st tutib, undan ilm olishi Allohning ne'matidir”, – deganlar.
Ayniqsa, internetda, ijtimoiy tarmoqlarida yoki xorijga borganda, bemazhablik yoki Islom ulamolari qoralaydigan “Hizbut-tahrir” kabi adashgan oqimlar ta'siriga tushib qolishdan saqlanishlari lozim. Horijdan turib feysbuk yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizni dinsizlikda ayblaydigan soxta da'vatchilar, turli bid'atchi firqalarning makridan ehtiyot bo'lishlari darkor. Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o'sayotganini ko'rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni bida't ahli bilan o'sib voyaga etayotganini ko'rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o'spirin bola birinchi ta'lim olgan narsasida bo'ladi”.
Alloh taolo millatimiz kelajagi bo'lgan yoshlarimizni to'g'ri yo'ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg'ayishlarini, ilm-ma'rifatda ajdodlariga munosib avlod bo'lishlarini nasib etsin! Omin!
Bugungi kunda O‘zbekiston ziyorat turizmi sohasida tobora ko‘zga tashlanayotgan yo‘nalishga aylanmoqda, bunda ma’naviy meros, boy tarix va mehmondo‘stlikning noyob uyg‘unligini taqdim etmoqda.
Buyuk allomalar va avliyolar zamini
O‘zbekistonga ziyoratchilarni jalb etadigan eng muhim omillardan biri - bu mashhur islom ulamolari, shayxlar, so‘fiy ustozlar va solih insonlar bilan bog‘liq ko‘plab maqbaralar va ziyoratgohlarning mavjudligidir. Bu yerda buyuk Imom al-Buxoriyning maqbarasi joylashgan. U mashhur “Sahihul Buxoriy” hadislar to‘plamining muallifi bo‘lib, bu asar ahamiyati jihatidan faqat Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadi. Samarqand yaqinida joylashgan uning maqbarasi butun dunyo musulmonlari uchun muhim ziyoratgohga aylangan.
Buxoroda islom olamining ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutgan naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilish mumkin. Uning ta’limoti kundalik hayotda botiniy poklanish va ibodat qilishning ahamiyatini ta’kidlagan bo‘lib, Hindistondan to Yaqin Sharqqacha bo‘lgan musulmonlar tafakkuriga chuqur ta’sir ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Imom at-Termiziy, Imom al-Moturidiy, Imom Marg‘uziy kabi buyuk allomalarning vatanidir. Ularning asarlari diniy falsafa, shariat ilmi va hadisshunoslikning poydevorini tashkil etgan. Bu allomalarning maqbaralarini ziyorat qilish nafaqat ma’naviy ehtirom ko‘rsatish, balki islom ilmining ildizlariga yaqinlashish imkoniyatidir.
Ma’naviy sayohatlar uchun zamonaviy infratuzilma
So‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyati ziyorat turizmini faol rivojlantirib, islom mamlakatlaridan tashrif buyuradigan mehmonlar uchun infratuzilma va sharoitlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Masjid, maqbara, madrasa va boshqa muqaddas joylar asl ko‘rinishini saqlab qolgan holda ta’mirlanmoqda. Ularning atrofida qulay sharoitlar yaratilmoqda: mehmonxonalar, dam olish maskanlari, qulay transport vositalari, arab, ingliz, fors va boshqa tillarda xizmat ko‘rsatuvchi tarjimonlar hamda gidlar ishtirokidagi sayohat dasturlari tashkil etilmoqda.
Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan kelgan ziyoratchilar uchun safar davomidagi barcha diniy va madaniy jihatlarni inobatga olgan holda maxsus ziyorat dasturlari tashkil etiladi. O‘zbekiston nafaqat oddiy sayohat qilinadigan mamlakat, balki har bir mo‘min-musulmon ehtirom va tarixiy vorislik ruhini his eta oladigan haqiqiy ma’naviy tiklanish markaziga aylanmoqda.
Madaniy va diniy boyliklar
O‘zbekistonga ziyorat qilishning o‘ziga xos jihatlaridan biri islom sivilizatsiyasining madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatidir. Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Poi Kalon majmuasi, Xivadagi Ichan-qal’a kabi me’moriy ansambllar o‘zining ulug‘vorligi va ma’naviy teranligi bilan kishini hayratga soladi. Bu yodgorliklar arab xattotligi, geometrik naqshlar, gumbazli me’morchilik va Sharq falsafasi uyg‘unlashgan boy islom san’atining yorqin namunasidir.
Bu yerga ziyorat qilish nafaqat diniy sayohat, balki Samarqand va Buxoro o‘z ahamiyati jihatidan Bag‘dod, Qohira va Qurtuba bilan teng bo‘lgan Islomning Oltin davri tarixiga madaniy cho‘mish hisoblanadi.
O‘zbekiston - Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik
O‘zbekiston tarixan sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan. Bu xususiyat ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali madaniyatning rivojlanishiga turtki bo‘ldi, bu yerda islom nafaqat din, balki sivilizatsiya birligining asosiga aylandi. Bugungi kunda respublika Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy va ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarishni davom ettirmoqda.
Bu, ayniqsa, haqiqiy ma’naviy qadriyatlarga, hayot ma’nosi va ichki muvozanatni izlashga qiziqish ortib borayotgan zamonaviy dunyoda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston o‘z mehmonlariga aynan shunday yo‘lni - mehr va hurmat bilan saqlanib kelinayotgan buyuk islomiy meros bilan tanishish orqali ildizlarga, haqiqatga, Allohga erishish yo‘lini taklif etadi.
Arab mamlakatlaridan kelgan musulmonlar uchun O‘zbekistonga qilgan safar shunchaki sayohat emas, balki haqiqiy ma’naviy kashfiyotga aylanishi mumkin. Bu islom tarixining kam ma’lum, biroq ulug‘vor joylarini o‘zlari uchun kashf etish, mahalliy aholi bilan muloqot qilish, qardoshlik, birdamlik va islomiy hamjihatlik muhitiga sho‘ng‘ish imkoniyatidir.
O‘zbekiston nafaqat islomiy merosni saqlab qolmoqda, balki uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqda, odamlarni ma’naviyatni izlashga, tarixni hurmat qilishga va musulmon xalqlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini mustahkamlashga ilhomlantirib kelmoqda.
Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA